Parkovkalar uchun rezidentlik ruxsatnomasi: yangi qoida nimani o‘zgartiradi?

17.02.2026 | 12:553 дақиқа

Toshkentda pulli parkovkalar uchun rezidentlik ruxsatnomasini onlayn olish tartibi joriy etildi. Vaqt.uz ushbu tartib qanday ishlashi va u haqiqatdan qanchalik zarur ekanini o‘rgandi.

Parkovkalar uchun rezidentlik ruxsatnomasi: yangi qoida nimani o‘zgartiradi?

1-fevraldan e’tiboran Toshkent shahri aholisi pulli yo‘l bo‘yi avtoturargohlaridan foydalanish uchun rezidentlik ruxsatnomasini onlayn tarzda olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu haqda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali ma’lum qilgan edi.

Ma’lumotga ko‘ra, rezidentlik ruxsatnomasi my.gov.uz portali orqali rasmiylashtiriladi. Buning uchun fuqarolar portaldan «Poytaxt Parking» rezidentlik ruxsatnomasini olish xizmatini tanlab, so‘ralgan ma’lumotlarni to‘ldirgan holda elektron ariza yuborishi kerak.

Ariza tasdiqlanganidan so‘ng ruxsatnoma faollashtiriladi va undan darhol foydalanish mumkin bo‘ladi. Ruxsatnoma 1 yil muddatga amal qiladi. Bir xonadon manzili bo‘yicha esa ko‘pi bilan 2 ta rezidentlik ruxsatnomasi rasmiylashtirish mumkin.

Dekabr oyida pulli parkovkalar uchun rezidentlik ruxsatnomalarining narxi belgilangandi. Unga ko‘ra, kunduzi (soat 8:00 dan 20:00 gacha) to‘xtash joyi uchun rezidentlik ruxsatnomasi narxi yiliga BHMning 1 baravari (412 ming so‘m) ni tashkil etadi. Tungi vaqtda (20:00 dan 8:00 gacha) avtoturargoh bepul bo‘ladi.

Rezidentlik ruxsatnomasi nima o‘zi?

Rezidentlik ruxsatnomasi alohida ajratilgan maxsus joy degani emas. Bu — rezidentlar uchun ma’lum pulli avtoturargohlardan imtiyozli shartlarda foydalanish huquqini beruvchi tartib. U 25-dekabrdagi hokim qarori asosida joriy etilgan.

Ruxsatnomani pulli avtoturargoh joylari tashkil etilgan ko‘chalar yaqinida joylashgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi fuqarolar olishi mumkin. Ya’ni, aynan shu hududda istiqomat qiluvchi aholi uchun mo‘ljallangan.

Qanday tartibda olinadi?

Сniмок экрана 2026-02-17 в 11.33.15

Ariza faqat my.gov.uz  orqali onlayn topshiriladi. Tizim fuqaroning doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatdan o‘tgan manzili hamda unga tegishli avtotransport vositalari haqidagi ma’lumotlarni avtomatik tarzda chiqaradi.

Shuningdek, tizim mavjud pulli avtoturargoh joylarini ko‘rsatadi. Haydovchi qaysi hududlarda rezident sifatida mashinasini qoldirishi mumkinligini oldindan bilib oladi.

Ruxsatnomani uy mulkdori yoki mazkur manzilda ro‘yxatdan o‘tgan har qanday jismoniy shaxs rasmiylashtirishi mumkin. Ariza berishda qaysi avtomobil uchun ruxsatnoma olinayotgani ko‘rsatiladi.

Agar arizani uy egasining o‘zi topshirsa, u bir ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Agar arizani kvartira egasi bo‘lmagan, ammo u yerda doimiy yoki vaqtincha yashab turgan shaxs topshirsa, ariza uy mulkdorining shaxsiy kabinetiga rozilik olish uchun yuboriladi. Bu holatda ko‘rib chiqish muddati 7 ish kunigacha cho‘zilishi mumkin.

«Bu ortiqcha byurokratiya va qo‘shimcha ma’muriyatchilik»

Iqtisodchi Otabek Bakirovning Vaqt.uz ga izohlashicha, rezidentlik ruxsatnomasi joriy etilishini alohida texnik yangilik sifatida emas, balki Toshkentdagi pulli parkovka tizimining umumiy modeli doirasida baholaydi. Uning fikricha, masala rezidentlarga qo‘shimcha imkoniyat yaratishda emas, balki butun shahar ko‘chalarini yagona operator boshqarayotgan tizimning o‘zida.

«Bu ortiqcha byurokratiya va qo‘shimcha ma’muriyatchilik. O‘zi Toshkent ko‘chalarini bitta monopolist operatorga topshirishdayoq yo‘l qo‘yilgan xatolarni tuzatishga bo‘lgan urinishlardan biri. Butun Toshkent ko‘chalarini bitta operatorga berilishi katta xato bo‘lgan, uni tuzatmay, kichik xatolarni tuzatishga urinish baribir befoyda», — ​​deb baholaydi.

Uning ta’kidlashicha, rezidentlik ruxsatnomasi — mavjud monopol model ichida yuzaga kelgan muammolarni yumshatishga qaratilgan ma’muriy chora. Ya’ni, avval shunday tuzilma yaratilganki, unda aholi uchun qo‘shimcha istisnolar va alohida tartiblar kiritishga ehtiyoj paydo bo‘lgan. Iqtisodchi nazaricha esa, bunday yondashuv tizimning asosiy muammosini hal qilmaydi.

«Idealda, masalan, ish kunlari kech soat 8 dan ertalab 8 gacha, dam olish va bayram kunlari bepul parkovka qoidalari avval boshdanoq operator majburiyati o‘laroq kelishib olinishi to‘g‘ri bo‘lardi. Bu nafaqat shu ko‘chalarda yashovchilarga, barcha uchun», — deb iqtisodchi rezidentlar masalasida boshqacha modelni taklif qiladi.

Bu fikrdan anglashiladiki, iqtisodchi rezidentlarga alohida ruxsatnoma berish o‘rniga, vaqt bo‘yicha umumiy va teng qoidalarni joriy etishni ma’qul deb hisoblaydi. Uningcha, agar bunday shartlar operator bilan boshidan kelishib olinganida, qo‘shimcha ruxsatnomalar, arizalar va rozilik jarayonlariga ehtiyoj qolmas edi.

Shu ma’noda Bakirov rezidentlik ruxsatnomasini muammoning yechimi emas, balki mavjud boshqaruv modeli oqibati sifatida baholaydi. Uning fikricha, tizimni tubdan qayta ko‘rib chiqmasdan turib, alohida ma’muriy mexanizmlar joriy etish orqali samarali va adolatli modelga erishish qiyin.

Теглар

Мавзуга оид