Qamchibek Tashiyev Qirg‘izistonni tark etdi

17.02.2026 | 12:093 дақиқа

Mamlakatdan chiqib ketish vaqtinchalik xarakterga ega ekani aytilmoqda.

Qamchibek Tashiyev Qirg‘izistonni tark etdi

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev vaqtincha Qirg‘iziston hududidan tashqariga chiqib ketdi. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda «Region» telekanali direktori O‘tkurbek Rahmonov ma’lum qildi.

Rahmonovning so‘zlariga ko‘ra, chiqib ketish vaqtinchalik xarakterga ega. E’lon qilingan videoda safarning maqsadlari va xorijda bo‘lish muddatlari haqida boshqa tafsilotlar keltirilmagan.

Avvalroq jamoatchilik maydonida Qamchibek Tashiyev bilan bog‘liq kadrlar masalasi faol muhokama qilingan edi. Shu fon ortida uning keyingi rejalariga oid turli taxminlar ham paydo bo‘lgan.

Ayni paytgacha davlat organlari tomonidan mazkur chiqib ketish bo‘yicha rasmiy izohlar berilmadi.

MXDQdagi «tozalash» va yangi tayinlovlar

Qamchibek Tashiyev 10-fevral kuni vazifasidan ozod etildi. Shuningdek, uning uch nafar o‘rinbosari — Kurvanbek Avazov, Daniel Risaliyev va Elizar Smanov ham ishdan olindi. Maksus xizmat raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib Jumgalbek Shabdanbekov tayinlandi.

Prezident Sadir Japarov voqealar fonida bergan intervyusida Tashiyev tayinlagan vazirlar va uning yaqinlarini ishdan bo‘shatish boshlagani, ba’zilari esa o‘z xohishiga ko‘ra ketayotgani haqidagi savolga quyidagicha javob berdi.

«Hammaga xotirjam ishlashni aytdim. O‘z xohishi bilan ketayotganlar — marhamat. Barcha vazirliklarni o‘g‘rilik fakti bo‘yicha tekshiryapmiz, topilsa, jazoga tortiladi. Men har doim vazirlarni qarindoshlar va do‘stlarni ishga olmang, deb ogohlantirganman. Yaqinlarimdan hech biri yuqori davlat lavozimini egallamagan», – dedi u.

Japarov davlat boshqaruvi kuch bilan emas, aql bilan amalga oshirilishi lozimligini ta’kidladi. Uning fikricha, mamlakatda davlat tuzilmalari faoliyati shaxsan nazorat qilinadi va yuzaga kelayotgan muammolarga tezkor chora ko‘rilmoqda. Prezident barcha islohotlar qonun doirasida amalga oshirilishini qo‘shimcha qildi. Uning aytishicha, vaziyatni beqarorlashtirishga urinishlar asossiz bo‘lib, mamlakatda barqarorlik saqlanmoqda.

«75 kishining maktubi» va tartibsizliklarga urinish

Ichki ishlar vazirligi ommaviy tartibsizliklar tashkil etishda gumonlab Bekbolot Talgarbekov, Kurmanbek Diykanbayev, Emil Uzakbayev, Kursan Asanov va Aali Karashevni qo‘lga olgan . Ular «75 kishining maktubi» deb atalgan hujjatga imzo chekkan shaxslar hisoblanadi.

Huquq-tartibot idoralarining ma’lumotiga ko‘ra, qo‘lga olinganlar fuqarolar guruhini shakllantirish, muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazish haqida murojaat tayyorlash va aholi orasida yolg‘on ma’lumotlar tarqatishga uringan.

Japarov Tashiyev lavozimdan ketganidan so‘ng, u bilan shaxsan uchrashgan

«Biz do‘st bo‘lib qolamiz. Ammo u davlat xizmatiga qaytmaydi. U dam olishi va sog‘lig‘ini tiklashi kerak. Atrofini tozalasin, «oqsoqollar va ko‘ksoqollar»dan xalos bo‘lsin.

Tergov xizmatlari hammasini aniqlab, tozalab beradi. Albatta, hozir u rahmat demaydi, xafa bo‘ladi. Ammo yillar o‘tib, «Do‘stim, o‘shanda to‘g‘ri qilgan ekansan», deb minnatdorlik bildiradi», — dedi prezident. Shu bilan birga, u bu qaror hech qanday tashqi bosim yoki kelishuvlar bilan bog‘liq emasligini ta’kidladi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, barcha kadrlar bo‘yicha qarorlar mustaqil qabul qilingan. U huquqni muhofaza qilish tizimida boshlangan islohotlar izchil davom ettirilishini bildirdi. Davlat rahbari mamlakatda siyosiy beqarorlik yoki navbatdan tashqari saylovlar uchun asos yo‘qligini qayd etdi.

Теглар

Мавзуга оид