Qirg‘iziston temiryo‘l qurish uchun Xitoydan kredit oladi

Qirg‘iziston Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘li qurilishidagi o‘z ulushini moliyalashtirish uchun Xitoydan 305 million dollar imtiyozli kredit jalb qiladi.

Qirg‘iziston temiryo‘l qurish uchun Xitoydan kredit oladi © 24.kg

Qirg‘iziston transport vaziri o‘rinbosari Almaz Turgunboyev ma’lum qilishicha, temiryo‘li qurilishi uchun kredit 25 yil muddatga, 5 yillik imtiyozli davr bilan va yillik 1,5 foiz stavkada ajratiladi. Shuningdek, umumiy mablag‘ning 35 foizi grant sifatida taqdim etiladi.

Temiryo‘lning umumiy qiymati

Temiryo‘l loyihasining umumiy qiymati 5 milliard dollarga baholanmoqda. Uning asosiy qismi — 4,7 milliard dollar Qirg‘iziston hududidan o‘tuvchi temiryo‘l uchastkasi qurilishiga sarflanadi. O‘zbekiston hududida esa mavjud temiryo‘l infratuzilmasini ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Loyihani amalga oshirish uchun Xitoy, Qirg‘iziston va O‘zbekiston ishtirokida qo‘shma korxona tashkil etilgan. Qirg‘izistonning umumiy moliyaviy ishtiroki 24,5 foizni tashkil etadi. Bishkek o‘z ulushini davlat budjeti va Xitoy krediti hisobidan teng taqsimot asosida qoplaydi.

Loyihaning ilk g‘oyasi

Mazkur temiryo‘l g‘oyasi ilk bor 1996 yilda ilgari surilgan bo‘lib, shu vaqtgacha kamida 18 ta texnik-iqtisodiy asos ishlab chiqilgan. Loyiha murakkab tog‘li hududlar, temiryo‘l izi standartlari va moliyalashtirish masalalari sabab uzoq yillar davomida kechiktirilgan.

2024 yil iyun oyida uch davlat temiryo‘l qurilishi bo‘yicha rasmiy bitimni imzolagan. Shu yil 27-dekabr kuni qurilish ishlariga start berilgan edi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu loyihani «qariyb 30 yillik sa’y-harakatlar natijasi bo‘lgan tarixiy voqea» deb atagan.

Shuningdek, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning ma’lum qilishicha, Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘lining ishga tushirilishi taxminan 2030 yilga mo‘ljallanmoqda. 2030 yilda temiryo‘l orqali 8 million tonna yuk tashish kutilmoqda. Bu ko‘rsatkich 2040 yilga borib 10 million, 2050 yilda esa 13,5 million tonnaga yetadi. Qirg‘iziston hukumati loyiha 30–40 yil ichida o‘zini to‘liq qoplashini ma’lum qilgan.

Теглар

Мавзуга оид