Pokiston-Afg‘oniston: Dyurand chizig‘i va yangi urush olovi
So‘nggi kunlarda qayta olovlangan keskinlik fonida Pokiston va «Tolibon» qurolli kuchlari bir-birlariga zarbalar bermoqda. Pokiston tomoni o‘z zarbalari natijasida 133 nafar «Tolibon» jangchisi halok bo‘lgani, 27 ta post yo‘q qilinganini bildirdi, «Tolibon» esa 55 nafar pokistonlik askar halok bo‘lganini bildirmoqda.
1963 yilda amerikalik siyosatshunos David Singer tomonidan urushlar va qurolli mojarolar haqida statistik ma’lumotlar yig‘ib boriladigan Correlates of War Project institutiga asos solingan. Bugungi kunda bu loyiha turli davlat universitetlari olimlari tomonidan yuritiladigan xalqaro va mustaqil bazaga aylangan. Agar shu xalqaro baza ma’lumotlariga ishonilsa, urushlarni ro‘yxatga olish boshlangan 1816-yildan beri dunyoda urush bo‘lmagan biror yil yo‘q.
Gap shundaki, dunyoning shusiz ham bir necha nuqtasida urushlar davom etayotgan va yana bir necha nuqtasida urush ko‘lankasi kezib yurgan shu kunlarda aftidan yana bir urush olovi yoqildi. Bu – Pokiston va Tolibon kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar.
Nimalar bo‘lmoqda?
Pokiston va «Tolibon» rasmiylariga ko‘ra, tun davomida Pokiston Afg‘onistonning yirik shaharlaridagi nishonlarga zarba berdi. Reuters esa, bu voqea ikki qo‘shni davlat o‘rtasida bir necha oydan beri kuzatilayotgan keskinlik va to‘qnashuvlar ortidan sodir bo‘layotgani, chegara hududlarida jangovar harakatlar kuchaygani haqida yozdi.
Pokiston rasmiylari bu zarbalarni «afg‘on tomonining asossiz hujumlari»ga javob sifatida baholadi. Bir kun oldin esa afg‘on toliblari Pokistonning avvalgi zarbalariga javob bo‘lganini aytib, qo‘shni davlatga bir necha zarbalar bergan edi. Pokistondagi xavfsizlik manbalari hujumlar chegaraning bir necha sektorlaridagi «Tolibon» postlari, qarorgohlari va o‘q-dori omborlariga qarshi havo hamda yerusti zarbalarini o‘z ichiga olganini ma’lum qildi.
Ikki tomon ham katta yo‘qotishlar haqida xabar berib, raqamlar farqini e’lon qildi. Bu harakatlar 2600 kilometrli chegara bo‘ylab amal qilingan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga tahdid solmoqda va so‘nggi oylardagi eng jiddiy keskinlashuv sifatida baholanmoqda. Shuningdek, voqea Islomobodning «Kobul Tahrik-i Tolibon Pokiston (TTP) jangarilariga boshpana bermoqda», degan ayblovi atrofidagi uzoq yillik nizoni yanada chuqurlashtirdi; «Tolibon» bu ayblovni rad etib keladi.
Guruh vakili Zabihulloh Mujohid Pokiston kuchlari Qobul, Qandahor va Paktiyaning ayrim hududlarida havo hujumlarini amalga oshirganini ma’lum qildi. Pokiston hukumati vakili Musharraf Zaydiy esa «X» ijtimoiy tarmog‘ida: «Pokistonning Afg‘onistondagi nishonlarga qarshi javob zarbalari davom etmoqda», — deb yozdi va bu harakatlarni «Afg‘oniston tomonidan asossiz qilingan hujumlarga» javob deb atadi.
Zaydiyning ma’lumotlariga ko‘ra, 133 nafar «Tolibon» jangchisi halok bo‘lgan, 200 dan ortig‘i yaralangan, 27 ta post yo‘q qilingan va to‘qqiztasi egallangan. Mujohidning aytishicha, 55 nafar pokistonlik askar halok bo‘lgan va 19 ta post qo‘lga kiritilgan. Shu bilan birga, Nangarhorda sakkiz nafar «Tolibon» jangchisi halok bo‘lgan, 11 nafari yaralangan va 13 nafar tinch aholi vakili jarohat olgan.
Pokiston prezidenti Asif Ali Zardoriy: «Pokiston tinchlik va hududiy yaxlitlik masalasida aslo yon bosmaydi», — deb ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qurolli kuchlarning javobi qat’iy va har tomonlama bo‘ladi. Tinchliksevarligimizni zaiflik deb tushunish shiddatli javobga olib keladi va hech kim biz yeta olmaydigan masofada emas.
Mudofaa vaziri Xavaja Asif esa NATO qo‘shinlari olib chiqib ketilganidan so‘ng Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishi kutilganini, ammo «Tolibon» Afg‘onistonni Hindistonning mustamlakasiga aylantirib, terrorchilarni mamlakatga yig‘ganini va terrorizmni eksport qila boshlaganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, afg‘onlar asosiy inson huquqlaridan mahrum qilingan va ayollar huquqlari cheklangan.
Vazir shuningdek Pokiston vaziyatni barqarorlashtirish uchun bevosita va do‘st mamlakatlar orqali barcha imkoniyatlardan foydalanganini eslatdi. Uning ta’kidicha, mamlakat 50 yil davomida 5 million afg‘onga boshpana bergan va hozir ham millionlab afg‘onlar Pokiston hududida yashab kelmoqda. «Sabr kosamiz to‘ldi. Endi oramizda ochiq urush boshlandi», — deb bayonotni yakunladi.
Avvalgi mojarolar
2025 yil kuzida Islomobod Kobuldan «Tahrik-i-Tolibon Pokiston»ga qarshi chora ko‘rishni talab qilib chiqqan edi. TTP — Pokistonda faoliyat yurituvchi qurolli guruh bo‘lib, u Afg‘onistondagi «Tolibon» bilan aloqador deya hisoblanadi.
Oktyabr oyida Qobulda ikki portlash sodir bo‘ldi. «Tolibon» hujumlarda Islomobodni aybladi, shundan so‘ng afg‘on kuchlari chegara postlarida pokistonlik harbiylarga qarshi o‘q uzdi. Javob tariqasida Pokiston armiyasi og‘ir artilleriya, tanklar va dronlardan foydalanib zarba berdi, shuningdek, qiruvchi samolyotlarni havoga ko‘tardi.
Bu to‘qnashuvlar oqibatida «Tolibon» to‘qqiz nafar afg‘on va 58 nafar pokistonlik harbiy halok bo‘lganini, shuningdek, qo‘shni davlatning 20 ta chegara posti vaqtincha egallab olinganini ma’lum qildi. Pokiston OAVlari esa xavfsizlik manbalariga tayanib, 23 nafar o‘z harbiysi halok bo‘lganini, 200 dan ortiq «toliblar va ular bilan bog‘liq terroristlar» o‘ldirilganini hamda 19 ta afg‘on chegara posti ustidan nazorat o‘rnatilganini yozdi.
Qarshiliklar 2025 yil oktabr oyi oxiriga qadar davom etdi. O‘shanda tomonlar Qatar va Turkiya vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi. Biroq, mana guvohi bo‘lib turganimizdek, keyingi muzokaralar to‘liq tinchlik kelishuviga olib kelmadi.
Pokiston va Afg‘oniston kelishmovchiligi sabablari
Eng asosiy muammo – Dyurand chizig‘i. Bu chegara 1893 yilda Afg‘oniston va Britaniya Hindistoni o‘rtasida belgilangan va 1947 yili Pokiston tashkil etilgandan so‘ng unga meros bo‘lgan. Afg‘onistonning ko‘plab hukumatlari bu chegarani rasman tan olmagan. Chiziq pashtun qabilalarini ikki mamlakat orasida ajratadi va bu siyosiy hamda harbiy nizolarga sabab bo‘lib kelmoqda. Afg‘onistonning avvalgi hukumati Pokistonni Afg‘on Tolibonini qo‘llab-quvvatlaganlikda ayblagan. 2021 yili «Tolibon» hokimiyatga qaytgandan keyin ham Pokiston bilan munosabatlar yaxshilanmadi.
Xavfsizlik va strategik masalalar bo‘yicha mutaxassis Sami Umariyning aytishicha, 2021 yildan buyon Afg‘oniston va Pokiston kuchlari o‘rtasida jami 75 marotaba to‘qnashuv sodir bo‘lgan. Shu davrda Pokiston Afg‘onistonga qarshi 7 ta mustaqil aviazarba amalga oshirgan.
Pokiston esa Afg‘onistonni TTP guruhlari uning hududidan harakat qilishiga yo‘l qo‘yganlikda ayblaydi.
Harbiy farq
Londonda joylashgan strategik tadqiqotlar bo‘yicha xalqaro institut ma’lumotlariga ko‘ra, Pokiston harbiy salohiyat jihatdan Afg‘onistondan ancha ustun. Pokiston qurolli kuchlari yaxshi shakllangan kadrlar tizimiga ega bo‘lib, asosiy mudofaa hamkori — Xitoydan olinayotgan texnika bilan ta’minlangan. Islomobod yadroviy dasturini rivojlantirishda davom etmoqda, shuningdek, harbiy-dengiz va havo kuchlarini modernizatsiya qilyapti.
Afg‘onistondagi «Tolibon» hukumati esa 2021 yilda hokimiyatga qaytgach, xorijiy texnikadan foydalanish imkoniyatlarining pasayishiga duch kelmoqda. Xalqaro miqyosda tan olinmagani ham harbiy modernizatsiya jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Pokistonda jami 660 ming faol harbiy xizmatchi bor, shundan 560 ming — quruqlik qo‘shinlari, 70 ming — havo kuchlari, 30 ming — harbiy-dengiz kuchlari. Afg‘onistonda taxminan 172 ming faol harbiy bor. «Tolibon» ularning sonini 200 minggacha oshirish rejasini e’lon qilgan.
Pokistonda 6 mingdan ortiq zirhli jangovar texnika va 4,6 mingdan ziyod artilleriya qurollari mavjud. Afg‘oniston kuchlarida ham sovet davridan qolgan asosiy jangovar tanklar, bronetransportyorlar va boshqa texnika bor, ammo ularning aniq soni noma’lum. Artilleriya turlari va miqdori bo‘yicha ham ochiq ma’lumotlar cheklangan.
Pokistonda 465 ta jangovar samolyot va 260 dan ortiq vertolyot (ko‘p maqsadli, zarba beruvchi va transport turlari) bor. Afg‘onistonda qiruvchi samolyotlar mavjud emas. Kamida 6 ta samolyot va 23 ta vertolyot borligi ma’lum, ammo ularning nechtasi parvozga yaroqli ekani noma’lum.
Pokiston yadroviy davlat hisoblanadi va taxminan 170 ta yadroviy jangovar kallagiga ega. Afg‘onistonda esa yadroviy arsenal mavjud emas. Umuman olganda, harbiy infratuzilma, texnika, havo ustunligi va yadroviy salohiyat nuqtai nazaridan Pokiston Afg‘onistondan ancha ustun hisoblanadi.
Теглар






