Logo

Samarqandda Rossiyaga ishlashga ketuvchilar uchun test markazi ochiladi

Бугун 15:552 дақиқа

Samarqand viloyatida Rossiyada mehnat qilishni rejalashtirayotgan fuqarolar uchun rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi bo‘yicha imtihon topshirish markazi tashkil etiladi.

Samarqandda Rossiyaga ishlashga ketuvchilar uchun test markazi ochiladi

11-iyun kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev Sankt-Peterburgga amaliy tashrif doirasida shahar va Leningrad oblasti hukumati, tashqi aloqalar, mehnat va aholini bandlik bilan ta’minlash sohalariga mas’ul idoralar rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Uchrashuvlarda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va hududlararo hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar Surxondaryo viloyatidagi «Ayritom» xalqaro savdo markazining qo‘shma investitsiya va logistika loyihalarini amalga oshirishdagi imkoniyatlarini alohida qayd etdi.

Tashrifning asosiy natijalaridan biri sifatida Xalqaro mehnat migratsiyasiga ko‘maklashish assotsiatsiyasi bilan Samarqand viloyatida test markazini ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Markazda Rossiyada mehnat faoliyatini olib borish uchun zarur bo‘lgan rus tili, tarix va qonunchilik bo‘yicha sinovlar o‘tkaziladi.

Shuningdek, Sankt-Peterburgdagi «Bronka Grupp» va «Yujniy» migratsiya markazlari rahbariyati O‘zbekiston bilan tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi va kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildirdi. Muzokaralar yakunida ushbu markazlarning qabul qilish quvvatini oshirish, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash hamda vatandoshlarga axborot ko‘magini kuchaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Huquqiy yordam ko‘rsatish

Tomonlar O‘zbekiston fuqarolarining huquqlarini himoya qilish masalasiga ham alohida e’tibor qaratdi. Sankt-Peterburg va Leningrad oblasti inson huquqlari bo‘yicha vakillari hamda Xalqaro advokatlar kollegiyasi bilan huquqiy yordam ko‘rsatish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va tezkor hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirishga kelishib olindi.

Delegatsiya Leningrad oblastidagi chet el fuqarolarini vaqtincha saqlash markaziga ham tashrif buyurib, u yerdagi o‘zbekistonliklarning sharoitlari bilan tanishdi. Markaz rahbariyati bilan hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlarini tezlashtirish va fuqarolarni Vatanga qaytarish ishlarini soddalashtirish choralari kelishib olindi.

Теглар

Мавзуга оид