Qoraqalpog‘istonda qoida buzgan metan zapravka litsenziyasidan mahrum etildi

Gaz to‘ldirish qoidalarini buzgan metan zapravkasida portlash sodir bo‘lgan.

Qoraqalpog‘istonda qoida buzgan metan zapravka litsenziyasidan mahrum etildi

Qoraqalpog‘istonda avtomobillarga gaz to‘ldirish talablarini qo‘pol ravishda buzgan metan zapravka faoliyati sud qarori bilan to‘xtatildi. Bu haqda O‘zenergoinspeksiya ma’lum qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 2-yanvar kuni ushbu shoxobchada jiddiy qoidabuzarlik sodir etilgan. Ya’ni metan gaz baloni o‘rniga propan baloni o‘rnatilgan avtomobilga siqilgan tabiiy gaz quyilgan. Bu esa xavfli holatni yuzaga keltirib, portlashga sabab bo‘lgan.

Ushbu hodisa ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinganidan so‘ng, holat O‘zenergoinspeksiya tomonidan atroflicha o‘rganildi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, shoxobcha litsenziya talablarini qo‘pol ravishda buzgani aniqlangan.

Shundan so‘ng inspeksiya tomonidan sudga murojaat kiritilib, litsenziyani bekor qilish so‘raldi. Qoraqalpog‘iston iqtisodiy sudining 2026 yil 8-apreldagi qarori bilan “K.M.” MCHJ aybdor deb topildi va unga tegishli litsenziya bekor qilindi.

Mutasaddilar ta’kidlashicha, gaz ballonlarini o‘rnatish va undan foydalanishda belgilangan texnik talablarga qat’iy amal qilish shart. Ruxsat etuvchi hujjatlari mavjud bo‘lmagan avtomobillarga gaz quyish esa jiddiy qoidabuzarlik hisoblanadi.

Onlayn nazorat tizimi

Shu bilan birga, 2025 yil oktabridan boshlab mamlakatda gaz quyish shoxobchalari uchun UGaz onlayn nazorat tizimi joriy etilgan. U real vaqt rejimida gaz sarfini kuzatish, shuningdek, xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Tizim orqali avtomobillar avtomatik tekshirilib, texnik ko‘rik muddati tugagan yoki gaz uskunasiga ruxsatnomasi bo‘lmagan transport vositalari aniqlanadi. Shuningdek, mos kelmaydigan yoqilg‘i turi quyilayotgani haqida ham operatorlar ogohlantiriladi.

Mutaxassislar fikricha, bunday raqamli nazorat tizimlari xavfli holatlarning oldini olish va insonlar hayotini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Теглар

Мавзуга оид