San’atkorlarni soliqqa tortishni nazarda tutuvchi qonun muhokamasi yakunlandi

Кеча 22:322 дақиқа

Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, so‘nggi bir yil ichida xonandalar to‘lagan soliqlar hajmi keskin kamayib ketgan.

San’atkorlarni soliqqa tortishni nazarda tutuvchi qonun muhokamasi yakunlandi

Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni soliqqa tortish va hisobini yuritish tizimini soddalashtirish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi muhokamasi yakunlandi. Ushbu hujjat so‘nggi yillarda eng katta qiziqish uyg‘otgan loyihalardan biri bo‘lib, qariyb 16 ming marta ko‘rilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, muhokama davomida fuqarolar va mutaxassislardan jami 130 ta taklif va mulohaza kelib tushgan. Adliya vazirligi ularning barchasi atroflicha o‘rganilishini va loyiha yanada takomillashtirilishini ma’lum qildi.

Tahlillar sohada jiddiy nomutanosibliklar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Masalan, 2024 yilda 2 020 nafar xonanda soliq deklaratsiyasi topshirgan va ularga jami 1,1 mlrd so‘m daromad solig‘i hisoblangan. Bu har bir xonandaga o‘rtacha yiliga 544,5 ming so‘mdan to‘g‘ri keladi.

2025 yilda esa bu ko‘rsatkich keskin kamaygan: atigi 305 nafar xonanda deklaratsiya taqdim etgan va umumiy hisoblangan soliq 154 mln so‘mni tashkil etgan. O‘rtacha soliq miqdori esa 505,6 ming so‘m atrofida bo‘lgan.

Mutaxassislar fikricha, bu holatlar sohada soliq hisobini yuritishda shaffoflik yetishmasligi va tizimning mukammal emasligini ko‘rsatadi. Shu bois yangi qaror loyihasi raqamli, yagona va aniq hisob-kitob tizimini joriy etishni nazarda tutmoqda.

Hujjat Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Madaniyat vazirligi, Raqobat qo‘mitasi hamda Soliq qo‘mitasi bilan kelishilgan holda ishlab chiqilgan. Endi u taklif va mulohazalar asosida qayta ko‘rib chiqilib, keyingi bosqichda yuqori turuvchi idoralarga taqdim etiladi.

Ushbu tashabbus amalga oshirilsa, konsert-tomosha sohasida soliq intizomi kuchayishi, daromadlar shaffofligi oshishi va budjet tushumlari ko‘payishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq yangi qonun yuzasidan san’atkorlar norozilik bildirgani haqida xabar bergan edik.

Теглар

Мавзуга оид