SI inqilobining osiyolik me’morlari: Chip va data-markazlar ortidagi milliarderlar

Global milliarderlar ro‘yxatining tezkorlik bilan yangilanishi sun’iy intellekt texnologiyalarining iqtisodiy ta’siri naqadar yuqori ekanini ko‘rsatmoqda.

SI inqilobining osiyolik me’morlari: Chip va data-markazlar ortidagi milliarderlar © Forbes

Sun’iy intellekt fond bozorlarida rekord darajadagi o‘sishni ta’minlab, ulkan boylik yaratmoqda. Natijada, joriy yilda dunyodagi 3428 nafar milliarderning umumiy boyligi 20,1 trillion dollarga yetdi.

Garchi «Google»ning bosh kompaniyasi bo‘lmish «Alphabet» va «Nvidia» kabi texnologik gigantlarning rahbarlari sun’iy intellekt inqilobining yuzi sifatida gavdalansa-da, bunday ulkan daromadlar ortida ildizi Osiyoga borib taqaluvchi ta’minot zanjiri yotibdi. Bu esa, o‘z navbatida, Xitoydan tortib Janubiy Koreyagacha bo‘lgan mintaqadagi yirik sarmoyadorlarning boyligini yanada oshirmoqda.

Yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish markazi G‘arbdan uzoqlashishda davom etayotgan bir paytda, dunyoda foydalaniladigan chiplarning 70 foizdan ortig‘i aynan Osiyoda ishlab chiqarilmoqda. Bu haqda «J.P. Morgan Asset Management» kompaniyasining noyabr oyidagi tadqiqot hisobotida qayd etilgan.

Sun’iy intellektni o‘qitishga mo‘ljallangan chiplarga bo‘lgan yuqori talab «Taiwan Semiconductor Manufacturing Co.» (TSMC) kompaniyasining 94 yoshli asoschisi Morris Changning boyligini bir yil ichida 4,1 milliard dollardan 8,4 milliard dollargacha oshirib yubordi. Shuningdek, bu holat Janubiy Koreyaning bosma platalar ishlab chiqaruvchi «ISU Petasys» kompaniyasi aksiyalari narxini ham ko‘tardi. Natijada uning bosh kompaniyasi «ISU Group»ning 65 yoshli raisi Kim Sang-Bom sun’iy intellekt to‘lqini ortidan 1,8 milliard dollar ishlab topib, milliarderlar klubining yangi a’zosiga aylandi.

Osiyo data-markazlar sohasida ham o‘z o‘rnini mustahkamlab bormoqda. «Moody's» reyting va tadqiqot kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2030 yilga borib mintaqa bo‘ylab mazkur yo‘nalishga 800 milliard dollar sarmoya kiritiladi. Bu esa global quvvatning 40 foizini tashkil etadi. Fevral oyida «Reliance Industries» kompaniyasi raisi, 99,7 milliard dollarlik boyligi bilan Osiyoning eng badavlat insoni hisoblangan Mukesh Ambani kelgusi yetti yil ichida butun Hindiston bo‘ylab sun’iy intellekt infratuzilmasini barpo etish uchun 110 milliard dollar ajratishini e’lon qildi. Xuddi shu oyda 63,8 milliard dollarlik sarmoya egasi, «Adani Group» raisi Gautam Adani ham 2035 yilgacha mamlakat bo‘ylab ma’lumotlar markazlarini qurish uchun 100 milliard dollar sarmoya kiritishini ma’lum qildi.

AQSH bilan uzoq yillik texnologik raqobat olib borayotgan Xitoyning sun’iy intellekt texnologiyalari nafaqat butun dunyoda, hatto Amerika zaminida ham keng ommalashmoqda.

Turli sun’iy intellekt modellaridan foydalanish imkonini beruvchi «OpenRouter» platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilning boshida «DeepSeek» o‘zining arzon mahsuloti bilan dunyoni lol qoldirdi. Buning ortidan Xitoyda ishlab chiqilgan ochiq kodli modellar (ya’ni, dasturchilarga o‘ziga xos maqsadlar uchun asosiy kodlarni o‘zgartirish imkonini beruvchi tizimlar) 2025 yilning ayrim haftalarida global miqyosda foydalanilgan modellarning qariyb uchdan bir qismini tashkil etdi. Vaholanki, 2024 yil oxirida bu ko‘rsatkich arzimas darajada edi. «OpenRouter» tahlillari shuni ko‘rsatadiki, mart oyiga kelib Xitoy modellaridan foydalanish AQSH ko‘rsatkichlaridan ham oshib ketdi.

San-Fransiskoda joylashgan sun’iy intellekt kodlash vositasini ishlab chiquvchi «Cursor» kompaniyasi mart oyida ijtimoiy tarmoqlarda o‘zlarining so‘nggi mahsuloti Xitoyning «Moonshot» kompaniyasiga tegishli «Kimi K2.5» modeli asosida yaratilganini tan oldi. (Darvoqe, «Cursor» hammuassisi, 26 yoshli pokistonlik Sualex Osif Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi eng yosh sun’iy intellekt milliarderi hisoblanadi).

Butun dunyoda ommalashib ketgan «OpenClaw» sun’iy intellekt xizmati ham elektron xatlar yozish va taqdimot slaydlarini tayyorlash kabi vazifalarni bajarishda «MiniMax Group» va «Zhipu» kabi Xitoy modellariga tayanadi. «MiniMax»ning 37 yoshli asoschisi Yan Junjiye va «Zhipu»ning 50 yoshli raisi Lyu Debin joriy yilda dunyo milliarderlari ro‘yxatiga kirgan yangi yuzlardir. Ularning boyligi mos ravishda 7,2 milliard va 9,1 milliard dollarni tashkil etadi.

Quyida sun’iy intellekt sohasida ulkan qadamlar tashlayotgan besh nafar osiyolik milliarder bilan tanishamiz:

1. Ma Xuateng (Xitoy)

  • Boyligi: 53,8 milliard dollar

«Tencent» kompaniyasi raisi Ma Xuateng joriy yilda o‘yinlar va ijtimoiy tarmoqlar gigantining sun’iy intellektga yo‘naltiradigan sarmoyalarini kamida ikki barobarga oshirib, 5,2 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda. U modellarni o‘qitish, iqtidorli mutaxassislarni ishga yollash va marketing targ‘ibotini jadallashtirishga urg‘u bermoqda. Shuningdek, mart oyida «OpenClaw»dan ilhomlangan holda «Tencent» kompaniyasi «WeChat» uchun maxsus sun’iy intellekt agentini ishlab chiqayotganini tasdiqladi. Ushbu agent messenjerning ichki mini-dasturlariga ulanib, uning 1,4 milliarddan ortiq foydalanuvchisi uchun xarid qilish va chiptalarni bronlash kabi vazifalarni bajara oladi.

2. Barri Lam (Tayvan)

  • Boyligi: 14,2 milliard dollar

«Quanta Computer» kompaniyasining sun’iy intellekt serverlariga bo‘lgan talab ortishi ortidan, so‘nggi 12 oy ichida uning aksiyalari narxi 40 foizga ko‘tarildi. AQSHning yirik texnologik gigantlari global ma’lumotlar markazlarini kengaytirayotgan bir paytda, «Quanta» o‘z serverlarini «Meta» va «Alphabet» kabi yirik mijozlarga yetkazib bermoqda. Ishlab chiqarish hajmini oshirish va yangi uskunalarni ijaraga olish maqsadida, aprel oyida kompaniya Kaliforniyaning Frimont shahridagi zavodiga 154 million dollar sarmoya kiritishini e’lon qildi. «Quanta» hammuassisi Si Si Lyung ham 3,3 milliard dollar boyligi bilan milliarderlar qatoridan joy olgan.

3. Yan Junjiye (Xitoy)

  • Boyligi: 7,2 milliard dollar

Sun’iy intellekt agentlarining ommalashishi ortidan, «OpenAI»ning raqobatchisi bo‘lgan Xitoyning «MiniMax Group» (SI modellarini ishlab chiquvchi kompaniya) aksiyalari yanvar oyida Gonkong birjasidagi dastlabki ommaviy taklifidan (IPO) buyon qariyb besh barobarga qimmatladi. Faqat matnli javoblarni yaratadigan chatbotlardan farqli o‘laroq, mustaqil agentlar biznes takliflarni tayyorlash kabi murakkab vazifalarni bajarishda sun’iy intellekt modellariga tez-tez murojaat qilishi kerak. Bu esa «MiniMax» kabi kompaniyalar dasturchilar va foydalanuvchilardan ko‘proq haq olishi mumkinligini anglatadi. «Jefferies» tahlilchisi Tomas Chong mart oyidagi hisobotida «MiniMax» kompaniyasi «yangilanish tezligi yuqori bo‘lgan multimodal modellari bilan ham ajralib turishini» alohida ta’kidlagan.

4. Lin Sun-Chi (Tayvan)

  • Boyligi: 5,1 milliard dollar

Sun’iy intellekt bo‘yicha keskin o‘sish 1986 yilda Lin Sun-Chi tomonidan mebel tortmalarining relslarini ishlab chiqaruvchi korxona sifatida tashkil etilgan «King Slide Works»ga yangi hayot bag‘ishlamoqda. Hozirgi kunda ushbu mahsulotlardan butun dunyodagi ma’lumotlar markazlarida server javonlariga uskunalarni o‘rnatish uchun foydalanilmoqda. Lin «King Slide»ga asos solishdan avval duradgor bo‘lib ishlagan va hozirda boshqaruv vazifalarini o‘z oilasiga topshirgan. Uning qizi Lin Shu-Chen va kuyovi Van Chun Chiang kompaniyada mos ravishda prezident va ijrochi vitse-prezident lavozimlarida faoliyat yuritadi. O‘tgan yili kompaniya AQSH bozorini ta’minlash maqsadida Xyustonda yangi zavodini ishga tushirdi.

5. Kim Sang-Bom (Janubiy Koreya)

  • Boyligi: 1,8 milliard dollar

Janubiy Koreyaning «ISU Group» kompaniyasi raisi o‘tgan yilning oxirida dunyo milliarderlari qatoriga qo‘shildi. Bunga sho‘’ba korxona bo‘lmish «ISU Petasys» tomonidan ishlab chiqariladigan sun’iy intellektga aloqador detallarga bo‘lgan talabning keskin oshishi sabab bo‘ldi. Ushbu bo‘linma ma’lumotlar markazlarida o‘ta zarur bo‘lgan, sun’iy intellekt chiplari uchun yuqori intensivlikdagi ma’lumotlarni uzatishga mo‘ljallangan ilg‘or turdagi bosma platalarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Uning Janubiy Koreyada to‘rtta va Xitoyda bitta zavodi mavjud. «ISU Group» Kimning marhum otasi Jun-Song tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, u 1967 yilda Janubiy Koreyaning birinchi mintaqaviy banki — «Daegu Bank»ga asos solgan edi. Kompaniya 2000 yilda Koreya fond birjasi ro‘yxatiga kiritilgan.

Теглар

Мавзуга оид