Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi iqtisodiy urush: uchta afsona va asl manzara

27.02.2026 | 23:206 дақиқа

Moskva haqiqatan ham sanksiyalar rejimini yengib o‘tdimi? Uydirmalar emas, dalillar bilan gaplashadigan vaqt keldi.

Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi iqtisodiy urush: uchta afsona va asl manzara

Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganiga to‘rt yil to‘ldi. Bu davr mobaynida nafaqat shaharlar va infratuzilma, balki mamlakat iqtisodiyoti ham misli ko‘rilmagan darajada zarar ko‘rdi. Bugungi kunda asosiy iqtisodiy qiyinchiliklar Ukraina zimmasiga tushmoqda. Jahon bankining hisob-kitoblariga ko‘ra, agar urush hoziroq to‘xtasa ham, vayronalarni tiklash uchun 588 milliard dollar kerak bo‘ladi. Bu mablag‘ Ukrainaning yillik Yalpi ichki mahsulotidan (YAIM) qariyb uch baravar ko‘pdir.

Ukrainadagi harbiy harakatlar bilan bir qatorda, Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi iqtisodiy qarama-qarshilik ham keskin tus olmoqda. E’tiborlisi, o‘tgan yil davomida iqtisodiy jabhadagi vaziyat front chizig‘idagi o‘zgarishlarga qaraganda ancha shiddatliroq rivojlandi. Hozirda jang maydonida ikkala tomon bir-birini holdan toydirishga harakat qilayotgan bo‘lsa, iqtisodiy maydondagi voqealar rivoji bu mojaroning taqdirini hal qiluvchi asosiy omil bo‘lishi mumkin.

Biroq, iqtisodiy urush jabhasida aslida nimalar bo‘layotgani «urush tutuni» ortida yashiringan. Vaziyatni yanada murakkablashtiradigan jihat shundaki, ko‘plab ishtirokchilar real faktlardan ko‘ra siyosiy tashviqotlarga asoslangan ma’lumotlarni tarqatishdan ko‘proq manfaatdor. Urushning asl yo‘nalishini anglash uchun Rossiya iqtisodiyoti va G‘arb imkoniyatlari haqidagi uchta asosiy afsonaga chek qo‘yish kerak.

Birinchisi – Rossiya ko‘rayotgan iqtisodiy zararlarni go‘yoki nazorat qilsa va eplasa bo‘ladi, degan qarashdir. Kreml xazinasi va xalqi qancha talofat ko‘rmasin, urushni davom ettirishga tayyordek tuyulishi mumkin, ammo bu jarayon uning iqtisodiyotini vayron qilmayapti, degani emas.

2022 yilgi bosqin oqibatida Kreml o‘zining eng katta gaz eksport bozori — Yevropadan mahrum bo‘ldi. Urushdan avval Rossiya Yevropa Ittifoqiga yiliga taxminan 150 milliard kub metr gaz sotar edi, hozir esa bu ko‘rsatkich 38 milliard kub metrga tushib qoldi. Yevropa gaz fyucherslarining so‘nggi narxlaridan kelib chiqilsa, har bir milliard kub metr gazning qiymati 300 million yevrodan (353 million dollar) oshadi. Bu esa Rossiya yiliga 34 milliard yevro (40 milliard dollar) miqdorida daromaddan quruq qolayotganini anglatadi. Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiya gazi importidan butunlay voz kechadigan kelgusi yilda bu zarar miqdori yanada ortadi.

Shu bilan birga, butun dunyo bo‘ylab Rossiyaning qariyb 335 milliard dollarlik suveren aktivlari hamon muzlatilgan holatda turibdi. Garchi Kreml Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotgan davlatlarni bu mablag‘lardan mudofaa yo‘lida foydalanish fikridan qaytarish maqsadida sanksiyalarga qarshi bir necha bor yuridik da’volar qo‘zg‘atgan bo‘lsa-da, Rossiyaning so‘nggi muzokaralardagi takliflari mazmunidan shu narsa anglashiladiki, Moskva bu mablag‘larning katta qismi hech qachon qaytarilmasligini pinhona tan olib bo‘lgan.

Shuningdek, Kreml o‘zining so‘nggi ichki xazinasi — Milliy farovonlik fondi ham qurib borayotganini tan oldi. Yil boshida mablag‘larning rekord darajada tez sarflangani hisobga olinsa, neft narxi barqaror o‘smagan taqdirda, fond yil oxiriga borib butunlay tugab bitishi mumkin.

Iqtisodiyotning barqaror ishlayotgan yagona tarmog‘i bu — harbiy va mudofaa sanoatidir. Biroq qarz olish xarajatlarining muttasil yuqoriligi, shuningdek, frontdagi yo‘qotishlar va safarbarlik oqibatida mehnatga layoqatli aholining qisqarib borayotgani Rossiya iqtisodiyoti hamon tinkasi qurib borayotganidan dalolat beradi.

Barham berilishi kerak bo‘lgan ikkinchi afsona — Amerika Qo‘shma Shtatlarining Rossiyaga qarshi iqtisodiy urush olib borishga bo‘lgan qiziqishi so‘ngan, degan qarashdir.

Prezident Donald Tramp o‘t ochishni to‘xtatish va mojaroni hal etishga erishilgan taqdirda Rossiya va Amerika hamkorligi bo‘yicha takliflar berayotgan bo‘lishi mumkin, biroq u hamon sanksiyalarni o‘z kuchida qoldirmoqda.

Aslida esa, uning ma’muriyati tomonidan qo‘llanilayotgan iqtisodiy jazo choralari Kremlning yagona yirik eksport bozori bo‘lib qolayotgan neft sohasida yanada jiddiyroq zarar keltirmoqda.

Oktabr oyida Vashington Rossiyaning eng yirik ikki neft kompaniyasi — «Rosneft» va «Lukoyl»ga nisbatan keng ko‘lamli sanksiyalar joriy qildi. Ilk natijalar shuni ko‘rsatmoqdaki, bu cheklovlar Kremlning jahon bozoriga neft yetkazib berish salohiyatiga jiddiy zarba bo‘ldi va uning imkoniyatlarini sezilarli darajada cheklamoqda.

Ushbu cheklovlar doirasida Rossiya xom ashyo eksportining katta qismiga mas’ul bo‘lgan kompaniyalar qora ro‘yxatga kiritildi va bu holat banklar, treyderlar hamda qayta ishlash zavodlarini, xususan, Osiyo bozoridagi shartnomalarda ishtirok etishdan cho‘chitib qo‘ydi.

Rossiyaning «Soya floti»ga qarshi sanksiyalar qo‘llashda Tramp ma’muriyati Yevropadan ortda qolayotgan bo‘lishi mumkin. Biroq, Eron kemalariga cheklovlar qo‘yish borasida AQSH Yevropani sezilarli darajada ortda qoldirdi. Bunday vaziyat jahon bozorida nazorat qilib bo‘lmaydigan «qora» neft miqdori avvalgidan ham ko‘payishiga olib keldi.

Natijada xaridor izlayotgan neft zaxiralari ortib bormoqda. Yuklar to‘planib qoldi, qayta ishlovchi korxonalar sanksiyalarga uchrashdan cho‘chiyotgani sababli o‘nlab million barrel neft aniq manzilsiz omborlarda yoki tankerlarda qolib ketmoqda. Yuzaga kelayotgan holat shuni ko‘rsatmoqdaki, sanksiyalar eksportni butunlay to‘xtatib qo‘yayotgani yo‘q, balki savdoni sekinlashtirib, mavhumlashtirmoqda. Bunda Rossiya xom ashyosi xaridor izlashga va tobora kattaroq chegirmalar taklif qilishga majbur bo‘lmoqda.

Shu sababli, Trampning Eronga zarba berish tahdidi ortidan yuzaga kelgan geosiyosiy xavf tufayli «Brent» markali neftning etalon narxi bir barrel uchun 70 dollardan oshgan bir paytda ham, Rossiya xaridorlarni jalb qilish uchun bir barrel uchun 30 dollargacha chegirma berishga majbur bo‘ldi.

Bu faqatgina Amerika Qo‘shma Shtatlariga tegishli masala emas. Hatto Vashington Rossiya nefti xaridini kamaytirish evaziga tariflar bo‘yicha ochiq muzokaralar olib borgan Hindistonda ham Yevropa sanksiyalari bosimning ortishiga yordam berdi. Brussel o‘tgan yil davomida «aylanib o‘tishga qarshi choralarini» sezilarli darajada kuchaytirdi va hatto Xitoy hamda Hindistondagi neftni qayta ishlash zavodlarini ham nishonga oldi.

Hindistonning yirikligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turuvchi va qisman «Rosneft» kompaniyasiga tegishli bo‘lgan «Vadinar» neftni qayta ishlash zavodi o‘tgan yilning o‘rtalaridan beri qora ro‘yxatda turibdi.

Yevropa Ittifoqi hozirda Rossiyaga qarshi 20-sanksiyalar paketini tayyorlamoqda. Bu galgi cheklovlar avvalgilaridan ham qattiqroq bo‘lishi kutilyapti — Brussel Rossiya xom nefti savdosini qo‘llab-quvvatlashni butunlay taqiqlashni taklif qildi. Biroq, bu jarayon hamda Ukraina uchun ajratilgan 90 milliard yevrolik (106 mlrd dollar) muhim kredit masalasi Yevropa Ittifoqi ichidagi kelishmovchiliklar sabab to‘xtab qoldi. Bunga Vengriyaning urush boshlangan kun arafasida o‘z veto huquqidan yana foydalangani sabab bo‘ldi.

Davom etayotgan iqtisodiy urush bilan bog‘liq barham berilishi kerak bo‘lgan uchinchi afsona ham aynan shunda: Yevropa Kiyevga yordam berish uchun o‘z g‘aznasidan pul to‘lashga tayyor bo‘lishi shart, degan qarashdir. Yevropa Ittifoqida buning maqbul muqobili bor: Rossiyaning muzlatilgan aktivlari.

Aslida, 90 milliard yevrolik kredit rejasining o‘zi ham dekabr oyida, ittifoq ushbu aktivlardan foydalanish rejasi bo‘yicha bir to‘xtamga kela olmaganidan so‘ng, so‘nggi lahzalarda shoshilinch ravishda ishlab chiqilgan edi. Bu aktivlarning asosiy qismi Yevropa Ittifoqi yurisdiksiyasi ostida mustahkam turibdi. O‘tgan yili muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlandi, ammo bu ularga qayta murojaat qilib bo‘lmaydi, degani emas.

Rossiya, Amerika Qo‘shma Shtatlari va Ukraina o‘rtasidagi diplomatik muzokaralarda hech qanday ko‘zga ko‘rinarli siljish bo‘lmayotgani hamda har ikki tomon janglarni beshinchi yil ham to‘xtovsiz davom ettirishga hozirlik ko‘rayotgani sababli, iqtisodiy urush ham davom etishi aniq.

Rossiya iqtisodiyotini haqiqiy inqirozga uchratish va Moskvani urushni to‘xtatish uchun yon berishga majbur qilish maqsadida, G‘arb avval ko‘rilmagan eng keskin choralarni qo‘llashi zarur. Aks holda, vaziyat bundan-da yomon tus olishi mumkin: Kreml shartlari asosida tinchlik o‘rnatilishi Rossiyani kelajakda yangi bosqinlarga ruhlantiradi.

Теглар

Мавзуга оид