Qish yana qaytdi: bugun ham ko‘plab hududlarda qor yog‘ishi kutilmoqda
10-mart kuni O‘zbekistonning ayrim joylarida shamol tezligi sekundiga 25 metrgacha kuchayishi, tog‘li joylarda esa sel va qor ko‘chishi xavfi yuzaga kelishi mumkin.

10-mart kuni O‘zbekistonning hududlarida yog‘ingarchilik kuzatilishi mumkin. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatning katta qismida qor va yomg‘ir yog‘ishi prognoz qilingan. Faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida bugun yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shu bilan birga, ba’zi hududlarda tuman tushishi mumkin.
Shamol tezligi asosan sekundiga 7–12 metrni tashkil etadi. Ayrim joylarda shamol sekundiga 15–20 metrgacha kuchayishi mumkin. Ba’zi hududlarda esa shamol tezligi 22–25 metrgacha yetishi ehtimoli bor.
Havo harorati kunduzi respublika hududlarining katta qismida +2...+5 daraja iliq bo‘ladi. Shimoliy hududlarda esa havo harorati 0...-5 daraja sovuq bo‘lishi kutilmoqda.
Toshkent shahrida vaqti-vaqti bilan yomg‘ir va qor ko‘rinishida yog‘ingarchilik bo‘lishi mumkin. Ba’zi joylarda tuman tushishi ehtimoli bor. Shamol tezligi sekundiga 5–10 metr atrofida bo‘ladi, havo harorati esa +2...+4 daraja iliq bo‘lishi kutilmoqda.
Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor), ayrim joylarda kuchli bo‘ladi. Ba’zi joylarga tuman tushadi. Qor ko‘chishi xavfi bor. Sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Shamol sekundiga 7-12 metr tezlikda esadi, ba’zi joylarda 15-20 metrgacha kuchayishi mumkin. Harorat 0...-5 daraja sovuq bo‘ladi.





