Rubio bilan Registondagi video nega noto‘g‘ri talqin qilindi?
AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning Registon maydonida jurnalistga bergan til borasidagi savoli ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayrim xabarlarda unga savol bergan shaxs mahalliy jurnalist sifatida talqin qilingan. Biroq bu suhbat aslida «Bloomberg» agentligi vakili Erik Martin bilan bo‘lib o‘tgani ma’lum bo‘ldi.

2026 yilning 19-oktabr kuni AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Samarqanddagi Registon maydonida jurnalistlar bilan muloqot qildi. Suhbat davomida O‘zbekistonning davlat tili va rus tilining mamlakatdagi maqomi haqida qisqacha so‘z bordi. Bu jarayon tasvirlangan videoparcha internetda tarqalgach, go‘yoki Rubio mahalliy jurnalistga nega o‘zbek tilida emas, aynan rus tilida gapirayotganini aytgani haqida turli talqinlar urchib ketdi.
Biroq ertasi kuni bu voqeaga oydinlik kiritildi: aniqlanishicha, til borasidagi bu qisqa suhbat mahalliy jurnalist bilan emas, balki «Bloomberg» agentligi muxbiri Erik Martin bilan bo‘lib o‘tgan.
Registondagi suhbatda aslida nima bo‘lgan edi?
Qayd etilishicha, Rubio jurnalistdan mahalliy tilni, ya’ni o‘zbek tilini bilish-bilmasligini so‘ragan. Jurnalist esa rus tilini biroz bilishini aytgan.
Shundan so‘ng «Bu qaysi til, rus tilimi? Rus tili bu yerda allaqachon rasmiy til emas, lekin ko‘pchilik shu tilda gaplashadi, buni tushunaman», degan.
Ushbu qisqa dialogdan so‘ng Ukraina bilan bog‘liq savolga o‘tilgan. Jurnalist AQSH va Ukraina munosabatlari, xususan, «Starshield» tizimi haqida so‘ragan. Ta’kidlash joizki, bu savol ingliz tilida berilgan. Rubio bu savolga javob berar ekan, Ukrainadagi urush va uni tezroq yakunlash borasidagi o‘z fikrlarini bayon qilgan.
Nega video noto‘g‘ri talqin qilindi?
Tarqalgan videodagi asosiy muammo shundaki, qisqagina parcha umumiy kontekstdan yulib olingan. Unda faqat Rubioning til haqidagi gapi eshitiladi, ammo suhbatdosh kimligi va bu muloqot aslida qanday boshlangani tomoshabinga qorong‘i bo‘lib qolaveradi.
Rubioning so‘zlari go‘yoki O‘zbekiston media muhitiga qaratilgan tanqiddek tuyulgan.
Qozog‘istonning «Ulysmedia» nashri ham bu voqeani yoritar ekan, holatni go‘yoki mahalliy jurnalistlarning rus tilida murojaat qilgani bilan bog‘lagan. Nashrning 19-oktabrdagi xabarida Rubio Samarqanddagi matbuot anjumanida o‘z suhbatdoshidan mahalliy tilni bilish-bilmasligini so‘ragani haqida yozilgan.
Registonda Rubio bilan muloqotga kirishgan shaxs aslida «Bloomberg» agentligi muxbiri Erik Martin bo‘lgan. «Bloomberg»ning o‘z materiallarida ham Martin Davlat departamenti faoliyatini bevosita yorituvchi nufuzli jurnalistlardan biri sifatida qayd etiladi.
Marko Rubioning O‘zbekistonga tashrifi
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio 2026 yil 18-oktabr kuni Samarqandga keldi. 19-oktabr kuni u O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi, Markaziy Osiyoning besh davlati va AQSH o‘rtasidagi «S5+1» vazirlar uchrashuvida hamda Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining ikkinchi yig‘ilishida ishtirok etdi. Tashrif davomida ikki tomonlama strategik sheriklik, savdo, investitsiya, xavfsizlik va ilg‘or texnologiyalar sohasidagi hamkorlik muhokama qilindi.
O‘zbekiston Prezidentining matbuot xizmatiga ko‘ra, Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi yig‘ilishida umumiy qiymati qariyb 12 mlrd dollarlik 54 ta kelishuv va istiqbolli tashabbus shakllantirilgan. Ularning asosiy yo‘nalishlari muhim minerallarni o‘zlashtirish va qayta ishlash, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalardan iborat. Shuningdek, O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi kengaytirilgan strategik sheriklik muloqotining birinchi yig‘ilishi o‘tkazilib, koinotni tinch maqsadlarda o‘zlashtirishga qaratilgan «Artemida» bitimlari imzolandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, yil boshidan beri ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmi 35 foizga oshgan.
Tashrif yakunida Shavkat Mirziyoyev Marko Rubioni «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni, AQSH prezidentining maxsus vakili Serjio Gorni esa «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirladi. Registon maydonida jurnalistlar bilan suhbatlashgan Rubio O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishini yuqori baholadi, mamlakatni Markaziy Osiyoning «tamal toshi» deb atadi va amerikalik kompaniyalar ishtirokida yangi kelishuvlar tuzish imkoniyatlari haqida gapirdi.





