Saida Mirziyoyeva Samarqandga bordi

Бугун 12:352 дақиқа

Tashrif davomida Toyloq va Urgut tumanlarida bo‘lib, ichimlik suvi tarmoqlarini rekonstruksiya qilish jarayoni, yangi barpo etilayotgan turar joylar, ta’lim va tibbiyot muassasalari faoliyati hamda fermer xo‘jaliklaridagi ishlar bilan tanishdi.

Saida Mirziyoyeva Samarqandga bordi © Saida Mirziyoyeva Telegram kanali

O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Samarqand viloyatiga tashrifi doirasida shahraning «Geologlar» mahallasida joylashgan 1-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining bugungi holati va kelgusi faoliyati bilan tanishdi.

Hozirda 0,9 gektar maydonni egallagan ushbu ikki qavatli bino ta’mirtalab holatda ekani sabab aholi ehtiyojini to‘liq qoplay olmayapti — 360 o‘ringa mo‘ljallangan bog‘chada ayni paytda 274 nafar bolajon tarbiyalanmoqda.

Mazkur muammoni hal etish va mahalla aholisi uchun munosib sharoitlar yaratish maqsadida Saida Mirziyoyevaga yangi loyiha taqdim etildi. Unga ko‘ra, mavjud binoni to‘liq demontaj qilib, uning o‘rnida zamon talablariga mos keladigan 720 o‘rinli yangi DMTT binosini qurish rejalashtirilgan.

Ushbu yirik loyiha hududdagi bog‘cha yoshidagi bolalar qamrovini ikki barobarga oshirish va navbatda turgan bolajonlar masalasini to‘liq hal etish imkonini beradi.

«​Toyloq tumanidagi barcha mahallalar aholisi toza ichimlik suvidan bahramand bo‘la olishi uchun suv tarmoqlari qanday rekonstruksiya qilinayotgani va yangilanayotganini ko‘zdan kechirdik. Urgut tumanida ham bo‘ldik. Bu yerda yangi turar joylar, tibbiyot muassasalari, maktab va bog‘chalar qurilyapti, borlari esa yangilanib, kengaytirilmoqda», - deya yozdi Mirziyoyeva «Telegram» kanalida.

Saida Mirziyova tashrif davomda qayta qurilgan «Navoiy» oilaviy poliklinikasiga ham bordi. U yerda yangi tug‘ilgan chaqaloqqa Shavkatjon deb ism qo‘yishdi. Qolaversa, Mirziyoyeva Haydarovlar oilasida mehmon bo‘ldi.

«​Fermerlar oilasi – Haydarovlar xonadonida mehmon bo‘ldik. Ularning tajribasini, shubhasiz, keng ommalashtirsa arziydi. Prezidentimiz topshirig‘iga ko‘ra tubdan qayta qurilgan «Navoiy» oilaviy poliklinikasiga ham bordik. Bu yerdagi 16 ta qishloqning ayollariga xizmat ko‘rsatayotgan tug‘ruq bo‘limi eng zamonaviy talablarga javob beradi. Kuni kecha ushbu dargohda birinchi chaqaloq – Shavkatjon dunyoga keldi. Men buni boshlagan barcha ishlarimizning xayrli ekaniga bir ishora, deb bildim.​Ona-bolaga mustahkam sog‘lik tilaymiz. Yangi mehmonning tolei baland bo‘lsin», - deya yozdi Prezident Adminstratsiyasi rahbari.

Теглар

Мавзуга оид