Putin qarishni yengish uchun milliardlab dollar sarflamoqda
Rossiya rahbari uzoq umr ko‘rish va qarishni sekinlashtirishga qaratilgan tadqiqotlarni Rossiyaning asosiy ilmiy yo‘nalishlaridan biriga aylantirgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin uzoq umr ko‘rish va qarishga qarshi kurash sohasidagi tadqiqotlarni davlatning ustuvor ilmiy yo‘nalishlaridan biriga aylantirdi. Bu haqda «The Wall Street Journal» yozdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada bu maqsad uchun qiymati qariyb 26 milliard dollar bo‘lgan «Sog‘liqni saqlashning yangi texnologiyalari» dasturi amalga oshirilmoqda.
Qayd etilishicha, dastur 2024 yilda rasman taqdim etilgan bo‘lib, gen terapiyasi, tirik to‘qimalarni bio-chop etish, transplantatsiya uchun a’zolar yetishtirish va umrni uzaytirishga qaratilgan boshqa texnologiyalarni qamrab oladi.
Loyiha mualliflari hisob-kitoblariga ko‘ra, 2030 yilga borib dastur 175 ming nafar inson hayotini uzaytirishga xizmat qilishi mumkin.
Putinning qiziqishi va sovet merosi
«The Wall Street Journal» Putinning uzoq umr mavzusiga qiziqishi yangilik emasligini ta’kidlaydi. Nashr Pekinda o‘tgan tadbirlardan birida Putin va Xitoy rahbari Si Jinping o‘rtasida a’zolar transplantatsiyasi orqali umrni uzaytirish haqidagi muloqot qayd etilganini esga olgan.
Shuningdek, WSJ Putinning uzoq umr ko‘rish mavzusiga bo‘lgan bu qadar katta qiziqishini uning jismoniy kuchga intilishi, atrofidagi mulozimlarning ham yoshi o‘tib qolgani va umrni ilmiy yo‘l bilan uzaytirishga bo‘lgan azaliy rus an’anasi bilan bog‘laydi. Nashr bu o‘rinda Aleksandr Bogdanovning qon quyish bilan bog‘liq sovet davridagi tajribalarini va inson umrini 150 yilgacha uzaytirishni va’da qilgan shifokor Aleksandr Bogomoletsning izlanishlarini tilga olgan.
Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, dasturning asosiy ishtirokchilari orasida endokrinolog va Putinning qizi Mariya Voronsova hamda «Kurchatov instituti» rahbari Mixail Kovalchuk bor.
Ta’kidlanishicha,, Mixail Kovalchuk Kremlning uzoq umr strategiyasi va mafkurasini shakllantirayotgan asosiy shaxslardan biri hisoblanadi.
Olimlar shubha bildirmoqda
Maqolada qayd etilishicha, Rossiyada amalga oshirilayotgan mazkur tadqiqotlar hozircha xalqaro ilmiy jurnallarda keng e’tirof etilgan natijalarni namoyish etmagan.
Rossiyalik olim Aleksandr Ostrovskiyning fikricha, ilmiy nashrlar va tasdiqlangan natijalarsiz bunday tashabbuslarning samaradorligini baholash mushkul.
Shu bilan birga, Rossiya erkaklarning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi bo‘yicha rivojlangan dunyo ko‘rsatkichlaridan o‘ta past bo‘lgan mamlakatligicha qolmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasida erkaklarning kutilayotgan o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi taxminan 68 yoshni tashkil etadi — bu AQSH va G‘arbiy Yevropa mamlakatlaridagi ko‘rsatkichlardan sezilarli darajada past.
WSJ xulosasiga ko‘ra, davom etayotgan qonli urush, Rossiya ilm-fanining xalqaro maydonda yakkalanib qolishi va mamlakatning o‘zidagi yuqori o‘lim darajasi fonida Kremlning qarishni yengishga bo‘lgan bunday urinishi ziddiyatli ko‘rinadi.





