Sotuvga qo‘yiladigan 35 ta bozor, 178 trln so‘mlik soliq imtiyozlari hamda Qirg‘iziston bilan ittifoqchilik — 30-iyul dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Toshkentdagi 35 ta bozor va savdo kompleksi sotuvga qo‘yiladi
Prezident qaroriga muvofiq, Toshkentdagi 35 ta bozor, savdo kompleksi va ularning shoxobchalari ommaviy savdolarga chiqariladi. Jumladan, «Chorsu», «Yunusobod», «O‘rikzor», «Qo‘yliq», «Sergeli», «Navro‘z», «Parkent», «Yangiobod» va boshqa yirik bozorlar xususiy investorlarga taklif etiladi. Savdolarni tashkil etishda buyurtmachi sifatida «Toshkent Invest Company» AJ ishtirok etadi.
Qarorga ko‘ra, bozorlarga qarashli filiallar, avtoturargohlar va bo‘sh yer maydonlari ham elektron auksion orqali sotiladi. Har bir obyekt uchun tayyor biznes loyihasi ishlab chiqiladi, sotuvdan tushgan mablag‘ning 1 foizi hamda savdoni tashkil etish xarajatlari «Toshkent Invest Company»ga yo‘naltiriladi.
Soliq imtiyozlari 178 trln so‘mdan oshdi
2025 yilda O‘zbekistonda taqdim etilgan soliq imtiyozlari hajmi 178,2 trln so‘mni tashkil qildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 31,2 foizga ko‘p. Imtiyozlarning 119,1 trln so‘mi Soliq qo‘mitasi, 59,1 trln so‘mi esa Bojxona qo‘mitasi hissasiga to‘g‘ri kelgan. Eng katta ulush — 114,6 trln so‘m yoki 64 foiz — QQS imtiyozlariga to‘g‘ri keladi.
Foyda solig‘i bo‘yicha eng katta imtiyozlar xalqaro shartnomalar doirasida taqdim etilgan. Bunday imtiyozlar 2025 yildan boshlab alohida hisobga olina boshladi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun joriy etilgan nol stavka bo‘yicha imtiyozlar hajmi 1,7 trln so‘mni tashkil etgan.
O‘zbekiston U-17 Osiyo kubogiga mezbonlik qiladi
2027 yilgi U-17 Osiyo kubogi O‘zbekistonda o‘tkaziladi. Bu qaror Osiyo futbol konfederatsiyasi Ijroiya qo‘mitasining yig‘ilishida qabul qilindi. Shuningdek, 2029 yilgi U-17 Osiyo chempionati Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadi.
Yig‘ilishda 2028 yilgi U-23 Osiyo kubogi mezboni ham aniqlandi. Los-Anjeles Olimpiadasiga saralash vazifasini bajaradigan musobaqa Yaponiyada o‘tkaziladi. Mezbonlik uchun O‘zbekiston ham nomzodini qo‘ygan edi, ammo AFC Yaponiyani infratuzilma, xavfsizlik va turnirlarni hududlar o‘rtasida navbat bilan o‘tkazish tamoyili asosida tanladi.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston savdo hajmini 2 mlrd dollarga yetkazmoqchi
Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov Cho‘lponotada o‘tkazgan muzokaralarda o‘zaro savdo aylanmasini 2 mlrd dollarga yetkazish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi. Buning uchun import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar yetkazib berish hajmi oshiriladi, shuningdek, Toshkent va Bishkekda savdo uylari hamda vakolatxonalar ochiladi.
Tomonlar energetika, geologiya, logistika, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va to‘qimachilik sohalarida qo‘shma loyihalarni kengaytirishga kelishib oldi. Shuningdek, strategik ahamiyatga ega «Qambarota GES-1» qurilishi bo‘yicha bitimni tez fursatda imzolab, loyihani amaliy bosqichga o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston ittifoqchilik shartnomasini imzoladi
Cho‘lponota shahrida Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov muzokaralari yakunida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. Shuningdek, davlat rahbarlari huzurida 11 ta ikki tomonlama hujjat almashildi.
Imzolangan hujjatlar davlat chegarasi, «Chashma» bulog‘idan birgalikda foydalanish, ijtimoiy sug‘urta va pensiya ta’minoti, oliy ta’lim, turizm, madaniyat, agrosanoat hamkorligi hamda Issiqko‘ldagi obyektlarga oid kelishuvlarni qamrab oldi.





