«Real Sanjik»: «Meni chiroyli qilib “podstava” qilishdi»

Avtobloger va tadbirkor Sanjar Karimov ustidan JIB Mirzo Ulug‘bek tuman sudida sud tergovi yakunlandi. U o‘zini chiroyli qilib «podstava» qilishganini jurnalistlarga aytib berdi. Sud majlisida 240 ming dollarlik uy sobiq egalariga qaytarib berildi, narkotik moddalar esa “maxorka” bo‘lib chiqdi.

JIB Mirzo Ulug‘bek tuman sudida “Real Sanjik” taxallusi bilan tanilgan taniqli avtobloger va tadbirkor Sanjar Karimovga oid sud jarayoni davom etyapti. Sud tergovida dastlab tintuv paytida musodara qilingan moddalarni tahlil qilgan IIBB mutaxassisi so‘roq qilindi. Voqea joyidagi og‘irlikni o‘lchash masalasi asosiy e’tibor markazida bo‘ldi.

Himoya tomoni moddalar tamaki bilan aralashtirilganligini va ayblovlarning og‘irligi shunga bog‘liqligini ta’kidladi. Ekspert aralashmani ajratishning iloji yo‘qligini, shuning uchun og‘irlik aralashmalar bilan birga hisobga olinganligini aytdi.

Ekspert Toshkent shahar IIBBda bunday moddalarni alohida ajratib beruvchi uskuna mavjud emasligini hamda bu moddalarni ajratish uchun o‘zining maxsus malakasi yetishmasligini qo‘shimcha qildi.

Javoban, sudlanuvchining advokatlari bunday texnologiyalar Toshkentda mavjudligini aytib, ekspertni yolg‘on ko‘rsatma berishda aybladilar. Karimovning advokatlari, shuningdek, tintuv joyida sertifikatlkatgan torozida og‘irlik o‘lchanmaganligi va konvertlarda vaqt ko‘rsatilmaganligi kabi qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilganligini aytdi.

Himoya tomoni tintuv hisobotini qabul qilib bo‘lmaydigan dalil deb e’lon qilishni so‘radi. Sudya Bahrom Berdiyev dalillar sud jarayoni oxirida baholanishini bildirdi.

Bundan oldingi sud majlisiga notarius xodimi chaqirilgandi. Unda 240 ming dollarlik uyni sobiq egalariga 1 so‘m evaziga oldi-sotdi qilish muhokama qilingandi. 27-aprel kungi sud tergovida sudlanuvchi Sanjar Karimov, advokat Nurmuhammedova va fuqaro Rajabov tomonidan taqdim etilgan iltimosnoma qisman qanoatlantirildi. Ajrimga ko‘ra, Shayxontahur tumanida joylashgan uyga qo‘yilgan taqiq vaqtincha bekor qilindi. Uy faqat jabrlanuvchi Olimboyeva nomiga qayta rasmiylashtirish uchun taqiqdan yechildi.

Rismatovning onasi va Karimovning suhbati

Sud majlisida Karimov va Shahzod Rismatovning onasi Rahmatullayeva o‘rtasidagi telefon suhbati muhokama qilindi.

Jabrlanuvchi Rahmatullayevaga ko‘ra, Karimov uni yolg‘on guvohlik berishga majburlagan va tahdid qilgan.

Karimov ayblovlarni rad etdi. U audioyozuv tahrirlanganini va so‘zlari kontekstdan chiqarib tashlanganini da’vo qildi. Shuningdek, Rahmatullayevaning o‘g‘li Rismatov shaharning yarmini aldagani, Karimov unga odamlarning gaplari tufayli qamoqda chirishini aytganini ham ta’kidladi.

Sanjar Karimov  sud tergovi yakunlangach, o‘zini chiroyli qilib «podstava» qilishganini jurnalistlarga aytib berdi. Sudlanuvchi uyda o‘tkazilgan tintuvdan ham noroziligini bildirib, narkotik moddalar topilgani uyushtirilgan bo‘lishi mumkinligini bildirdi.

Shu tariqa sud tergovi yakunlandi va 1-maydagi sud majlisida tomonlar muzokaralarga o‘tadi.

 

Baxtiyor To‘xtayev tayyorladi.

Теглар

Бахтиёр Тўхтаев

Бахтиёр ТўхтаевМақолалар сони: 20

Барчаси

Мавзуга оид