Shavkat Mirziyoyev AQSH Eksimbanki raisi bilan uchrashdi
Uchrashuvda energetika, infratuzilma, raqamlashtirish va sun’iy intellekt sohalaridagi qo‘shma loyihalarni jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.
© prezident.uzToshkent xalqaro investitsiya forumi tadbirlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH Eksimbanki prezidenti va raisi Jon Yovanovich hamda Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Ben Blek bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi xabar berdi.
Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmonlar Mirziyoyevga AQSH Prezidenti Donald Trampning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Muzokaralar davomida mazkur institutlarning O‘zbekistonda infratuzilmani rivojlantirish, muhim minerallarni o‘zlashtirish, energetika, sun’iy intellektni joriy etish hamda raqamlashtirish kabi yuqori texnologiyali strategik loyihalarni moliyalashtirishda ishtirok etishi bilan bog‘liq masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi.
AQSH Eksimbanki bilan hamkorlik yo‘nalishida energetika tarmog‘ini modernizatsiya qilish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni jadallashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Mahalliy tadbirkorlarning ustuvor sohalardagi tashabbuslari uchun eksport kreditlarini taqdim etishni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
«DFC» korporatsiyasining sog‘liqni saqlash sohasidagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, energetika tarmog‘i va infratuzilmani modernizatsiya qilishga qaratilgan qo‘shma investitsiya platformasini ishga tushirish bo‘yicha tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi.
Toshkentda yangi xalqaro aeroportni qurish, Farg‘ona viloyatida zamonaviy tibbiyot majmuasini tashkil etish, raqamli bankni ishga tushirish, data-markazlar va quruq portlarni barpo qilish kabi yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishning amaliy bosqichiga o‘tish zarurligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida muhokama qilingan investitsiyaviy va texnologik loyihalarni ilgari surish bo‘yicha qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni qabul qilishga kelishib olindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Albaniya Respublikasi Prezidenti Bayram Begay rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazgani haqida ma’lumot bergan edik.





