Qal’a Ota: Qumlar orasidagi qishloq
Tasavvur qiling, eng yaqin shahar yuzlab kilometr uzoqda. Atrofda esa faqat cho‘l va sho‘rxok yerlar. Shunday joyda odamlar qanday yashaydi? Ularning kundalik hayoti qanday kechadi? Vaqt.uz Qizilqum bag‘ridagi Qal’a Ota qishlog‘iga safar qildi.
Qal’a Ota — Buxoro viloyati Peshku tumanining “Jongeldi” MFY tarkibidagi kichik qishloqlardan biri. Uni mahalliy aholi Qala ata deb atashadi. Bu yerda hayot shaharlardagidan butunlay boshqacha. Tong chorva bilan boshlanadi. Kimdir qo‘y-echki boqadi, kimdir qoramol, yana kimdir yilqichilik, tuya boqish bilan shug‘ullanadi. Ko‘p oilalar uchun chorvachilik asosiy daromad manbai hisoblanadi. Qal’a Otada chorvachilik shunchaki mashg‘ulot emas. Bu avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan turmush tarzi.
Cho‘l sharoitida yashash oson emas. Yoz fasli issiq bo‘lib, harorat 45 darajagacha isib ketadi, sovuq qish va uzoq masofalar mahalliy aholi uchun odatiy hol. Qishloq aholisi esa bu hayot tarziga moslashgan. Ba’zan hududda topilmaydigan narsa uchun mahalliy aholi eng yaqin shahargacha o‘nlab kilometr yo‘l bosishga to‘g‘ri keladi. Eng yaqin shahar taxminan 100 km uzoqlikdagi Gazli shahridir. Ovul Buxoro shahridan 250 kilometr olisda joylashgan.
Qizilqum kengliklari bo‘ylab Quljuqtov tog‘ining shimoliy-g‘arbiy etagi pastliklarida yashab kelayotgan ovulliklar asosan, qozoq millatiga mansub aholidan tarkib topgan. Bolalar maktabga qatnaydi. Kattalar esa kun bo‘yi mehnat bilan band. Qishloqdagi hayotning asosiy qadriyati — mehnat va hamjihatlik.
Qal’a Ota nafaqat yashash manzili, balki avlodlar davomida shakllangan turmush tarzi hamdir. Bu yerda qo‘shnichilik rishtalari hamon mustahkam saqlanib qolgan. Ammo qishloq aholisidan shikoyatni kam eshitasiz. Chunki ular uchun bu yer oddiy yashash joyi emas. Bu — ota-bobolar yurti.
Peshku tumani markazidan 200 kilometrdan ortiq masofada joylashgan Qal’a Ota qishlog‘ida 1ta maktab bo‘lib, unda 30 nafar yaqin o‘quvchi tahsil oladi. Hozir ta’til. Bolalar orasida kelajakda shifokor, o‘qituvchi yoki tadbirkor bo‘lishni orzu qilayotganlar ko‘p. Katta shaharlardagi tengdoshlaridan uzoqda yashasalar-da, ularning orzulari boshqa bolalar qatori bir xil.
Bu yerda yana bir boylik bor. U ham bo‘lsa odamlar orasidagi mehr-oqibat. Kimningdir uyida to‘y bo‘lsa, butun qishloq yig‘iladi. Kimdir yordamga muhtoj bo‘lsa, qo‘shnilar birinchi bo‘lib yetib keladi. Chunki hamma bir-birini juda yaxshi taniydi.
Cheksiz cho‘l. Qumlar orasidan o‘tgan uzun yo‘l. Atrofda na baland binolar, na gavjum ko‘chalar. Shahar shovqinidan uzoqda, Qizilqumning kengliklari orasida joylashgan bu qishloq bizga oddiy, ammo mazmunli hayot qanday bo‘lishini eslatadi. Qizilqum bag‘ridagi bu kichik qishloq xaritada katta joy egallamasligi mumkin. Ammo bu yerda yashayotgan insonlarning mehnati, matonati va hayot falsafasi ko‘pchilik uchun ibrat bo‘la oladi.
Baxtiyor To‘xtayev, jurnalist
Operator va montajchi: Miroqil Xayrullayev
Теглар






