Logo

Sentyabrdan «Soliq» ilovasida soxta keshbeklarni aniqlaydigan «AI yordamchi» ishga tushadi

Бугун 14:253 дақиқа

Keshbek tizimidagi firibgarliklar va uni lotereya bilan almashtirish takliflari yuzasidan Vaqt.uz Soliq qo‘mitasidan izoh oldi. Qo‘mita sentabrdan «AI yordamchi» ishga tushirilishi, 1 foizlik keshbek bo‘yicha yakuniy qaror esa Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan qabul qilinishini bildirdi.

Sentyabrdan «Soliq» ilovasida soxta keshbeklarni aniqlaydigan «AI yordamchi» ishga tushadi

Soliq qo‘mitasida 30-iyul kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Axborot-kommunikatsiyalar texnologiyalari departamenti direktori Farrux Axmedjonov soliq tizimida sun’iy intellekt asosidagi yangi yechimlar joriy etilayotgani haqida ma’lum qildi.

Uning aytishicha, «AI yordamchi» keshbek va elektron hisobvaraq-fakturalar bilan bog‘liq shubhali operatsiyalarni aniqlashda fuqarolar hamda soliq organlariga yordam beradi.

«Bugungi kunda sun’iy intellekt o‘rnatilmoqda. Elektron hisobvaraq-fakturalar va tizimga tushayotgan holatlar bo‘yicha sun’iy intellekt ma’lumotlarini ishlab chiqyapmiz. Fuqaro xarid qilganda uning keshbegini tekshirish imkoniyati bo‘ladi. Tizim haqiqatan ham xavf bormi yoki yo‘qmi, sizning chekingiz bo‘yicha pul tushadimi yoki yo‘qmi, shuni tekshirish imkoniyatini beradi. Bu sun’iy intellektning ikkinchi bosqichdagi qadami», — dedi Axmedjonov.

Sun’iy intellekt qaror qabul qilmaydi

Departament direktorining ta’kidlashicha, sun’iy intellekt soliq xodimlari o‘rniga qaror qabul qilmaydi, balki xavfli operatsiyalarni tezkor aniqlashga xizmat qiladi.

«Sun’iy intellekt hech qachon inson uchun qaror qabul qilmaydi. U qonun uchun yordamchi funksiyasini qiladi. Yakuniy qarorni sun’iy intellekt emas, soliq xodimi qabul qiladi. Millionlab cheklar va ma’lumotlarni insonning o‘zi tahlil qilishi juda ko‘p vaqt oladi. Sun’iy intellekt esa vaqtni tejab, xodimlarning samaradorligini oshiradi», — dedi u.

Shuningdek, matbuot anjumanida Soliq qo‘mitasi fuqarolar bilan muloqotni soddalashtirish maqsadida «AI murojaatlar» nomli sun’iy intellektga asoslangan chatbotni ham ishga tushirishini ma’lum qildi. Mazkur chatbot soliq to‘lovchilarning murojaatlarini qabul qilish, ularga tezkor javob berish va kerakli yo‘nalishga yo‘naltirishga xizmat qiladi.

Keshbek bekor qilinadimi?

Matbuot anjumanida Vaqt.uz jurnalisti Maftuna Yaxshilikova Fiskal tahlillar instituti tomonidan ilgari surilgan 1 foizlik keshbekni lotereya tizimi bilan almashtirish taklifi bo‘yicha qo‘mita munosabatini so‘radi.

soliq


Axmedjonovning aytishicha, keshbek tizimi fuqarolarda chek talab qilish madaniyatini shakllantirishda muhim rol o‘ynagan.

«Bugungi kunda keshbek soliq tushumlarining ancha o‘sishiga olib keldi. Fuqarolarimizning o‘z huquqlarini bilish darajasi oshdi va har qanday tadbirkordan chek talab qilish madaniyatiga yetib keldik. Lotereya esa oldin ham bo‘lgan. Bu yutuqli o‘yin bo‘lgani uchun qamrovi juda kam, uni har bir soliq to‘lovchi o‘zida his qilmasligi mumkin», — dedi u.

Oldinroq Soliq qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlardagi qizg‘in muhokamalarga munosabat bildirib, keshbek tizimini bekor qilish rejalashtirilmayotganini bildirgandi.

Yakuniy qaror Iqtisodiyot va moliya vazirligida

Shu bilan birga, u keshbek tizimi bo‘yicha yakuniy qaror Soliq qo‘mitasi tomonidan emas, soliq siyosatini shakllantiruvchi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan qabul qilinishini ta’kidladi.

«Biz ijro etuvchi organmiz. Soliq siyosatini Iqtisodiyot va moliya vazirligi belgilaydi. Qanday qoida tasdiqlansa, biz uni amalga oshiramiz», — dedi Axmedjonov.

Shuningdek, 1-avgustdan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yutuqli o‘yinlar tajriba tariqasida yo‘lga qo‘yiladi. Keyinchalik aynan shu tajriba natijalari asosida keshbek va lotereya mexanizmlarining samaradorligi taqqoslanishi mumkin.

Vaqt.uz avvalroq «Keshbeklar qanday qilib firibgarlar biznesiga aylandi?» nomli tahliliy maqolada noqonuniy keshbek sxemalari qanday ishlagani, soxta elektron hisobvaraq-fakturalar va fiskal cheklar orqali davlat budjetidan mablag‘larni o‘zlashtirish usullari hamda tizimdagi muammolarni batafsil yoritgandi.

Теглар

Мавзуга оид

Sentyabrdan «Soliq» ilovasida soxta keshbeklarni aniqlaydigan «AI yordamchi» ishga tushadi | Vaqt.uz