Tailand samolyotlarida poverbanklarga yangi qat’iy cheklov joriy etildi
Tailand aviatsiya regulyatori xavfsizlik sabab samolyotlarda poverbanklardan foydalanishni taqiqlab, yangi tashish qoidalarini e’lon qildi.
© 01net.comTailand Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi (CAAT) samolyot bortlarida poverbanklardan foydalanish bo‘yicha qoidalarni keskin kuchaytirdi. Yangi tartibga ko‘ra, yo‘lovchilar parvoz vaqtida telefon yoki boshqa elektron qurilmalarni poverbank orqali quvvatlay olmaydi.
Qoidalarga muvofiq, poverbanklar faqat qo‘l yukida tashilishi mumkin. Ularni ro‘yxatdan o‘tkaziladigan bagajga joylashtirish taqiqlandi. Shuningdek, qurilmaning quvvati 100 Whdan oshmasligi lozim.
Regulyator ma’lumotiga ko‘ra, har bir yo‘lovchi o‘zi bilan ko‘pi bilan ikkita batareya olib chiqishi mumkin. Bortda poverbankning o‘zini ham zaryadlashga ruxsat berilmaydi.
Xavfsizlik choralari
Yangi qoidalarga binoan, poverbanklarni yuqoridagi bagaj javonlarida saqlash mumkin emas. Ular oson yetib boriladigan joylarda, jumladan o‘rindiq ostidagi bo‘shliqda yoki o‘rindiq cho‘ntagida saqlanishi shart.
Agar qurilma quvvati 100 Whdan yuqori bo‘lsa, lekin 160 Whdan oshmasa, uni olib o‘tish uchun aviakompaniyaning alohida ruxsati talab qilinadi.
«Bangkok Post» nashrining yozishicha, mazkur qaror samolyotlarda poverbanklar qizib ketishi yoki yong‘in chiqarishi bilan bog‘liq bir qator hodisalardan keyin qabul qilingan. Aviatsiya sohasida litiy-ion batareyalar xavfsizligi so‘nggi yillarda dolzarb masalaga aylangan.
Global tendensiya
Tailandning qarori xalqaro aviatsiyada kuzatilayotgan umumiy tendensiyaning bir qismi sifatida baholanmoqda. 2026 yil aprelida Yaponiya ham samolyotlarda batareyalardan foydalanish bo‘yicha cheklovlar joriy etgan edi.
«The Japan Times» ma’lumotiga ko‘ra, qoidalarni buzganlarga dastlab ogohlantirish beriladi, keyin esa 1 million iyenagacha jarima qo‘llanishi mumkin.
Bundan avval «Emirates» aviakompaniyasi ham poverbanklardan foydalanishni taqiqlagan. Shuningdek, «Turkish Airlines», «Pegasus» va Janubiy Koreyaning «Air Busan» aviakompaniyalari yuqori bagaj javonlarida poverbank saqlashni cheklagan.





