Qozog‘istonga kirishning yangi qoidalari: o‘zbekistonliklar nimani bilishi kerak?
1-noyabrdan boshlab Qozog‘istonga boruvchi chet el fuqarolari, jumladan o‘zbekistonliklar uchun majburiy elektron ruxsatnoma olish tartibi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Safardan kamida 72 soat oldin «QazETA» platformasi orqali rasmiylashtirilishi lozim bo‘lgan bu hujjatsiz chegaradan o‘tib bo‘lmaydi.
© Ijtimoiy tarmoqlarQozog‘iston chet el fuqarolari uchun kirish tartibini o‘zgartirmoqda. Endi vizasiz rejim majburiy dastlabki elektron avtorizatsiya bilan to‘ldiriladi. Bu jarayon xorijliklarning Qozog‘iston hududiga kirishi va qolishi bilan bog‘liq elektron xizmatlarni rasmiylashtirish uchun mo‘ljallangan QazETA (Kazakhstan Electronic Travel Authorisation) davlat raqamli platformasida amalga oshiriladi. Platforma allaqachon sinov tariqasida ishlamoqda. Biroq yangi qoidalar 2026 yil 1-noyabrdan boshlab to‘liq kuchga kiradi.
«QazETA» nima uchun kerak?
«QazETA» platformasining asosiy vazifalaridan biri mamlakatga kirish uchun elektron ruxsatnoma berishdan iborat. Bu yerda gap xorijiy fuqarolar chegarada faqatgina shaxsni tasdiqlovchi hujjat ko‘rsatadigan odatiy amaliyotdan majburiy dastlabki elektron avtorizatsiya tizimiga o‘tish haqida bormoqda.
Mazkur platforma, eng avvalo, Qozog‘iston bilan vizasiz rejim amal qiladigan davlatlar fuqarolarini hisobga olishga qaratilgan bo‘lib, u xorijliklar uchun keng ko‘lamli raqamli xizmatlarni bir jumla ostida jamlaydi.
Yangi tizim talablariga birinchilardan bo‘lib duch keladiganlar qatorida O‘zbekiston fuqarolari ham bor.
Yangi qoidalar qachon va qanday tarzda kuchga kiradi?
«QazETA» platformasi 2026 yil 1-yanvardan boshlab sinov tartibida ishlamoqda. Xorijiy fuqarolar ilovani o‘z smartfonlariga yuklab olib, hozirning o‘zidayoq Qozog‘istonga safar qilish uchun elektron ruxsatnomani rasmiylashtirishlari mumkin. Biroq hozircha ushbu ruxsatnomaning yo‘qligi mamlakatga kirishni rad etish uchun asos bo‘lmaydi.
Biroq majburiy tartib chet el fuqarolariga nisbatan 2026 yil 1-noyabrdan boshlab qat’iy qo‘llanadi va bu bosqichma-bosqich amalga oshiriladi:
· Birinchi bosqich (1-noyabrdan): Xalqaro aviareyslar orqali keluvchilarga taalluqli bo‘ladi.
· Ikkinchi bosqich (15-noyabrdan): Chegara xizmati Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘lmagan mamlakatlar chegaralaridan tashqarida o‘z avtomobil transportida Qozog‘istonga kirib kelayotgan chet elliklarda dastlabki elektron avtorizatsiya mavjudligini tekshirishni boshlaydi.
· Uchinchi bosqich (30-noyabrdan): Yangi qoidalar Qozog‘istonning barcha chegara-avtomobil o‘tkazish punktlariga to‘liq tatbiq etiladi.
· To‘rtinchi bosqich (15-dekabrdan): O‘zgarishlar temiryo‘l va dengiz transporti orqali keluvchilarga ham daxl qiladi.
Qozog‘istonning xorijiy davlatlardagi elchixonalari saytida e’lon qilingan tushuntirishlarga ko‘ra, barcha chet el fuqarolari Qozog‘iston Respublikasiga kirish ruxsatnomasi uchun safardan kamida 72 soat oldin ariza topshirishlari shart.
Berilgan ruxsatnoma 180 kun mobaynida amal qiladi va undan bir necha bor safar qilish uchun foydalanish mumkin. Shu bilan birga, elektron avtorizatsiya viza hisoblanmasligi va chegaradan kafolatli o‘tishni ta’minlamasligi alohida ta’kidlanmoqda. Qozog‘istonga kirish masalasi bo‘yicha yakuniy qarorni mamlakat Milliy xavfsizlik qo‘mitasining (MXQ) Chegara xizmati qabul qiladi.
Qozog‘iston Turizm va sport vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning birinchi choragida Qozog‘iston chegarasini bir milliondan ziyod O‘zbekiston fuqarosi kesib o‘tgan. Bundan tashqari, yangi qoidalar Qozog‘istonga kirishi uchun viza talab qilinmaydigan yana 77 ta davlat, jumladan Xitoy, Germaniya, AQSH va BAA fuqarolari uchun ham majburiy hisoblanadi.
Yangi qoidalar — migratsiya islohotining muhim qismi
Shuni ta’kidlash joizki, «QazETA» tizimi Qozog‘iston migratsiya siyosatining yanada keng ko‘lamli islohoti hisoblanadi. Uni joriy etish prezident Qosim-Jomart To‘qayevning 2026 yil 25-apreldagi farmoyishida o‘z ifodasini topgan. Mazkur hujjat faqatgina kirishni nazorat qilish bilan cheklanib qolmaydi. «QazETA» chet el fuqarolari uchun rezidentlik olish mexanizmlarini ham o‘z ichiga olgan holda, turli elektron xizmatlarni yagona platformaga birlashtirishi ko‘zda tutilgan.
Platforma konsepsiyasi asosan ruxsat beruvchi byurokratik migratsiya siyosatidan Qozog‘istonga investorlar, tadbirkorlar hamda yuqori malakali mutaxassislarni jalb etishga qaratilgan ochiq siyosatga o‘tishni nazarda tutadi.
Shu tariqa, «QazETA» bir yo‘la ikkita asosiy vazifani bajarishi kerak:
· Birinchidan, davlatga chegarani kesib o‘tish niyatida bo‘lgan har bir shaxs haqida oldindan aniq ma’lumot olish imkonini beradi.
· Ikkinchidan, Qozog‘istonga nafaqat sayyoh, balki ish, biznes yoki uzoq muddatli yashash maqsadida kelayotgan chet elliklar uchun qulay va yagona raqamli infratuzilmani yaratadi.
Ta’kidlash joizki, «QazETA»ning ishlash prinsipi Yevropaning «ETIAS» (European Travel Information and Authorisation System) tizimiga muayyan ma’noda o‘xshab ketadi. Ushbu tizim kabi, Qozog‘iston ham sayyohning mamlakatga kelishidan oldin dastlabki elektron avtorizatsiyadan o‘tishini talab qiladi. Shuningdek, AQSHda «ESTA», Buyuk Britaniyada esa «ETA» tizimlari amal qiladi.