O‘zgarmagan SMS xabarnomalar narxi, uch oyda 1,8 trln so‘mga oshgan muammoli kreditlar va 635 mlrd so‘mlik turizm majmuasi— 27-aprel dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

«Humo» kartalari bo‘yicha SMS xabarnomalar narxi o‘zgarishsiz qoladi
«Humo» kartalari bo‘yicha SMS xabarnomalar narxi o‘zgarishsiz qoladi. Avvalroq 1-maydan tariflar 84,2 so‘mdan 168,4 so‘mga oshirilishi mumkinligi haqida xabar tarqalgan edi.
Mazkur masala ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga sabab bo‘lganidan so‘ng, «Humo» «Octotelecom»ga amaldagi tariflarni saqlab qolish bo‘yicha taklif kiritdi. Qo‘shimcha muzokaralar natijasida tomonlar kelishuvga erishdi.
Shunga ko‘ra, 1-maydan boshlab 13131 raqamidan yuboriladigan SMS xabarlar narxi har bir xabar uchun 84,2 so‘m miqdorida qoladi. Qaror foydalanuvchilar uchun moliyaviy yukni oshirmaslik va xizmat barqarorligini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.
Toshkent shahar hokimiga ikki o‘rinbosar tayinlandi
Toshkent shahar hokimiga ikki nafar yangi o‘rinbosar tayinlandi. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Dauletiyar Baxtiyarovich Xudaybergenov Toshkent shahar hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari — Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Shu paytgacha ushbu lavozim vakant bo‘lib turgandi.
Alisher Ismatillayevich Do‘smuhamedov esa Toshkent shahar hokimining axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha o‘rinbosari — Raqamli rivojlanish departamenti rahbari lavozimiga tayinlandi. Ungacha ushbu lavozimda 2022-yildan beri Aleksey Xen ishlab kelayotgan edi.
Banklarda muammoli kreditlar hajmi uch oyda 1,8 trln so‘mga oshdi
2026 yilning birinchi choragida O‘zbekiston bank tizimida kredit portfeli 19,3 trln so‘mga o‘sib, 623,3 trln so‘mdan oshdi. Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, shu davrda muammoli kreditlar ham 1,8 trln so‘mga ko‘payib, qariyb 19,9 trln so‘mga yetgan. Asosiy o‘sish davlat banklari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Xususan, davlat banklari portfeli 11,1 trln so‘mga oshgan bo‘lib, eng katta o‘sish “Agrobank”, “Milliybank”, “Xalq banki” va “Aloqabank” hissasiga to‘g‘ri keldi. Shu bilan birga, ayrim banklarda, jumladan “SQB” va “Asakabank”da kredit portfeli qisqargan.
Nodavlat banklar orasida “Hamkorbank”, “Hayot Bank” va “Kapitalbank” o‘sish ko‘rsatgan, “TBC Bank” va “Orient Finans bank”da esa pasayish kuzatilgan. Muammoli kreditlar asosan davlat banklarida oshgan bo‘lsa-da, umumiy kredit portfeli tez o‘sgani hisobiga ularning ulushi 3,19 foizdan 2,99 foizgacha kamaygan.
635 mlrd so‘mlik turizm majmuasi: «Karkidon»da 2 ming ish o‘rni yaratiladi
Quva tumanidagi «Karkidon» suvombori hududida 635 mlrd so‘mlik yirik turizm majmuasi barpo etilmoqda. Shavkat Mirziyoyev tashrif davomida loyiha bilan tanishib, uning hudud iqtisodiyoti va sayyohlik salohiyatini oshirishdagi ahamiyatini ta’kidladi. 508 gektar maydonni egallagan majmuada agro, eko va ekstremal turizm yo‘nalishlari birlashtirilgan.
Majmua doirasida 45 ta shale, 57 ta mehmon uyi, agroturizm obyektlari, gullar bog‘i, ekobozor va dam olish hududlari tashkil etilgan. Loyiha ishga tushgach, 2 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratilishi, yiliga 750 ming sayyoh qabul qilinishi va xizmatlar eksporti oshishi kutilmoqda.
Loyiha 2027 yildan to‘liq quvvatda ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, kelgusida motokross, karting, golf va boshqa faol dam olish infratuzilmalari yaratilib, «Karkidon»ni yirik turizm markazlaridan biriga aylantirish ko‘zda tutilgan.
Elektron tijoratda eskrou va arbitraj tizimi joriy etilishi mumkin
O‘zbekistonda elektron tijoratda iste’molchilarni himoya qilishni kuchaytirish maqsadida eskrou to‘lov va arbitraj tizimlarini joriy etish taklif qilinmoqda. Raqobat qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yil I chorakda onlayn savdo bo‘yicha 1 657 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning asosiy qismi tovar sifati, to‘lovlar va yetkazib berish bilan bog‘liq.
Murojaatlarning katta qismi Uzum Market, Uzum Nasiya va Alif platformalari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Tahlillar tovar tavsifiga mos kelmaslik, hisob-kitoblardagi noaniqliklar va logistika muammolarini asosiy kamchilik sifatida ko‘rsatgan.
Qo‘mita eskrou tizimi orqali xaridor tovarni qabul qilib tasdiqlamagunicha pul sotuvchiga o‘tkazilmasligini, shuningdek, sotuvchilar reytingi va onlayn arbitraj tizimi joriy etilishini taklif qilmoqda. Bu qarorlar firibgarlikni kamaytirish va nizolarni tezkor hal qilishga qaratilgan.
Valuta operatsiyalari qoidalari yangilandi
O‘zbekistonda valuta operatsiyalarini tartibga soluvchi qoidalar yangilandi. Markaziy bankning 2026 yil 30-martdagi qaroriga ko‘ra, endi jismoniy shaxslar fuqaroligidan qat’i nazar bank hisobvaraqlari orqali bir-biriga shaxsiy (nosavdo) maqsadlarda erkin pul o‘tkazishi mumkin. Shuningdek, xorijliklarga mamlakat ichida ustav fondiga mablag‘ kiritish, xayriya qilish va meros bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshirish huquqi berildi.
Yangi tartib tadbirkorlar uchun ham yengilliklar yaratdi. Endi yuridik shaxslar chet el valutasidagi qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha to‘lovlar uchun valuta sotib olishda ortiqcha hujjat topshirmaydi — faqat chiqarilganini tasdiqlovchi hujjat kifoya. Shu bilan birga, xorijiy investorlar uchun qimmatli qog‘ozlarni sotishdan tushgan mablag‘larni erkin ravishda chet elga olib chiqish imkoniyati yaratildi.
Qoidalarga muvofiq, barcha valuta ayirboshlash operatsiyalari, jumladan onlayn operatsiyalar yagona tizimda hisobga olinadi. Texnik yoki imloviy xatolar sabab operatsiya rad etilgan hollarda ularni tuzatish imkoniyati berildi. Shuningdek, jismoniy shaxslar o‘z hisobidagi mablag‘lar doirasida naqd valuta olishda cheklanmaydi, yuridik shaxslar uchun esa maqsadli tartib saqlanadi.





