Rossiyaning eng boy odamlari e’lon qilindi
Mamlakatning eng boy 10 nafar insoni qatoridan milliarder Alisher Usmanov ham joy oldi.

«Forbes» jurnali Rossiyaning 2026 yil uchun eng boy odamlari reytingini e’lon qildi. Ro‘yxatda «Severstal» benefitsiari Aleksey Mordashov yetakchilik qilmoqda. Shuningdek, mamlakatning eng boy 10 nafar insoni qatoridan milliarder Alisher Usmanov ham joy oldi.
Ro‘yxatga jami 155 nafar rossiyalik milliarder kiritilgan. Qayd etilishicha, Rossiyaning eng boy odamlarining umumiy boyligi o‘tgan yilgi 625,5 milliard dollardan rekord darajadagi 696,5 milliard dollargacha ko‘tarilgan.
Ro‘yxatga Aleksey Mordashov boshchilik qilmoqda, uning boyligi 37 milliard dollarga baholanmoqda. Ikkinchi o‘rinda «Interros» xoldingi egasi va «Nornikel» prezidenti Vladimir Potanin qayd etilgan. Uning boyligi 29,7 milliard dollar deb baholandi.
Reytingning uchinchi pog‘onasidan «Lukoil» asoschisi va asosiy aksiyadori Vagit Alekperov joy oldi. «Forbes» uning boyligini 29,5 milliard dollarga baholadi.
Mordashov, Potanin va Alekperovdan tashqari, Rossiyaning eng boy o‘nta odami qatoriga quyidagilar kirdi:
• «Novatek» PAJ boshqaruvi raisi Leonid Mixelson va oilasi — 28,3 milliard dollar;
• Federatsiya Kengashi a’zosi Sulaymon Kerimov va oilasi — 25,7 milliard dollar;
• Milliy sporting federatsiyasi boshqaruvi raisi Vladimir Lisin — 25,5 milliard dollar;
• Kontinental xokkey ligasi direktorlar kengashi raisi Gennadiy Timchenko — 24,2 milliard dollar;
• Xususiy investor Andrey Melnichenko va oilasi — 20,4 milliard dollar;
• «LetterOne Holdings», «Alfa-Grupp» kompaniyalari va banklarining sobiq a’zosi Mixail Fridman — 16,5 milliard dollar;
• «USM» asoschisi va asosiy aksiyadori Alisher Usmanov — 14,5 milliard dollar.





