Shavkat Mirziyoyev Qirg‘izistonning I darajali «Manas» ordeni bilan taqdirlandi
U respublika va xorij fuqarolariga davlatchilik va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, xalqlar o‘rtasida tinchlik, do‘stlik va o‘zaro anglashuv rishtalarini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun beriladi.
© Foto: president.uzQirg‘izistonning Cho‘lponota shahridagi «Ruh Ordo» madaniyat markazida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni I darajali «Manas» ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu mukofotni prezident Sadir Japarov topshirdi. O‘zbekiston yetakchisi qardosh Qirg‘iziston prezidenti va xalqiga chuqur minnatdorlik bildirib, ushbu mukofotni ikki xalq o‘rtasidagi asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlash borasidagi birgalikdagi sa’y-harakatlar hamda O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlarini yangi tarixiy bosqich — ittifoqchilik darajasiga olib chiqishga qaratilgan intilishlarning yuksak e’tirofi sifatida qabul qilishini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, 1996-yilda ta’sis etilgan «Manas» ordeni Qirg‘izistonning oliy davlat mukofotlaridan biri hisoblanadi. U respublika va xorij fuqarolariga davlatchilik va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, xalqlar o‘rtasida tinchlik, do‘stlik va o‘zaro anglashuv rishtalarini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Qirg‘iziston savdo aylanmasini 2 mlrd dollarga yetkazmoqchiligi haqida yozgan edik.





