O‘zgargan renovatsiya qonuni, bahsli ochiqlik indeksi va qisqargan o‘qituvchi imtiyozlari «AVVAL IQTISOD...» #14
Iqtisodchi Otabek Bakirov bilan iqtisodiy tahliliy ko‘rsatuvning navbatdagi sonida bond omborlari, renovatsiya qonuni, energotariflar va ochiqlik masalalari hamda boshqa mavzular tahlil qilindi.
«Avval iqtisod» dasturining navbatdagi sonida mamlakat iqtisodiyotidagi dolzarb mavzular muhokama qilindi. Suhbat davomida bojxona tizimidagi yangiliklardan tortib, renovatsiya siyosati va energotariflargacha bo‘lgan muhim masalalar ko‘tarildi.
Dastlab, 1-iyuldan joriy etilishi kutilayotgan bond omborlari tizimi muhokama markazida bo‘ldi. Ushbu tizim orqali import tovarlariga bojlar kamaytirilishi aytilmoqda. Ammo litsenziya va cheklovlar tufayli bozorga faqat yirik ishtirokchilar kirib kelishi mumkinligi ta’kidlandi. Shuningdek, arzonlashuv iste’molchiga emas, balki vositachilarga foyda keltirishi xavfi ham qayd etildi.
Keyingi mavzu — “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun bo‘ldi. Yangi o‘zgarishlarga ko‘ra, loyihani amalga oshirish uchun 100 foiz emas, balki 80 foiz mulkdor roziligi yetarli hisoblanadi. Ekspertlar bu o‘zgarish mulk huquqlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidladi. Shu bilan birga, qurilish zichligining oshishi shahar infratuzilmasiga qo‘shimcha bosim yuklashi mumkin.
Dasturda Toshkent atrofidagi issiqxonalarni ko‘chirish masalasi ham tanqidiy ko‘rib chiqildi. Soliq va resurs narxlarining oshishi tadbirkorlarni boshqa hududlarga ko‘chishga majbur qilmoqda. Bu esa logistika xarajatlarini oshirib, mahsulot narxlariga ta’sir qilishi mumkin.
Shuningdek, Xalqaro valuta jamg‘armasining tavsiyalari ham muhokama qilindi. Jumladan, davlat xarajatlarini cheklash masalalari ko‘tarildi.
Energotariflar masalasi ham ochiq qolmoqda. Qonunga ko‘ra, tariflar oshishi oldindan e’lon qilinishi kerak, ammo hozircha aniqlik yo‘q. Bu holat bozor ishtirokchilarida noaniqlik keltirib chiqarmoqda.
Bundan tashqari, ochiqlik indeksiga e’tibor qaratildi. Ayrim yirik energetika kompaniyalarining reytingda yo‘qligi shaffoflik masalasini yanada dolzarb qildi. Ekspert fikricha, ochiqlik va raqobat ta’minlanmas ekan, islohotlardan keng jamoat emas, balki alohida guruhlar manfaatdor bo‘lib qolaveradi.
Shuningdek, o‘qituvchilarga va’da qilingan, ammo kechikkan qonunda qisqartirilgan imtiyozlar masalasi ham tilga olindi.
Теглар






