Qariyb 2,5 ming dorixonada narxlar asossiz oshirilgani aniqlandi
Raqobat qo‘mitasi nazorat jarayonida iste’molchilardan 21 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ asossiz undirilgani ma’lum qildi.
© yandexmapsO‘zbekistonda minglab dorixonalar dori vositalariga belgilangan ustamadan yuqori narx qo‘ygani aniqlandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Prezidentning 2022 yil 26-oktabrdagi PQ–411-son qarori asosida mamlakatda dori vositalari narxlarini raqamli nazorat qilish tizimi joriy etilgan. Mazkur mexanizm orqali dori mahsulotlarining ulgurji va chakana savdodagi narxlari avtomatik tarzda kuzatib boriladi va asossiz oshirilgan holatlar inson omilisiz aniqlanadi.
Raqobat qo‘mitasi ma’lum qilishicha, 2026 yil mart oyidan boshlab referent narxlarni nazorat qilish tizimi yanada kuchaytirildi. Yangi tartibga ko‘ra, ulgurji savdoda dori vositasi belgilangan narxdan qimmat sotilsa, soliq organlari tomonidan hisob-fakturalarni avtomatik ro‘yxatdan o‘tkazmaslik tizimi ishga tushirilgan.
Qo‘mitaga ko‘ra, ushbu mexanizm orqali ulgurji bozorda sun’iy narx oshirish holatlari cheklangan va 12,5 mingdan ziyod chakana dorixonalarda dori vositalari belgilangan referent narxdan yuqori sotilishining oldi olinmoqda.
Tekshiruvlar davomida 2,5 mingga yaqin dorixona tomonidan 686 mingga yaqin holatda savdo ustamasi belgilangan 10 foiz me’yordan bir necha barobar yuqori qo‘llangani aniqlangan. Natijada iste’molchilardan jami 21,1 mlrd so‘m asossiz ravishda olingani ma’lum bo‘lgan.
Xususan, 2026 yilning birinchi choragida 190 dan ortiq dorixonada 110,5 mingga yaqin qoidabuzarlik holati qayd etilgan. Ularda 1,4 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ noqonuniy ravishda undirilgani aniqlanib, ushbu mablag‘larni iste’molchilarga qaytarish choralari ko‘rilgan.





