O‘zbekistonliklar kamroq avtokredit olmoqda

Бугун 17:152 дақиқа

Yil boshidan beri aholi olgan kreditlar o‘sgan bo‘lsada, avtokreditlar kamaydi. Biznes uchun kreditlar aholinikidan ham tezroq o‘smoqda.

O‘zbekistonliklar kamroq avtokredit olmoqda

Markaziy bank 2026-yil 1-aprel holatiga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlar qoldig‘i to‘g‘risida ma’lumot berdi

Unga ko‘ra, yil boshidan beri aholiga berilgan kreditlar qoldig‘i 3,1 foizga ko‘payib, 227,1 trln so‘mga yetgan. Bunda avtokreditlardan boshqa barcha kreditlarda o‘sish kuzatilgan. 

Banklardagi aholining avtokreditlari qoldig‘i 1-yanvarga nisbatan 0,4 foizga pasayib, 39,56 trln so‘mgacha tushgan. Boshqa kreditlarda holat quyidagicha: 

Ipoteka kreditlari — 82,1 trln so‘m (+3,4 foiz

Mikroqarzlar — 49,6 trln so‘m (+1,5 foiz)

Mikrokreditlar — 43,2 trln so‘m(+6,8 foiz)

Ta’lim kreditlari — 6,9 trln so‘m (+0,1 foiz)

Iste’mol kreditlari, 503 mrld so‘m (+2,4 foiz)

Boshqa kreditlar (kredit karta va overdraftlar) — 5,1 trln so‘m (+15,4 foiz)

Biznesni kreditlash aholidan tezroq o‘smoqda

I chorakda yuridik shaxslar uchun ajratilgan kreditlar qoldig‘i 3,3 foizga o‘sib, 396,2 trln so‘mga yetdi. 

Bunda mikrokreditlar va sindisiyalashtirilgan (banklar birgalikda beradigan) kreditlar miqdori mos ravishda 8,8 foiz va 5,6 foizga pasaydi. 

Tadbirkorlar uchun mikrokreditlar qoldig‘i o‘tgan oyning o‘zidayoq qariyb 2 trln so‘mga kamayib ketdi. Biznes vakillari boshqa turdagi kreditlari o‘sishda davom etmoqda. 

Avtokreditlar nega kamaymoqda? 

Banklarda avtokredit ajratish 2023-yildan keyin kamayishni boshladi. Bunga Markaziy bank tomonidan kiritilgan cheklovlar sabab bo‘ldi. 

Regulyator risklarni oldini olish maqsadida banklarning kredit portfeliga avtokreditlar uchun 25 foizlik cheklov joriy qilgandi. 

Natijada avtokredit ajratish pasayishni boshladi va bu ikkilamchi bozordagi avtomobil narxlariga ham ta’sir qildi — 17-18 ming dollar sotilgan Cobalt narxlari bozorda 10-11 ming dollargacha tushib ketdi. 

2023 yilda aholi uchun eng ommabop kredit avtokredit bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib ularning o‘rnini mikroqarzlar egalladi. 

Biroq, yaqin yillarda mikroqarzlar uchun banklarning kredit portfeliga 25 foizlik cheklov joriy qilinishi kutilyapti. 

Shu sababli yangi tartibga banklar allaqachon moslashishni boshlab yuborgan. Bu bir tomondan mikroqarzlar foizini pasaytirayotgan bo‘lsa, boshqa tomondan ularni olish imkoniyatini qiyinlashtirmoqda. 

Теглар

Мавзуга оид