Shavkat Mirziyoyev Quva tumanidagi texnikumga tashrif buyurdi
Prezident texnikumda yoshlarni zamonaviy kasblar va xorijiy tillarga o‘qitish ishlari bilan tanishdi.
© Foto: president.uzShavkat Mirziyoyev Quva tumanidagi 1-sonli texnikumda yoshlarni kasbga tayyorlash va xorijiy tillarga o‘qitish ishlari bilan tanishdi. Bu haqda Prezident axborort xizmati xabar berdi.
Bugungu kunda mamlakatlarning raqobatbardoshligi nafaqat tabiiy resurslar, balki inson kapitali, bilim va zamonaviy kasb egalarining salohiyati bilan ham belgilanmoqda. Shu bois, O‘zbekistonda professional ta’lim tizimini isloh qilish, ayniqsa, hududlardagi texnikumlarni amaliy bilim, innovatsiya va tadbirkorlik markazlariga aylantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Quva tumanidagi texnikum faoliyati ham mazkur islohotlarning amaliy ifodasidir.
Texnikum binosida zamonaviy kasblarga o‘qitish va startaplarni qo‘llab-quvvatlash markazlari tashkil etilgan.
Xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda nemis va xitoy tillarini o‘qitish bilan birga logistika, qishloq xo‘jaligida dronlarni boshqarish, “aqlli” irrigatsiya, quyosh panellarini o‘rnatish va ta’mirlash kabi zamonaviy yo‘nalishlar bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.
Dual ta’lim tizimi joriy etilib, 550 nafar o‘quvchi nazariy bilimlarni bevosita amaliyot bilan bog‘lagan holda olmoqda.
Startap markazi yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyatga ega. Bu yerda robototexnika, SMM, mobilografiya, dizayn kabi talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha ham o‘quv kurslari tashkil etilgan.
Loyiha doirasida 200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Ushbu tajribani respublikadagi yana 10 ta qishloq xo‘jaligi texnikumida joriy etish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz kasb o‘rganayotgan yoshlar bilan suhbatlashdi, ularning o‘qishi va kelgusi faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.





