Logo

Qashqadaryoda ham jazirama sabab yuk mashinalari harakati cheklanadi

Бугун 09:292 дақиқа

Havo harorati +44 darajagacha ko‘tarilishi ortidan og‘ir yuk avtomobillari uchun kunduzgi harakatga vaqtinchalik cheklov joriy etiladi. Cheklov Qarshi shahri, tuman markazlari hamda ularni bog‘lovchi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida har kuni soat 09:00 dan 19:00 gacha amal qiladi.

Qashqadaryoda ham jazirama sabab yuk mashinalari harakati cheklanadi © haberler.com

Qashqadaryo viloyatida anomal issiq havo sharoiti tufayli og‘ir yuk avtomobillari harakatiga vaqtinchalik cheklov kiritildi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

«Qashqadaryo viloyatida kuzatilayotgan o‘ta issiq ob-havo sharoitida avtomobil yo‘llari qoplamasini saqlash hamda ularning muddatidan oldin shikastlanishining oldini olish maqsadida og‘ir yuk avtomobillari harakatiga vaqtincha cheklov joriy etiladi», — deyiladi hokimlik xabarida.

Gidrometeorologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, viloyatda kunduzi havo harorati +42...+44 darajagacha, ayrim joylarda esa undan ham yuqori ko‘rsatkichlarga yetmoqda. Bunday sharoitda asfalt-beton qoplamasi harorati +70...+75 darajagacha qizib, yo‘llarning yuk ko‘tarish qobiliyati pasayishi mumkin.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, yuqori haroratda og‘ir yuk mashinalari harakati asfalt qoplamasida g‘ildirak izlari, deformatsiya va boshqa texnik nuqsonlarni keltirib chiqarish xavfini oshiradi.

Shu munosabat bilan davlat budjeti va xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan qurilgan hamda ta’mirlangan avtomobil yo‘llarida og‘ir yuk avtomobillari harakati har kuni soat 09:00 dan 19:00 gacha vaqtincha cheklanadi.

Cheklov Qarshi shahri, tuman markazlari hamda ularni bog‘lovchi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llariga tatbiq etiladi.

Viloyat hokimligi haydovchilar, yuk tashuvchi korxona va tashkilotlardan ushbu cheklovlarga qat’iy amal qilish hamda yuk tashish vaqtini belgilangan tartib asosida rejalashtirishni so‘radi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatida ham jazirama sabab og‘ir yuk avtomobillari harakati vaqtincha cheklangan edi.

Теглар

Мавзуга оид