«Roskosmos» uddalay olmagan vazifa: Yaponiya «Qo‘rquv» va «Dahshat»ni o‘rganish uchun fazoga missiya jo‘natdi
Mamlakat 2031 yilda Fobosdan tuproq namunalarini Yerga olib kelishni rejalashtirmoqda.
© Foto: nasaYaponiya aerokosmik tadqiqotlar agentligi (JAXA) 19-oktabr kuni Marsning Fobos va Deymos yo‘ldoshlarini o‘rganishga mo‘ljallangan Martian Moons eXploration (MMX) kosmik apparatini uchirdi. Missiya doirasida Fobos yuzasidan tuproq namunalarini yig‘ish va ularni Yerga olib kelish rejalashtirilgan. Bu haqda «Meduza» xabar bermoqda.
Ma’lumotga ko‘ra, apparat Yaponiyaning Tanegasima kosmodromidan H3-24L raketa-tashuvchisi yordamida uchirilgan. Loyihaning asosiy maqsadi — Marsning tabiiy yo‘ldoshlari qanday paydo bo‘lganini aniqlash va ularning tarkibini o‘rganish.
Fobos va Deymosning kelib chiqishi nimasi bilan qiziq?
Fobos va Deymos nomlari qadimgi yunon mifologiyasidagi «Qo‘rquv» va «Dahshat» ma’nolarini anglatadi. Ularni amerikalik astronom Asaf Xoll 1877 yilda kashf etgan.
Fobosning diametri taxminan 13 kilometr, Deymosniki esa 7 kilometrni tashkil etadi. Har ikki yo‘ldosh noto‘g‘ri shaklga ega bo‘lib, ularning kelib chiqishi hanuzgacha astronomlar o‘rtasidagi ilmiy bahslarga sabab bo‘lib kelmoqda.
Asosiy gipotezalardan biriga ko‘ra, ular Marsning tortishish kuchi ta’sirida tutib qolingan asteroidlar bo‘lishi mumkin. Boshqa taxminga ko‘ra, yo‘ldoshlar Mars bilan boshqa kosmik jism to‘qnashuvi natijasida orbitaga chiqib ketgan parchalardan shakllangan.
1960-yillarda sovet astronomi Iosif Shklovskiy Fobosning orbitasi o‘zgarishini tushuntirishga urinib, uning ichi bo‘sh bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan. Bu fikr jamoatchilik orasida Fobos va Deymos sun’iy ravishda yaratilgan obyektlar bo‘lishi mumkinligi haqidagi farazlarni keltirib chiqargan. Keyingi tadqiqotlar esa ushbu taxminni tasdiqlamagan.
Missiyaning muhim vazifalaridan biri yo‘ldoshlar tarkibini o‘rganish orqali ularning paydo bo‘lish mexanizmini aniqlashdir.
Apparat qanday tadqiqotlar o‘tkazadi?
MMX uchta asosiy moduldan iborat: harakatlanish va orbitani boshqarish moduli, qo‘nish moduli hamda tuproq namunalarini Yerga qaytarish uchun mo‘ljallangan modul.
Apparat Fobos yuzasiga qo‘nishdan oldin uning orbitasidan turib suratga olish va mineral tarkibini o‘rganish ishlarini olib boradi. 2028 yil dekabr oyida esa Fransiya va Germaniya mutaxassislari ishtirokida ishlab chiqilgan IDEFIX kichik roveri Fobosga tushirilishi rejalashtirilgan. Mikroto‘lqinli pech hajmidagi ushbu qurilma taxminan 25 kilogramm vaznga ega bo‘lib, qo‘nish hududini o‘rganishga xizmat qiladi.
Missiya davomida Fobos yuzasidan va bir necha santimetr chuqurlikdan tuproq namunalari olinishi kerak. Ularning umumiy og‘irligi taxminan 10 gramm bo‘lishi rejalashtirilgan.
Olimlar namunalarda minerallar, suv yoki muz izlari va organik moddalar mavjudligini tekshirmoqchi. Shuningdek, Fobos yuzasidagi qizil va ko‘k hududlar o‘rtasidagi farqlar, uzun yoriqlar va boshqa geologik tuzilmalar ham o‘rganiladi.
Namunalar orasida Marsdan meteoritlar ta’sirida Fobosga kelib tushgan moddalar ham bo‘lishi mumkin. Agar bu taxmin tasdiqlansa, ular Qizil sayyoraning geologik tarixi va ehtimoliy biologik faoliyati haqida qo‘shimcha ma’lumot berishi mumkin.
Rossiyaning avvalgi missiyasi nima uchun muvaffaqiyatsiz tugagan?
Mars yo‘ldoshlarini o‘rganishga avval ham urinishlar bo‘lgan. 1988 yilda Sovet Ittifoqi «Fobos-1» va «Fobos-2» apparatlarini uchirgan. Birinchi apparat boshqaruv dasturidagi xatolik tufayli yo‘qotilgan, ikkinchisi esa Fobosni suratga olganidan keyin aloqaga chiqmay qolgan.
2011 yilda Rossiyaning «Fobos-Grunt» apparati ham Fobosdan tuproq namunalarini olib, Yerga qaytarish maqsadida uchirilgan. Biroq uchirishdan keyingi nosozlik sababli apparat Yer atrofidagi past orbitada qolib ketgan. U bilan aloqani tiklash imkoni bo‘lmagan va bir necha oydan keyin apparat atmosferada yonib ketgan.
Yaponiyaning MMX missiyasi ushbu vazifani amalga oshirishga qaratilgan navbatdagi yirik urinish hisoblanadi.
Missiya qachon yakunlanadi?
Rejaga ko‘ra, MMX 2027 yil avgust oyida Mars tizimiga yetib boradi. 2028 yilda Fobosga roverni tushirish va tuproq namunalarini yig‘ish ishlari boshlanishi kutilmoqda.
2029–2030 yillarda yo‘ldoshni o‘rganish davom ettirilib, Deymos yaqinidan ham uchib o‘tish rejalashtirilgan. 2030 yil noyabr oyida namunalar solingan qaytarish modulining Yerga yo‘l olishi, 2031 yil iyul oyida esa Avstraliya hududiga qo‘nishi kutilmoqda.
Missiya muvaffaqiyatli amalga oshsa, olimlar Marsning tabiiy yo‘ldoshlaridan olingan namunalarni bevosita laboratoriyalarda o‘rganish imkoniga ega bo‘ladi.