Reklama qonunchiligini buzgan 3 kompaniya jarimaga tortildi
Jarimaga tortilgan 3 kompaniya tashqi reklama va uy-joy targ‘ibotida qonunchilik talablariga amal qilmagan.
© Yakkasaroy tumani hokimligi matbuot xizmatiBuxoro, Samarqand va Toshkent viloyatlarida uchta kompaniya tashqi reklama va axborot tarqatishda belgilangan talablarga amal qilmagani aniqlandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Buxoro viloyatida faoliyat yuritayotgan “ORIENT SPARKLE” MCHJ Buxoro shahridagi B.Naqshband ko‘chasi yo‘l yoqasida reklama joyining pasporti mavjud bo‘lmagan tashqi reklama obyektini joylashtirgani ma’lum bo‘lgan.
Samarqand viloyatida esa “Sam-Ros-Stroy” MCHJ binoning old qismi hamda davlat mulki hisoblangan yer uchastkasida tashqi reklama o‘rnatish uchun tegishli ruxsatnoma olmasdan reklama joylashtirgan. Shuningdek, reklama matnlarida davlat tiliga oid talablar ham to‘liq saqlanmagan.
Toshkent viloyatidagi “Glamur Gold” MCHJ faoliyati o‘rganilganda, kompaniya ijtimoiy tarmoqlar va qurilayotgan uy-joy majmuasi hududida ko‘p kvartirali uylar reklamasini tarqatgani ma’lum bo‘lgan. Biroq Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur kompaniya ulush kiritish asosida uy-joy qurish jarayonlarini tartibga soluvchi elektron platformada qurilish-pudrat tashkiloti sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan.
Bundan tashqari, kompaniya tomonidan tarqatilgan reklamada haqiqatga mos kelmaydigan ma’lumotlar berilib, amalda qurib bitkazilgan uylar reklamalarda ko‘rsatilgan holatdan farq qilishi aniqlangan. Bu esa noto‘g‘ri va chalg‘ituvchi reklama tarqatilganini ko‘rsatadi.
Aniqlangan holatlar yuzasidan Raqobat Qo‘mitasining hududiy boshqarmalari maxsus komissiyalari tomonidan “ORIENT SPARKLE”, “Sam-Ros-Stroy” va “Glamur Gold” MCHJlarga nisbatan ishlar qo‘zg‘atilgan. Kompaniyalarga moliyaviy jarimalar qo‘llanilib, qonunbuzilishlarni bartaraf etish hamda kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berilgan.





