Logo

O‘zbekistonning oltin zaxiralari bir yilda 73,1 tonnaga oshib, tarixiy rekord yangiladi

2026-yilning yanvar–iyul oylarida O‘zbekiston Markaziy banki 40 tonna oltin xarid qilgan.

O‘zbekistonning oltin zaxiralari bir yilda 73,1 tonnaga oshib, tarixiy rekord yangiladi © Bloomberg

2026-yil 1-sentabr holatiga O‘zbekistonning sof oltin zaxiralari 14,1 million unsiya yoki 438,8 tonnani tashkil qildi. Bu bir yil avvalgi 365,8 tonnadan 73,1 tonnaga yoki 20 foizga ko‘p.

photo_2026-09-11_12-15-50


2025-yil oktabrida zaxira 361,4 tonnagacha tushgan bo‘lsa, shundan keyin asosan o‘sish kuzatilgan. 2026 yil boshida 390,3 tonna bo‘lgan zaxira sentabrga kelib 48,5 tonnaga oshib, 438,8 tonnaga yetdi.

Yil boshidan beri qayd etilgan 48,5 tonnalik o‘sishning asosiy qismi — 40 tonnasini O‘zbekiston Markaziy banki faqatgina dastlabki yetti oy ichida xarid qilgan. Ushbu faollik natijasida O‘zbekiston oltin sotib oluvchi markaziy banklar o‘rtasida jahonda Polsha va Xitoydan so‘ng kuchli uchlikka kirgan.

Ayni paytda, O‘zbekistonda oltin asosan «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» va «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» tomonidan qazib olinadi. Markaziy bank esa mamlakatda qazib olingan oltinni xarid qilish bo‘yicha yagona xaridor va eksklyuziv huquq egasi hisoblanadi.

Oltinning qiymati ham oshgan

1-sentabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin zaxiralari qiymati bir oyning o‘zida qariyb 16 foizga oshib, 64,9 milliard dollarga baholangan. Bu ko‘rsatkichning o‘sishida nafaqat zaxira hajmining ko‘payishi, balki jahon bozorida oltin narxining oshishi ham muhim rol o‘ynagan.

Avgust oyi boshida bir troy unsiya oltinning narxi qariyb 4 ming dollar atrofida bo‘lgan. 5-avgust kuni esa kotirovkalar eng yuqori nuqtasiga chiqib, bir unsiya uchun 4,7 ming dollarga yaqinlashgan.

Oy oxiriga kelib oltin bozorida biroz pasayish kuzatilib, narx 4 450 dollar atrofida shakllangan.

Теглар

Мавзуга оид