Qurilish: davlat buyurtmachilari faoliyati to‘liq KPIga bog‘lanadi, xodimlarning oyligi 3 karra oshiriladi

Кеча 19:522 дақиқа

Mahalliy loyihachi, quruvchi va konsultantlarni xalqaro tenderlarda ishtirok etishga o‘qitish bo‘yicha tizim yaratish vazifasi qo‘yildi.

Qurilish: davlat buyurtmachilari faoliyati to‘liq KPIga bog‘lanadi, xodimlarning oyligi 3 karra oshiriladi © Фото: Хотам Мамадалиев / ЎзА.

Mutasaddilar, buyurtmachi vazirlik va idoralar xalqaro moliya tashkilotlari bilan muzokaralarda quruvchilar imkoniyatlarini ko‘rsatib bera olmayapti. Bu haqda bugun, 14-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida so‘z ochildi.

Xalqaro moliya tashkilotlari bilan 20 milliard dollardan ortiq infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda. Lekin kichik va o‘rta quruvchilar uyoqda tursin, hatto yuqori reyting, yetarli mablag‘ va texnikaga ega bo‘lgan mahalliy korxonalar ham ushbu bozorga to‘liq kira olmayotgani, kirgani ham subpudratchi bo‘lib ishlayotgani qayd etildi.

Mutasaddilar, buyurtmachi vazirlik va idoralar xalqaro moliya tashkilotlari bilan muzokaralarda quruvchilar imkoniyatlarini ko‘rsatib bera olmayotgani, shartnoma shartlarini belgilashda mahalliy pudratchilar manfaatlarini himoya qilmayotgani, xalqaro tenderlar shartlarini o‘rgatmagani uchun eng arzon narx bergan korxonalar ham tenderda raqobat qila olmayotgani tanqid qilindi.

Shu bois, mahalliy loyihachi, quruvchi va konsultantlarni xalqaro tenderlarda ishtirok etishga o‘qitish bo‘yicha tizim yaratish vazifasi qo‘yildi. Qolaversa, quruvchilar qo‘shni davlatlardagi xalqaro loyihalarda bosh pudratchi bo‘lib qatnasha boshlagani yuqori baholandi.

42 ming kamchilik va 250 mingdan ziyod qoidabuzarlik

O‘tgan yili qurilish obyektida loyihachi va buyurtmachilarning nazoratchilari 42 mingta kamchilik qayd etgan, Qurilish inspeksiyasi esa yana 250 mingdan ziyod qoidabuzarlik aniqlagan. Sabab – loyihachi hamda buyurtmachilarda mualliflik va texnik nazorat bo‘yicha manfaatdorlik yo‘q.

Shu bois, joriy yil 1-iyundan boshlab davlat buyurtmachilari faoliyati to‘liq KPIga bog‘lanishi, xodimlarning oyligi 3 karra oshirilishi belgilandi. Loyiha hujjatini ishlab chiqish uchun obyekt qiymatining 5 foizigacha mablag‘ beriladi, mualliflik nazorati uchun esa alohida shartnoma asosida to‘lov qilinadi.

Pudrat korxonasi bilan birga nazoratchilarga ham chora ko‘rish zarur

Shu bilan birga, endi texnik nazorat yoki mualliflik nazoratchisi mas’ul bo‘lgan obyektda qo‘pol qoidabuzarlik aniqlansa, pudrat korxonasi bilan birga nazoratchilarga ham qat’iy chora ko‘rish zarurligi qayd etildi. Loyihachining «Shaffof qurilish»dagi reytingi ham pasaytiriladi.

O‘tgan yili 400 nafar qurilish nazoratchisi yonkamera bilan ta’minlandi, 1 ming 221 ta ijtimoiy va infratuzilma obyektiga videokuzatuv kameralari o‘rnatildi. Endilikda budjetdan quriladigan qiymati 3 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan ijtimoiy soha obyektlari, ko‘p qavatli uy, yirik savdo va sanoat korxonasi, mehmonxona, turizm obyektlari qurilishi ham onlayn nazorat kameralari bilan qamrab olinadi. Urbanizatsiya qo‘mitasiga shaharsozlik qoidalarini qo‘pol buzganlik bo‘yicha moliyaviy sanksiya joriy qilish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

Теглар

Мавзуга оид