Logo

Surxondaryoda o‘ta issiq kunlarda og‘ir yuk avtomobillari harakati cheklanadi

Бугун 14:152 дақиқа

Termiz shahri, tuman markazlari hamda ularni bog‘lovchi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida og‘ir yuk avtomobillarining harakati har kuni soat 10:00 dan 19:00 gacha vaqtincha cheklanadi.

Surxondaryoda o‘ta issiq kunlarda og‘ir yuk avtomobillari harakati cheklanadi © 24kg

Surxondaryo viloyatida anomal issiq ob-havo sharoiti tufayli og‘ir yuk avtomobillari harakatiga vaqtinchalik cheklov joriy etildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Gidrometeorologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, viloyatda kunduzi havo harorati +42...+44 darajagacha, ayrim hududlarda esa bundan ham yuqori ko‘rsatkichlargacha ko‘tarilmoqda. Bu sharoitda asfalt-beton qoplamasining harorati +70...+80 darajagacha qizishi mumkin.

Ta’kidlanishicha, bunday haroratda og‘ir yuk avtomobillari harakati asfalt qoplamasida g‘ildirak izlari, deformatsiya va boshqa texnik nuqsonlarni keltirib chiqarishi, natijada yo‘llarning xizmat muddatini qisqartirishi mumkin.

Shu munosabat bilan «Yo‘l harakati to‘g‘risida»gi Qonun (O‘RQ–900)ning 15 va 23-moddalari hamda «Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida»gi Qonunning 16-moddasi talablariga muvofiq, davlat budjeti hamda xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan qurilgan va ta’mirlangan avtomobil yo‘llarini muhofaza qilish maqsadida cheklovlar joriy etilgan.

Unga ko‘ra, Termiz shahri, tuman markazlari va ularni bog‘lovchi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida og‘ir yuk avtomobillari harakati har kuni soat 10:00 dan 19:00 gacha vaqtincha cheklanadi.

«Ushbu choralar asrash, harakat xavfsizligini ta’minlash hamda avtomobil yo‘llarining xizmat muddatini uzaytirishga xizmat qiladi», — deyiladi hokimlik xabarida.

Shu bilan birga, hokimlik haydovchilar, yuk tashuvchi korxona va tashkilotlardan belgilangan cheklovlarga qat’iy amal qilish hamda yuk tashish vaqtini oldindan rejalashtirishni so‘radi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondagi anomal issiq sabab bog‘chalar ma’lum muddatga yopilishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.

Теглар

Мавзуга оид