Soliq qarzdorligi yuqori bo‘lgan ishlab chiqarish korxonalari ma’lum qilindi
2026 yil 1-fevral holatiga ko‘ra, soliq qarzi 100 million so‘mdan yuqori bo‘lgan 925 ta ishlab chiqarish korxonasining jami qarzdorligi 1 trillion 474,8 milliard so‘mni tashkil etgan.

Davlat soliq qo‘mitasi soliq qarzdorligi yuqori bo‘lgan ishlab chiqarish korxonalari haqida axborot berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, soliq qarzi 100 million so‘mdan yuqori bo‘lgan 925 ta ishlab chiqarish korxonasining jami qarzdorligi 1 trillion 474,8 milliard so‘mni tashkil etmoqda. Ushbu summaning 506,2 milliard so‘mi yoki 34,3 foizi soliq qarzi eng yuqori bo‘lgan 10 ta korxona hisobiga to‘g‘ri keladi.

Eng katta qarzdorlik «Navoiyazot» AJ hissasiga to‘g‘ri kelib, korxonaning soliq qarzi 107 mlrd so‘mdan oshgan. Keyingi o‘rinlarda «Granula Plast Sifat» MCHJ — 89,8 mlrd so‘m va «Silikon Color» MCHJ — 73,6 milliard so‘m qarzdorlik bilan qayd etilgan. Ro‘yxatdan, shuningdek, «Farg'ona negtni qayta ishlash zavodi», «Afsona-Sharob», «Metal Rolling Products», «Maximum Bussines Trade Export», «Atlas-Invest», «Innovatsiya texnologiyalari markazi» hamda «So'nmas-Plast» kabi korxonalar o‘rin olgan.
Hududlar kesimida eng yuqori soliq qarzdorligi Toshkent viloyatiga to‘g‘ri keladi — 335,7 mlrd so‘m Ikkinchi o‘rinda Farg‘ona viloyati 194,5 mlrd so‘m bilan qayd etilgan bo‘lsa, uchinchi o‘rinni Andijon viloyati 176,3 mlrd so‘m bilan egallagan.
Shuningdek, Toshkent shahridagi ishlab chiqarish korxonalarining soliq qarzi 102,1 mlrd so‘mni, Qoraqalpog‘istonda 95,1 mlrd so‘mni tashkil etgan. Buxoro, Namangan va Sirdaryo viloyatlarida ham qarzdorlik hajmi 50 mlrd so‘mdan yuqori ekani qayd etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq soliq qarzdorligi eng ko‘p qurilish kompaniyalari haqida xabar bergan edik.





