«Texpasport»ni har 5 yilda almashtirish tartibi yuzasidan vazirlik yana bir bor izoh berdi

Бугун 13:062 дақиқа

Avvalroq «texpasport»ning amal qilish muddatiga cheklov qo‘yishni nazarda tutuvchi hukumat qarori qabul qilinganligi haqida xabar berilgan edi.

«Texpasport»ni har 5 yilda almashtirish tartibi yuzasidan vazirlik yana bir bor izoh berdi

O‘zbekistonda transport vositalari uchun «texpasport»ni har besh yilda almashtirish tartibi yuzasidan rasmiy bayonot berildi. 11-aprel kuni Ichki ishlar organlari faoliyatining joriy yil birinchi choragiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida mazkur masala yuzasidan qo‘shimcha tushuntirishlar taqdim etildi. Bu haqda VAQT.UZ jurnalisti xabar berdi.

Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati matbuot kotibi Zoir Mirzayev:

«Texpasport»ni har besh yilda almashtirish hech qanday transport vositasini qayta ro‘yxatdan o‘tkazish hisoblanmaydi. Ya’ni, unda 3 million, 4 million, har xil baland-baland summalar to‘lanadi deyilyapti, bu summalar qayta ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq vaziyatlar uchun olinadigan davlat to‘lovlari hisoblanadi. Lekin «texpasport»ni almashtirish uchun bunday to‘lovlar amalga oshirilmaydi, ya’ni bu qayta ro‘yxatdan o‘tkazish hisoblanmaydi», — deya izohladi.

Shuningdek, vazirlik vakili «texpasport»ni almashtirish jarayoni ID-karta yoki pasportni yangilashga o‘xshash tartibda amalga oshirilishini, to‘lovi esa haydovchilik guvohnomasini almashtirish narxi bilan bir xil ekanligini ta’kidladi.

Nega «texpasport»ni har besh yilda almashtirish tartibi joriy etilgani haqidagi savolga esa, bu chora transport vositalari bilan bog‘liq jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgani ma’lum qilindi.

«Biz amaliyotda ko‘rdikki, transport vositasi bor, lekin uning asosiy agregatlari — motor, dvigatel, shassi singari asosiy agregatlari — almashib ketganligi natijasida transport vositasi bilan bog‘liq turli xildagi huquqbuzarliklar sodir etilishiga olib kelinishi mumkinligi, olib kelish holatlari ham tajribada aniqlandi. Shundan kelib chiqib, uning mavjudligini inventarizatsiyadan o‘tkazish maqsadida texpasportlarga besh yillik muddat belgilab qo‘yildi. Bu degani, ko‘rik ham o‘tkaziladi har safar va texpasport almashtirib beriladi. Agar bu tartib belgilanmaganda edi, har safar yo‘l-patrul xizmati xodimlari haydovchini to‘xtatib, oldingi kapot qismini ochib, motor-dvigatellarini tekshirib, bu fuqarolarimiz uchun ham, haydovchilar uchun ham, o‘zimiz uchun ham ko‘plab sarsongarchiliklarga olib kelishi mumkin edi. Shuning uchun ham mavjudligini, demak, tekshirib ko‘rish uchun bu besh yil etib belgilandi»,

— dedi Zoir Mirzayev.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vazirlar Mahkamasining 125-sonli qarori (30.03.2026 y.) bilan «texpasport»larni har besh yilda almashtirish tartibi belgilanganligi haqida xabar bergan edik.

Теглар

Мавзуга оид