Logo

O‘zbekistonliklar Qirg‘izistonda 15 kungacha ro‘yxatdan o‘tmasdan yurishi mumkin bo‘ldi

Tegishli protokol Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov o‘rtasidagi muzokaralar yakunida imzolandi.

O‘zbekistonliklar Qirg‘izistonda 15 kungacha ro‘yxatdan o‘tmasdan yurishi mumkin bo‘ldi © Foto: president.uz

O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolarining ikki mamlakat hududida bo‘lish tartibini soddalashtirishga kelishib oldi.

Endi ikki mamlakat fuqarolari davlat chegarasini kesib o‘tganidan so‘ng 15 kun davomida doimiy yoki vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tmasdan yashashi mumkin bo‘ladi.

Tegishli protokol 30-iyul kuni prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov o‘rtasidagi muzokaralar yakunida imzolangan.


Ro‘yxatdan o‘tish muddati uzaytirildi

Qayd etilishicha, protokolning asosiy maqsadi ikki davlat fuqarolarining o‘zaro safarlari tartibini liberallashtirish va qabul qiluvchi mamlakat hududida bo‘lish qoidalarini soddalashtirishdan iborat.

Hujjatga muvofiq, O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari davlat chegarasini kesib o‘tganidan keyin 15 kun mobaynida qabul qiluvchi mamlakatning vakolatli organlarida doimiy yoki vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tishi shart bo‘lmaydi.

Bu o‘zgarish amaldagi tartibni sezilarli darajada yengillashtiradi. Chunki hozirgacha Qirg‘iziston qonunchiligiga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari mamlakatga kirganidan keyin besh kun ichida ichki ishlar organlarida ro‘yxatdan o‘tishi lozim bo‘lgan.

O‘zbekiston prezidenti Qirg‘izistonga bordi

Bugun, 30-iyul kuni, Qirg‘iziston va O‘zbekiston prezidentlari Sadir Japarov va Shavkat Mirziyoyev Cho‘lponota shahrida yakkama-yakka va kengaytirilgan muzokaralar o‘tkazdi.

Uchrashuvdan ma’lum bo‘lishicha, o‘zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish vazifasidan kelib chiqib, yaqin fursatda import o‘rnini faol bosish asosida o‘zaro mahsulot yetkazib berish hajmlarini oshirish choralari ko‘riladi. Shuningdek, ikki davlat poytaxtlarida savdo uylari va vakolatxonalari ochiladi.

Shuningdek, Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahridagi «Ruh Ordo» madaniyat markazida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni I darajali «Manas» ordeni bilan taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.

Теглар

Мавзуга оид