O‘zini o‘zi band qilganlar ham endi mehnat shartnomasi asosida ishlashi mumkin
Mehnat shartnomasi asosida band bo‘lgan shaxslar (davlat fuqarolik xizmatchilari bundan mustasno) bir vaqtning o‘zida ruxsat etilgan faoliyat turlari bo‘yicha o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tib ish yuritishi mumkin.
© Foto: SI asosida yaratilganEndi o‘zini-o‘zi band qilganlar mehnat shartnomasi bo‘yicha ham ishlay olishadi. Bu haqda Prezidentning «2026 yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida belgilab qo‘yildi.
Qarorga ko‘ra, mehnat shartnomasi asosida band bo‘lgan shaxslar (davlat fuqarolik xizmatchilari bundan mustasno) bir vaqtning o‘zida ruxsat etilgan faoliyat turlari bo‘yicha o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tib ish yuritishi mumkin.
Shuningdek, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar yollanma ishchilarni jalb qila olmasligi hamda mazkur faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha ish beruvchiga ega bo‘la olmasligi to‘g‘risidagi talab saqlanib qoladi.
Iqtisodchi Otabek Bakirov mazkur talabni quyidagicha izohladi: «Qurilish kompaniyasi ishchisi tandirchilik yoki kulolchilik faoliyati bo‘yicha o‘z-o‘ziga band qilishni rasmiylashtirishi mumkin. Yoki bo‘lmasam, o‘zini o‘zi band qilgan novvoy supermarketga mehnat shartnomasi asosida yollanma ishchi bo‘lib ishga kirishi mumkin. Faqat yollanma ishchilik va o‘z-o‘zini band qilish bitta faoliyat sohasida bo‘lmasa kifoya».
Qaror davlat fuqarolik xizmatchilariga tatbiq etilmaydi. Ular uchun amaldagi cheklovlar saqlanib qoladi.
Qanday qilib o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tish mumkin?
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar — o‘z ishini o‘zi topib, uni o‘zi bajarish orqali daromad ko‘radigan jismoniy shaxslardir. O‘zbekistonda o‘zini o‘zi band qilish bepul, tezkor va muddatsiz jarayon bo‘lib, asosan Soliq mobil ilovasi yoki my.gov.uz orqali onlayn amalga oshiriladi. JSHSHIR, pasport/ID-karta va telefon raqami orqali ro‘yxatdan o‘tib, QR-kodli guvohnomani yuklab olish mumkin. Shuningdek, davlat xizmatlari markaziga yoki tuman soliq bo‘limlari orqali ham oflayn ro‘yxatdan o‘tish mumkin. O‘zini o‘zi band qilish muddatsiz hisoblanadi, bekor qilinmaguncha maqom amal qilaveradi.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yildan boshlab o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun faoliyat turlari 104 tadan 72 taga qisqartirilgan edi.





