Logo

Qozog‘istonning xalqaro zaxiralari 12 milliard dollarga kamaydi

Бугун 16:532 дақиқа

Mamlakatning oltin-valuta zaxiralarida asosiy ulushni oltin egallab turibdi.

Qozog‘istonning xalqaro zaxiralari 12 milliard dollarga kamaydi © Foto: digitalbusiness.kz

2026-yilning birinchi yarmi yakuniga ko‘ra, Qozog‘istonning yalpi xalqaro zaxiralari bir oy ichida 8,2 foizga kamayib, 61,8 milliard dollarni tashkil etdi. Bu haqda «Ranking.kz» xabar berdi.

2025-yilda zaxiralar yuqori sur’atlarda o‘sib, joriy yilning fevral oyida rekord daraja — 73,4 milliard dollarga yetgan edi. Shundan so‘ng pasayish boshlandi va hozirgi ko‘rsatkichgacha davom etdi. To‘rt oy ichida mamlakatning yalpi xalqaro zaxiralari 15,8 foizga, ya’ni 11,6 milliard dollarga qisqardi.

Yillik dinamikaga nazar tashlansa, 2024-yildan boshlab zaxiralar sezilarli darajada o‘sib kelmoqda. Xususan, 2020–2023-yillarda ularning hajmi 32–34,5 milliard dollar oralig‘ida bo‘lgan bo‘lsa, 2024-yilda 15,9 foizga, 2025-yilda qariyb 30 foizga oshgan. Joriy yilda esa oylik pasayishlarga qaramay, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan zaxiralar hajmi 19,3 foizga yuqori bo‘lib qolmoqda.

Shunday qilib, fevral oyidagi rekord ko‘rsatkich bilan solishtirganda zaxiralar sezilarli darajada kamaygan bo‘lsa-da, ularning hozirgi hajmi avvalgi yillardagi darajadan ancha yuqori.

Qozog‘istonning oltin-valuta zaxiralarida asosiy ulushni oltin egallab turibdi. Joriy yil iyun oyi oxiriga kelib, oltinning ulushi qariyb 77 foizni yoki 47,6 milliard dollarni tashkil etdi. Tabiiy hajmda bu taxminan 11,8 million troya unsiyasiga teng. Bir oy ichida zaxiralardagi oltin qiymati 9,5 foizga kamaygan.

Erkin konvertatsiya qilinadigan valutalar ulushi esa 23,1 foizni yoki 14,3 milliard dollarni tashkil etdi. Bir oy davomida ularning hajmi 3,6 foizga qisqardi.

Umuman olganda, so‘nggi yillarda mamlakat xalqaro zaxiralari barqaror o‘sib kelgan bo‘lsa-da, joriy yilda pasayish tendensiyasi kuzatilmoqda. Bunga zaxiralarni boshqarish jarayonlari, oltin va qimmatli qog‘ozlar narxining o‘zgarishi, shuningdek, valuta kurslaridagi tebranishlar ta’sir ko‘rsatmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston va yana olti davlat neft qazib olishni oshirishga kelishib olgandi.

Теглар

Мавзуга оид

Qozog‘istonning xalqaro zaxiralari 12 milliard dollarga kamaydi | Vaqt.uz