Rossiyada telefon firibgarlarining «ovi» yurishmay qoldi
Manbalarga ko‘ra, odamlarni muvaffaqiyatli chuv tushirish holatlari keskin qisqargan, 2025 yilda pasayish 20 foizgacha yetgan.

Rossiyada telefon orqali firibgarlik holatlari kamaygani qayd etilmoqda. «Baza» Telegram kanalining huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakiliga tayanib xabar berishicha, firibgarlar muvaffaqiyatli «chuv tushirish»lar soni keskin tushib ketganidan shikoyat qilmoqda.
Suhbatdosh so‘zlariga ko‘ra, «aldanishi mumkin bo‘lganlarning deyarli barchasi aldanib bo‘lgan», qolgan fuqarolar esa yoki psixologik bosimga berilmaydi, yoki ularda shunchaki pul yo‘q. Shu bois firibgarlar uchun «ish» qisqargan.
Holat platoga chiqdi
Ma’lum qilinishicha, telefon firibgarligi bilan bog‘liq holatlar 2025 yilda taxminan 15–20 foizga kamaygan. Mutasaddilar buni kiberxavfsizlik choralari kuchaytirilgani va aholi o‘rtasida ogohlik ishlari samara bergani bilan izohlamoqda.
Shu bilan birga, huquqni muhofaza qiluvchi organlar pasayish firibgarlik to‘liq barham topganini anglatmasligini ta’kidlagan. Jinoyatchilar yangi usullar — sun’iy intellekt, dipfeyk texnologiyalari va soxta akkauntlardan foydalanishga o‘tayotgani aytilmoqda.
Yangi sxemalar paydo bo‘lmoqda
Avvalroq rossiyalik fuqarolarga 23-fevral va 8-mart bayrami arafasida firibgarlar yirik savdo tarmoqlari nomidan yoki marketpleys hamda gul do‘konlari kuryeri sifatida qo‘ng‘iroq qilayotgani haqida ogohlantirish berilgan.
Mutaxassislar fikricha, jinoyatchilar taktikasi o‘zgarayotgan bo‘lsa-da, raqamli hushyorlik va axborot savodxonligi hal qiluvchi omil bo‘lib qolmoqda.





