Qimmat chipta va yo‘qolmayotgan tilanchilar: Turizm qo‘mitasi ular bo‘yicha nega «tishini» ko‘rsata olmayapti?
15-may kuni Turizm qo‘mitasi rahbari Abdulaziz Aqqulov ishtirokida OAV vakillari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbirda Vaqt.uz muxbiri qo‘mita raisiga aviatransport hamda temiryo‘l tizimidagi monopoliya, shuningdek, tarixiy manzillarda sayyohlar uchun katta bosh og‘rig‘i bo‘layotgan tilanchilar guruhlari yo‘qolmayotgani haqidagi savollar bilan murojaat qildi.
— Turizmni rivojlantirish haqida gapirilganda, ko‘pincha infratuzilma va transport muammosi to‘siq bo‘lib chiqaveradi. Mamlakat ichidagi aviatransport va temiryo‘l tizimidagi monopolistik holat tufayli chipta narxlari ham mahalliy, ham xorijiy turistlar uchun asossiz qimmatligicha qolmoqda.
Bundan tashqari, xususiy sektorda (restoran va kafelarda) majburiy servis haqi kabi «yashirin» to‘lovlar borligi turistlarda salbiy taassurot qoldiryapti. Qo‘mita raisi sifatida ayting-chi, nega turizm salohiyati haqida balandparvoz gaplar gapirilgan bir paytda, Qo‘mita transportdagi narxlar ustidan nazorat o‘rnatishda yoki xizmat ko‘rsatishdagi bunday ochiqdan-ochiq qonunbuzarliklarni bartaraf etishda o‘zining «tishini» ko‘rsata olmayapti?
Abdulaziz Aqqulov (Turizm qo‘mitasi raisi):
«Ichki transport, umuman transport turlarini «raqobatdan tashqarida» degan fikrlar bo‘yicha… Biz bugungi kunda faoliyatimizni yaqinda boshlaganimizdan kelib chiqadigan bo‘lsak, Transport vazirligi bilan o‘zaro muloqotimiz yo‘lga qo‘yilgan. Endi Transport vazirligi tizimida, umuman temiryo‘lda chipta topish qiyin, aviachipta qimmat degan fikr bilan bir-birimizga qarab o‘tiradigan bo‘lsak yoki ishlamaydigan qanaqadir hujjatlar qabul qiladigan bo‘lsak, ishimiz yurmaydi. Shuning uchun transport vaziri Mahkamov Ilhom Rustamovich bilan biz o‘zaro yuzma-yuz gaplashib, yangicha tizimlarni yo‘lga qo‘yish ustida ishlayapmiz. Ularning o‘zlarining oldiga qo‘ygan rejalaridan xabardormiz.
Aviatransport qismini aytadigan bo‘lsak, biz shunaqa tahlil qildikki, demak, bizda har yili, shartli aytaylik, 30 ta davlatdan asosiy turistlar oqimi keladi desak, shulardan turist olib keladigan bizning 10 ta top turoperatorimiz bor. Ular — bizning asosiy maslahatchimiz, bizga yo‘l-yo‘nalish beradigan odamlar bo‘ladi. O‘sha 10 ta turoperatorning fikridan kelib chiqib, Transport vazirligi kelgusida marshrutlarni, reyslarni to‘g‘rilash, reyslar sonini ko‘paytirish, yangi reyslarni ochish bo‘yicha ishlaydi. Qaysidir davlatlardan bo‘lsa, bu o‘zaro targ‘ibotni biz turoperatorlar bilan birgalikda bo‘ynimizga olamiz.
Endi tan olishimiz kerak, shu bugungi kungacha ham ko‘pchilik reyslar, demak, o‘zimizning qaysidir ma’noda qorako‘zlarimiz uchadigan davlatlarga bo‘ldi: yoki savdo maqsadida, yoki xorijiy davlatga dam olish uchun uchadigan reyslar doimiy va barqaror. O‘sha reyslardan aviakompaniyalar ham hech qanday xavf-xatarsiz (risklarsiz) o‘z daromadini topgani uchun shunga moslashgan. Endi bizning hozirgi o‘ylayotganimiz — O‘zbekistonga turist jalb qiladigan aviaqatnovlarni ko‘paytirish. Bu — birinchisi.
Ikkinchisi, yuqoridagi topshiriqlar doirasida aytganimizdek, Transport vazirligi bilan hamkorligimizda ichki sayyohlik guruhlarining ham mobilligini oshirish maqsadida shunday kelishuv bo‘ldiki, misol uchun, Buxorodan Sariosiyoga yoki Urganchdan Shahrisabzga va teskarisiga reyslarni yo‘lga qo‘yish ustida ishlayapmiz. Bu bir tarafdan o‘sha Buxorodan, ya’ni voha hududidan tog‘li hududlarga ichki sayyohlarimizni olib kelishga qaratilgan bo‘lsa, ikkinchi jihatdan, ushbu tarixiy shaharlarni tog‘li hududlardagi aholimiz ham ko‘rishi ma’nosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarimiz bor. Bular shu yil yozdan ishga tushishi rejalashtirilyapti va shuni bosqichma-bosqich tahlil qilib boramiz.
Endi temiryo‘l bitta bo‘lsa, unga oltita «Afrosiyob» Toshkent-Samarqand orasida qatnayotgan bo‘lsa, kunlik rejimda boshqa ortiqcha reys qo‘yishimiz qiyin. Endi mana hozir «Jaloliddin Manguberdi» poyezdi yo‘lga qo‘yildi, haftasiga uchta. Har ikki oyda yana ikkita-ikkitadan ko‘payib boradi. Bu, demak, ichki temiryo‘l transportiga bo‘lgan yukni yengillatadi.
Narxlari borasida ham ichki aviatsiyani rivojlantirish bo‘yicha rejalar bor. Haligi viloyatlar orasini bog‘lash — bu har doim ham rentabellikka olib chiqish qiyin bo‘lganligi uchun uni oldindan boshlaymiz, lekin viloyat markazlarini Toshkent bilan bog‘lash bo‘yicha ham reyslarni ko‘paytiramiz. Hozirgi transport bo‘yicha ishlab chiqilayotgan strategiyada ham, loyihada ham shunday: hozirgi kunda, demak, 20 foizgacha ichki reyslarda faoliyat ko‘rsatish majburiyati hisobidan xorijiy reyslarga ham ruxsat berish masalalari ko‘rilyapti. Bu ham shu ichki reyslarning mobilligini oshirish, narxlarini tushirishga qaratiladi. Endi men hozirgi kunda ayta olishim mumkin bo‘lgan gaplar shular va bu jarayonlar natijasini bosqichma-bosqich ommaviy axborot vositalariga berib borishimiz mumkin.»
— Uzr, narxlar bo‘yicha baribir javobdan qoniqmadim. Bugun odamlarda savol borki, mana, bu tizimga davlat budjetidan milliardlab subsidiya ajratiladi. Lekin nega biz na narx tushganini va na chipta xarid qilishda shaffof tizimni ko‘ramiz? Tizimni shaffoflashtirishning ham iloji bo‘lmayapti-da.
Abdulaziz Aqqulov:
«Ilyos aka, endi sohaning mutaxassislari bu narsaga, menimcha, aniqroq javob bersa kerak. Lekin mening bilganim, demak, bizning ichki reyslar deganimizda Toshkent-Urganch, Toshkent-Nukus, Toshkent-Termiz doimiy to‘lib uchganda bu rentabel bo‘ladi. Qolgan reyslarning hammasi… Hali siz aytayotgan subsidiyaning berilish sababi ham shu. U ushlab turish uchun yoki bir qaysidir xarajatini qoplash uchun emas. Qisqa, ya’ni bir soatdan kam bo‘lgan reyslar har doim, nima deydi, zararga uchraydi. Shuni hisobga olishimiz kerak. Endi bir qismdan samolyotlarning yetishmaganligi ham bularning doimiy uchishini yo‘lga qo‘yishda muammoni yuzaga keltiradi. Men o‘ylaymanki, tez kunda, tez orada biz Transport vazirligi bilan hamkorligimiz doirasida siz aytayotgan masalalarga ham yetib kelamiz.»
— O‘zbekiston xalqaro reytinglarda eng xavfsiz davlatlardan biri sifatida e’tirof etiladi. Biroq tarixiy obidalarda, sayyohlik marshrutlarida turistlarning ketidan qolmay pul so‘raydigan, ularni bezor qiladigan uyushgan tilanchilik guruhlari (lo‘lilar va boshqalar) masalasi hamon ochiq qolmoqda.
Turistlar o‘z fikrlarida bu holatni «psixologik bosim» va «agressiv muhit» deb ta’riflashmoqda. Turizm politsiyasi bu vaziyatda ko‘pincha tomoshabin bo‘lib turibdi yoki ularning aralashuvi vaqtinchalik xarakterga ega. Turizm qo‘mitasi bu qatlamni ijtimoiy reabilitatsiya qilish yoki turistik zonalarni bunday «noqulay» elementlardan tozalash bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi bilan aniq bir qo‘shma strategiyaga egami? Yoki biz sayyohga zamonaviy mehmonxona qurib berib, ko‘chada uni himoyasiz qoldiraveramizmi?

Jurnalist Ilyos Safarov
Abdulaziz Aqqulov:
«Men siz ko‘targan bu masalani Buxoro va Samarqanddagi tadbirkorlik subyektlari bilan gaplashganda ham ko‘targan edim. Hozirgi kunda Ichki ishlar vazirligi Xavfsiz turizm boshqarmasi bilan bizning ikki tomonlama hujjatlarimiz ustida ishlayapmiz. Ularning hozir tashkiliy tuzilmasi bo‘yicha ham takliflarimiz bor va o‘ylaymanki… Men endi sizning «bularning o‘rtasida qandaydir manfaatdorlik bormikin yoki shuning uchun teginmayaptimikin» degan ma’nodagi fikrlaringizga qo‘shila olmayman. Bizga ozgina vaqt bo‘lsa, buning ham ichiga kirib, o‘rganib, tushunib olamiz. Chunki rejalarimizda bu narsa ham turibdi.»

Turizm qo‘mitasi rahbari Abdulaziz Aqqulov
Теглар






