Poytaxtda ko‘p qavatli uyning tayanch devorini buzganlar jazolandi

14.02.2026 | 11:002 дақиқа

Kvartirada tayanch devorni o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish mumkinmi va bu qanday javobgarlikka olib keladi?

Poytaxtda ko‘p qavatli uyning tayanch devorini buzganlar jazolandi © Фото: t.me/uzauz

Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan ko‘p qavatli uyda mulkdor tomonidan asosiy tayanch devor buzib, eshik ochilgani aniqlandi va unga nisbatan ma’muriy chora qo‘llanildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Murojaat asosida o‘tkazilgan o‘rganish jarayonida devorga noqonuniy aralashuv binoning seysmik barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatgani ma’lum bo‘ldi. Inspeksiya tomonidan MJtKning 159-moddasi 3-qismiga muvofiq ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi va holatni 15 kun ichida avvalgi holatiga qaytarish bo‘yicha majburiy yozma ko‘rsatma berildi.

Tayanch devorni o‘zgartirish mumkinmi?

Mutaxassislar ta’kidlashicha, tayanch devor va ustunlar bino yuklamasini ushlab turadigan asosiy konstruksiyalar hisoblanadi. Ularning buzilishi devorlarda yoriqlar, qavatlar o‘rtasida siljish va hatto inshootning qisman yoki to‘liq vayron bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

Qanday javobgarlik bor?

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, ko‘p qavatli uylarda tayanch konstruksiyalarni o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish qat’iyan taqiqlangan. Bunday holat aniqlansa, jismoniy shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 barobarigacha, mansabdor shaxslarga esa 100 barobarigacha jarima qo‘llanilishi mumkin.

Qonun normalariga muvofiq, ushbu huquqbuzarlik bir yil davomida takrorlansa, u jinoyat sifatida baholanadi. Bunday holatda aybdorlarga nisbatan axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazolari qo‘llanishi mumkin.

Agar tayanch konstruksiyaga yetkazilgan zarar og‘ir oqibatlarga, jumladan insonlar jarohatlanishi yoki halok bo‘lishiga olib kelsa, javobgarlik yanada kuchaytiradi. Bunday vaziyatlarda aybdor shaxslarga nisbatan alohida jinoiy javobgarlik belgilanib, jazo choralari keskinlashtiriladi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, uy — tajriba maydoni emas. Har qanday noqonuniy qurilish yoki o‘zgartirish nafaqat mulkka, balki inson hayotiga ham xavf soladi.

Теглар

Мавзуга оид