Logo

Rossiya benzin eksportiga qo‘yilgan taqiqni 2027-yil boshigacha uzaytirdi

Бугун 10:432 дақиқа

Mutaxassislarning aytishicha, taqiqqa asosiy sabab — Ukraina dronlarining Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga muntazam hujumlari. Shu sababli neftni qayta ishlash hajmi kamaygan va ichki bozorda yoqilg‘i yetishmovchiligi yuzaga kelgan.

Rossiya benzin eksportiga qo‘yilgan taqiqni 2027-yil boshigacha uzaytirdi © klops.ru

Rossiya hukumati ichki bozorda yoqilg‘i narxlarini barqaror saqlash va taqchillikning oldini olish maqsadida ayrim turdagi yoqilg‘ilar eksportiga yangi vaqtinchalik cheklovlar joriy qildi. Bu haqda hukumat hujjati imzolandi.

Qabul qilingan qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-avgustdan 2027-yil 31-yanvargacha avtomobil benzini, dizel yoqilg‘isi, kema yoqilg‘isi va gazoyl eksporti cheklanadi. Avval ishlab chiqaruvchilarga berilgan benzin va dizel yoqilg‘isini eksport qilish ruxsatining muddati 31-iyul kuni yakunlandi.

Biroq 2026-yil 1-sentabrdan boshlab bevosita yoqilg‘i ishlab chiqaruvchi korxonalar dizel yoqilg‘isi, kema yoqilg‘isi va gazoylni yana eksport qilishi mumkin bo‘ladi. Avtomobil benzini eksportiga qo‘yilgan taqiq esa 2027-yil 31-yanvargacha barcha uchun saqlanib qoladi. Dizel yoqilg‘isini vositachilar va savdo kompaniyalari eksport qila olmaydi.

Cheklovlar xalqaro hukumatlararo bitimlar doirasidagi yetkazib berishlar hamda Rossiya hukumati qarori asosida xorijiy davlatlarga ko‘rsatiladigan gumanitar yordam uchun mo‘ljallangan yoqilg‘iga tatbiq etilmaydi.

Shuningdek, hukumat qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini yoqilg‘i bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida 2026-yil 1-noyabrgacha amal qiladigan maxsus tartibni tasdiqladi. Unga ko‘ra, Energetika vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, hududiy hokimiyatlar va neft kompaniyalari o‘rtasida maxsus kelishuvlar tuziladi. Bu fermer va dehqon xo‘jaliklarini mavsumiy dala ishlari vaqtida benzin hamda dizel yoqilg‘isi bilan uzluksiz ta’minlashga xizmat qiladi.

Yana bir hukumat qaroriga ko‘ra, 2026-yil oxirigacha davlat va kommunal tashkilotlar uchun motor yoqilg‘isini xarid qilish tartibi soddalashtiriladi. Maxsus narx belgilash qoidalari vaqtincha to‘xtatiladi va xaridlar davlat xaridlari to‘g‘risidagi umumiy qonunchilik asosida amalga oshiriladi. Bu esa birja narxlaridagi o‘zgarishlar sabab davlat xaridlarida uzilishlar yuzaga kelishining oldini olib, yoqilg‘ining o‘z vaqtida yetkazib berilishini ta’minlaydi.

Mutaxassislarning aytishicha, benzin eksportining taqiqlanishiga asosiy sabab — Ukraina dronlarining Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga muntazam hujumlari. Shu sababli neftni qayta ishlash hajmi kamaygan va ichki bozorda yoqilg‘i yetishmovchiligi yuzaga kelgan.

«Forbes» ekspertlariga ko‘ra, Rossiya benzinni ko‘p eksport qilmaydi. Shuning uchun eksportni taqiqlash tanqislikni faqat qisman kamaytiradi. Biroq bu ichki bozorda benzin narxining keskin oshib ketishining oldini oladi. Shu bilan birga, neftni qayta ishlash zavodlari eksportdan tushadigan daromadning bir qismini yo‘qotadi, bu esa zavodlarni ta’mirlash va tiklash ishlariga salbiy ta’sir qilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy Osiyodagi eng qimmat benzin O‘zbekistonda sotilayotgani ma’lum bo‘lgandi.

Теглар

Мавзуга оид

Rossiya benzin eksportiga qo‘yilgan taqiqni 2027-yil boshigacha uzaytirdi | Vaqt.uz