Sirojiddin Odilov nimada gumonlanayotgani ma’lum bo‘ldi

11.03.2026 | 14:402 дақиқа

Oldinroq VAQT.UZ «Sirojiddin Media» nomi bilan tanilgan bloger qamoqqa olinganini xabar qilgan edi.

Sirojiddin Odilov nimada gumonlanayotgani ma’lum bo‘ldi

Bloger Sirojiddin Odilov firibgarlikda gumonlanmoqda. Bu haqda Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi ma’lum qildi.

Bildirilishicha,  Samarqand viloyati Past-darg‘om tumanida yashovchi fuqaro tuman IIBga bloger Sirojiddin Odilov ustidan shikoyat qilgan.

Qayd etilishicha, past-darg‘omlik fuqaro 2024-yilning avgust oylarida boshqa shaxs bilan o‘rtalaridagi moliyaviy masalasini hal qilib berishini so‘rab, Toshkent shahrida yashovchi blogerga murojaat qilgan.

«S.A. vakolatli shaxs bo‘lmasada, jabrlanuvchidan ishini uning foydasiga hal qilib berish evaziga ma’lum miqdorda pullarni olganligi va hozirgi kunga qadar va’dasini bajarmasdan, aldab kelganligi bois, qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan», – deyiladi IIB xabarida.

Mazkur holat yuzasidan blogerga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 2-qismi va 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Media shaxslari bilan bog‘liq oldingi keyslar

Ma’lumot uchun, 2026-yil 16-yanvar kuni «Taftish.uz» saytining besh xodimi protsessual tartibda qo‘lga olingan.

Ichki ishlar vazirligi bayonotida qayd etilishicha, «Elita Media» MCHJga qarashli «Taftish.uz» tahririyati xodimlari «jinoiy guruh tuzib, tovlamachilik va firibgarlik sodir etganlik»da ayblanmoqda. Shuningdek, 27 nafar fuqaroning murojaatlari asosida 21 ta holatda Jinoyat kodeksining 168-moddasi, (firibgarlik) 165-moddasi, (tovlamachilik) 139-moddasi (tuhmat) va 244-6-moddasida (yolg‘on axborot tarqatish) nazarda tutilgan jinoyat alomatlari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

2026-yil fevral oyida esa Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan «Demokrat.uz» internet nashri rahbari Fazliddin Mehmonov hamda bloger Aziz G‘oipnazarovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ma’lumotga ko‘ra, ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi «a» bandi — tovlamachilik aybi bilan ish ochilgan. Tergov organlari ularni tadbirkordan yirik miqdorda pul talab qilishda gumon qilmoqda. IIBBning bildirishicha, 2026-yil 29-yanvar kuni Mehmonov jabrlanuvchidan 3 ming dollar olgan, 10-fevral kuni esa 17 ming dollarni olayotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan daliliy ashyolar bilan ushlangan.

Теглар

Мавзуга оид