«O‘zsanoatqurilishbank» Yangiobod bozori yaqinidagi binolar majmuasini sotuvga qo‘ydi
Mulk «O‘zbekiston Sanoat-qurilish banki» balansiga qarzdorlik evaziga olingan bo‘lib, bank qarori asosida realizatsiya qilinmoqda.

Toshkent shahrining Yashnobod tumanida, Yangiobod bozori yaqinida joylashgan sanoat obyekti 33,2 milliard so‘m boshlang‘ich narx bilan onlayn auksion savdosiga chiqarildi. Bu haqda elektron savdo platformasidagi 23441000-sonli lot ma’lumotlarida ma’lum qilindi.
Savdolar 2026 yil 25-may kuni soat 10:00 da oshirib borish uslubida o‘tkaziladi. Ishtirok etish uchun arizalar shu kuni soat 09:00 ga qadar qabul qilinishi belgilangan.
Yashnobod tumani, Tolariq ko‘chasi, 26-uy manzilida (Yangiobod bozori yaqinida) joylashgan ushbu «Baza bino inshootlari»ning boshlang‘ich narxi 33 215 000 000 so‘mni tashkil etadi. Obektni sotib olish istagida bo‘lgan talabgorlar tomonidan to‘lanadigan zakalat puli miqdori 332 150 000 so‘m etib belgilangan.
Umumiy yer maydoni 1,4349 gektarni tashkil etuvchi mazkur ishlab chiqarish obyekti 30 ta xonadan iborat bo‘lib, binoning umumiy maydoni 11 824 kvadrat metrga teng. 1994 yilda qurilgan inshootlar 1 va 3 qavatli binolardan tashkil topgan. Kadastr ma’lumotlariga ko‘ra, hududda 1 588 kvadrat metr maydonni egallagan o‘zboshimchalik bilan qurilgan qo‘shimcha bino va inshootlar ham mavjud.
Mulk «O‘zbekiston Sanoat-qurilish banki» ATB balansiga qarzdorlik evaziga olingan bo‘lib, bank qarori asosida realizatsiya qilinmoqda. Obyekt elektr energiyasi, suv va kanalizatsiya tizimlari bilan ta’minlangan. Xaridordan mulkni sotib olishdan oldin binoni joyiga borib ko‘rish talab etiladi.





