Shavkat Mirziyoyev Butunjahon urbanizatsiya forumining ochilish marosimida ishtirok etdi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT homiyligida Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida o‘tayotgan Butunjahon urbanizatsiya forumining 13-sessiyasi ochilish marosimida ishtirok etdi.

Shavkat Mirziyoyev Butunjahon urbanizatsiya forumining ochilish marosimida ishtirok etdi © prezident.uz

Boku shahridagi Kongress markazida bo‘lib o‘tgan tadbirda davlat rahbarini Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev hamda BMTning Aholi punktlari bo‘yicha dasturi ijrochi direktori Anaklaudiya Rossbax kutib oldi. Marosim davomida sammit ishtirokchilari ishtirokida an’anaviy jamoaviy suratga tushish tadbiri ham o‘tkazildi.

Bu yilgi forum «Barcha uchun uy-joy: xavfsiz va barqaror shaharlar hamda hamjamiyatlar» mavzusiga bag‘ishlangan. Unda turli davlatlar va hukumatlar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar, moliyaviy institutlar va rivojlanish agentliklari vakillari ishtirok etmoqda.


Forum kun tartibi

Forum kun tartibidan shaharsozlik siyosati, aholini zamonaviy va hamyonbop uy-joy bilan ta’minlash, shahar muhitining sifatini oshirish, iqlim o‘zgarishlariga moslashuvchan infratuzilmani rivojlantirish kabi masalalar o‘rin olgan. Shuningdek, ijtimoiy va transport infratuzilmasini kengaytirish hamda uy-joyni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar muhokama qilinmoqda.

Sammit doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yetakchilar sammitida nutq so‘zlashi kutilmoqda. Unda mamlakatning barqaror shaharsozlik, yangi uy-joy qurilishi va urbanizatsiya jarayonlarini boshqarish sohasidagi yondashuvlari taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Теглар

Мавзуга оид