Professor-o‘qituvchilarni daraxt parvarishiga majburiy jalb qilish qonunga zid — vazirlik
Oliy ta’lim vazirligi Samarqand viloyati hokimining daraxtlar va yashil hududlarni oliy ta’lim tashkilotlariga biriktirish tashabbusiga munosabat bildirib, professor-o‘qituvchilarni bunday ishlarga majburiy jalb qilish noqonuniy ekanini ma’lum qildi.
© vaqt.uzOliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Samarqand viloyati hokimining daraxtlar va yashil hududlarni oliy ta’lim tashkilotlariga biriktirish tashabbusi yuzasidan rasmiy bayonot berdi. Vazirlik professor-o‘qituvchilarni daraxt va yashil hududlarni parvarishlash ishlariga majburiy tarzda jalb qilish amaldagi qonunchilik talablariga zid ekanini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, amaldagi qonunchilik professor-o‘qituvchilarni ularning kasbiy faoliyatiga aloqador bo‘lmagan ishlarga majburiy jalb etishga yo‘l qo‘ymaydi.
Xususan, «Pedagog maqomi to‘g‘risida»gi qonun pedagoglarni ma’muriy tarzda mehnatga majburlash, ularning kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashish yoki xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘lishini belgilaydi.
Bundan tashqari, Prezidentning 2018 yil 5-iyundagi PQ–3775-son qarori bilan oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarini ularning xizmat vazifalari va faoliyat yo‘nalishiga aloqador bo‘lmagan yig‘ilishlar, tadbirlar hamda boshqa ishlarga jalb etish taqiqlangan.
Vazirlikning eslatishicha, mazkur talablarni buzgan davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari, jumladan, barcha darajadagi hokimlar qonunchilikda belgilangan tartibda, lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan shaxsiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Shuningdek, pedagoglar ijtimoiy yoki jamoatchilik ahamiyatiga ega tadbirlarda faqat o‘z roziligi bilan, tegishli shartnoma asosida, qo‘shimcha haq to‘langan holda hamda ishdan bo‘sh vaqtida yoki o‘rtacha ish haqi saqlangan holda ishtirok etishi mumkinligi qayd etildi.
Vazirlik yakunda professor-o‘qituvchilar va pedagoglarni o‘z kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga majburiy jalb etishga mutlaqo qarshi ekanini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Adiz Boboyevning o‘qituvchi va talabalarni ko‘cha nazoratiga jalb etish tashabbusi majburiy mehnat haqidagi bahslarga sabab bo‘lgan edi. Hokimlik buni «tavsiya» deya izohlayotgan bir paytda, Mehnat inspeksiyasi Vaqt.uz so‘roviga javoban bu noqonuniy topshiriq ekani va hokimga ogohlantirish yuborilishini ma’lum qilgan.





