Qirg‘izistonda islomiy moliya instrumentlari. Fuqarolik kodeksiga o‘zgartish kiritilmoqda

Qirg‘izistonda islomiy moliya instrumentlarini rivojlantirishga qaratilgan qonun loyihasi qo‘mita tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Qirg‘izistonda islomiy moliya instrumentlari. Fuqarolik kodeksiga o‘zgartish kiritilmoqda © Foto: klerk.ru

Qirg‘iziston parlamenti (Jogorku Kenesh)ning moliya, budjet, tadbirkorlik va raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi deputatlar tomonidan kiritilgan «Qirg‘iz Respublikasi Fuqarolik kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdi.

Qonun loyihasi tashabbuskorlaridan biri, deputat Ilimbek Qubanchbekovning ta’kidlashicha, taklif etilayotgan o‘zgartishlar mamlakatda islomiy moliya instrumentlarini rivojlantirishga qaratilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjat murobaha shartnomasi predmetiga bo‘lgan mulk huquqini bevosita mijoz nomi bilan ro‘yxatdan o‘tkazish imkonini nazarda tutadi. Shuningdek, mulk sotib olishda sheriklik shakli sifatida kamayib boruvchi mushoraka shartnomasini qo‘llashni kengaytirish taklif etilmoqda.

Qayd etilishicha, mazkur o‘zgartishlar islomiy tamoyillarga asoslangan moliyalashtirish tizimini takomillashtirishga qaratilgan. Kutilmoqdaki, yangiliklar islomiy moliyaviy instrumentlarni rivojlantirish uchun huquqiy asos yaratadi va mamlakat iqtisodiyotiga investitsiyalar jalb qilish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Qonun loyihasi uchinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Murobaha shartnomasi nima?

Murobaha bu islom banklarida eng keng tarqalgan moliyalashtirish usuli bo‘lib, u aslida «oldi-sotdi» shartnomasidir. Bunda bank mijoz uchun zarur bo‘lgan tovarni (masalan, uy, mashina yoki xomashyo) sotib oladi va uni mijozga ma’lum bir ustama haq (foyda) bilan muddatli to‘lov asosida sotadi. Bank tovarni necha pulga olganini va uning ustiga qancha foyda qo‘yayotganini mijozga ochiq aytadi. Bank avval tovarni sotib olib, unga egalik huquqini qo‘lga kiritishi shart, shundan keyingina mijozga sotadi.

Bu yerda pul qarzga berilmaydi, balki tovar sotiladi. Shu sababli kechiktirilgan to‘lov uchun foiz hisoblanmaydi (lekin jarimalar xayriyaga yo‘naltirilishi mumkin). Misol uchun, sizga «100 mln» so‘mlik texnika kerak. Bank uni sotib oladi va sizga «120 mln» so‘mga 2 yilga bo‘lib to‘lash sharti bilan sotadi. 20 mln so‘m bankning xizmat haqi yoki foydasi hisoblanadi.

Mushoraka shartnomasi nima?

Mushoraka bu ikki yoki undan ortiq tomonlarning loyiha yoki biznesga sarmoya (kapital) bilan kirishi va natijada ko‘rilgan foyda yoki zararni o‘zaro taqsimlashidir. Bu an’anaviy aksiyadorlik jamiyati yoki qo‘shma korxona modeliga yaqin keladi. Foyda oldindan kelishilgan nisbatda (masalan, 50/50 yoki 40/60) taqsimlanadi. Bu nisbat qo‘shilgan sarmoya miqdoriga mos bo‘lishi shart emas.

Zarar ko‘rilsa, u faqat har bir sherikning qo‘shgan sarmoyasi miqdoriga qarab taqsimlanadi. Bu islom moliyasidagi «adolat tamoyili»ning asosidir.

Sheriklarning barchasi biznesni boshqarish huquqiga ega, lekin o‘zaro kelishuvga ko‘ra boshqaruvni bir kishiga ishonib topshirishlari ham mumkin.

O‘zbekistonda islom moliyasi

Joriy yil 27-mart kuni qabul qilingan qonun bilan O‘zbekistonning ayrim qonun hujjatlariga islomiy bank faoliyatini amalga oshirishnng huquqiy asoslarini belgilovchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi. Islomiy moliya faoliyati doirasida ko‘chmas mulklarni moliyaviy ijaraga (islomiy ijaraga) beruvchi banklar va mikromoliya tashkilotlari mol-mulk solig‘i to‘lovchilari deb e’tirof etiladi. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.

O‘zbekistonda islomiy moliya tizimining joriy etilishi jarayonlari haqida VAQT.UZning «Islom moliyasi» podkasti orыali batafsil bilib olishingiz mumkin.

Теглар

Мавзуга оид