Prezident topshirig‘i: Fors ko‘rfazi davlatlaridagi o‘zbekistonliklar evakuatsiya qilinadi
Prezident bu bo‘yicha, bosh vazir Abdulla Aripovga tegishli topshiriqlar bergan.
© Foto: president.uzPrezident Shavkat Mirziyoyev bosh vazir Abdulla Aripovga Fors ko‘rfazi mamlakatlarida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarini mamlakatga qaytarish bo‘yicha topshiriq bergan. Bu haqda huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bugun, 2-mart kuni Vazirlar Mahkamasida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash masalalari muhokama qilingan.
Videoselektorda fuqarolarni xavfsiz va tizimli ravishda vatanga olib kelish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olingan. Mamlakatdagi barcha aviakompaniyalarga Fors ko‘rfazi davlatlarida bo‘lib turgan yurtdoshlarni qaytarish choralarini ko‘rish topshirilgan.
Xususan, Jidda–Toshkent yo‘nalishida repatriatsiya reyslarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratish vazifasi yuklatilgan.
Kun.uz'ga ko‘ra, majlisda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga Fors ko‘rfazi davlatlari bilan amaldagi kelishuvlarning ijro holatini tahlil qilish, shuningdek, eksport-import operatsiyalari uchun muqobil yo‘nalishlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriqlar berilgan. Qayd etilishicha, vaziyatdan kelib chiqib, barcha zarur choralar tezkorlik bilan amalga oshiriladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistondagi barcha aviakompaniyalarga keyingi ogohlantirishgacha ziyoratchilarni Umra dasturi bo‘yicha Saudiya Arabistoniga olib borish vaqtincha to‘xtatilgan va 2026 yil 2-martdan boshlab fuqarolarni vatanga qaytarish uchun Uzbekistan Airways Jidda–Toshkent yo‘nalishida maxsus repatriatsiya reyslarini amalga oshirish belgilangan edi.
Yaqin Sharqdagi vaziyat va O‘zbekistonning diplomatik reaksiyasi
2026 yilning 1-mart kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Yaqin Sharqdagi, xususan, Isroil va Eron o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy to‘qnashuvlar va raketa zarbalari ortidan vaziyat keskinlashgani munosabati bilan rasmiy bayonot berdi. Mintaqada keng ko‘lamli urush harakatlari boshlangani fonida, rasmiy Toshkent tomonlarni zudlik bilan vazminlikka va harbiy amaliyotlarni to‘xtatishga chaqirdi. O‘zbekiston pozitsiyasiga ko‘ra, nizoning yanada avj olishi nafaqat mintaqa, balki butun dunyo xavfsizligiga tahdid soladi va muammoni faqat diplomatik muzokaralar yo‘li bilan hal etish lozim.
Vaziyatning harbiy bosqichga o‘tishi munosabati bilan, 2-mart, dushanba kunidan boshlab O‘zbekiston fuqarolariga Yaqin Sharq mamlakatlariga, xususan, Eron va Isroilga safarlarni noma’lum muddatga qoldirish tavsiya qilindi. Shu kunning o‘zida Saudiya Arabistoniga Umra dasturi doirasidagi parvozlar xavfsizlik nuqtai nazaridan to‘xtatildi hamda Jidda va Madina shaharlaridagi o‘zbekistonliklarni tizimli ravishda olib chiqish boshlandi. Isroil va Eronda bo‘lib turgan fuqarolarga esa maksimal darajada hushyor bo‘lish va imkon qadar ushbu mamlakatlarni tezroq tark etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Hozirda O‘zbekistonning Tehron, Tel-Aviv va mintaqadagi boshqa diplomatik vakolatxonalarida 24 soatlik tezkor aloqa va ishonch telefonlari ishlab turibdi. TIV vatandoshlardan faqat rasmiy ma’lumotlarga tayanishni, hujjatlarni tartibda saqlashni va mahalliy hukumatlarning xavfsizlik bo‘yicha talablariga qat’iy rioya qilishni so‘ramoqda.





