Tinchlik Kengashi: u BMTning o‘rnini bosa oladimi?

Tramp tashabbusi bilan tashkil etilgan kengashning birinchi yig‘ilishi ertaga Vashingtonda bo‘ladi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham unda qatnashadi. Yig‘ilishda ishtirokchilar tegishli majburiyatlarni bo‘yniga oladi.

Tinchlik Kengashi: u BMTning o‘rnini bosa oladimi?

Ertaga, 19-fevral kuni Vashingtondagi Tinchlik institutida yanvar oyida AQSH prezidenti Donald Trampning tashabbusi bilan tuzilgan  Tinchlik kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Unda 20 dan ortiq mamlakatdan vakillar, xususan, Pokishton bosh vaziri Shahboz Sharif, Albaniya bosh vaziri Edi Rama, Qozog‘iston prezidenti Qosim Jo‘mart To‘qayev va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etiladi. Turkiya va Isroil esa yig‘ilishda tashqi ishlar vazirlari darajasida qatnashadi.

Donald Tramp kengashning birinchi yig‘ilishi sanasini e’lon qilar ekan, Tinchlik kengashi a’zolari G‘azoni qayta tiklash uchun 5 milliard dollar ajratishga va hududda xalqaro barqarorlashtirish hamda politsiya kuchlari tarkibida xizmat qilish uchun minglab xodimlar yuborishga va’da bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu majburiyatlar 19-fevraldagi yig‘ilishda rasman e’lon qilinadi.

«Tinchlik kengashi tarixdagi eng ta’sirli xalqaro tuzilmaga aylanadi va uning raisi sifatida xizmat qilish men uchun sharaf», – deb yozdi Tramp ijtimoiy tarmoqda.

Prezident qaysi davlatlar qayta qurish uchun mablag‘ ajratayotgani yoki qaysilari barqarorlashtirish kuchlariga shaxsiy tarkib yuborishini aniqlashtirmadi. Biroq Indoneziya harbiylari ma’lum qilishicha, iyun oyi oxirigacha 8 ming nafargacha harbiy G‘azoga ehtimoliy gumanitar va tinchlikparvarlik missiyasi doirasida yuborishga tayyor bo‘ladi. Bu Tramp qabul qilgan ilk aniq majburiyat sifatida baholanmoqda.

G‘azoni qayta tiklash ulkan vazifa bo‘lib qolmoqda. BMT, Jahon banki va Yevropa Ittifoqi hisob-kitoblariga ko‘ra, hududni qayta qurish uchun kamida 70 milliard dollar talab etiladi. Ikki yildan ortiq davom etgan Isroil zarbalari oqibatida G‘azo sektorida deyarli zarar ko‘rmagan joy qolmagan.

Tinchlik kengashi nima va u qanday ishlaydi?

Tinchlik kengashi deb ataluvchi yangi xalqaro tuzilma yanvar oyida rasman ishga tushirildi. Bu 2025 yil noyabrida BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan qabul qilingan 2803-sonli rezolyutsiya ortidan amalga oshdi. Ushbu rezolyutsiya AQSH vositachiligida ishlab chiqilgan, G‘azodagi urushni tugatishga qaratilgan 20 banddan iborat asosiy yondashuvni ma’qullagan edi. Tashabbus 22-yanvar kuni hal qiluvchi bosqichga chiqdi – AQSH prezidenti Donald Tramp Davosda o‘tgan 57-Jahon iqtisodiy forumi doirasida boshqa a’zo davlatlar vakillari bilan birga Tinchlik kengashi ustavini imzoladi.

11

Kengash tarafdorlari uni Xavfsizlik Kengashi doirasidagi an’anaviy jamoaviy harakatlarga nisbatan tezkor va moslashuvchan muqobil mexanizm sifatida ko‘rmoqda. Ularning fikricha, bu tuzilma G‘azoni qayta tiklashni rejalashtirishni osonlashtiradi. Biroq tanqidchilar, jumladan AQSHning yaqin ittifoqchilari bo‘lgan Fransiya va Buyuk Britaniya, ushbu tashabbus mavjud ko‘p tomonlama tizimni chetlab o‘tishi yoki keng qo‘llab-quvvatlanadigan BMT tuzilmalaridan moliya oqimlarini boshqa tomonga burishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.

O‘z mohiyatiga ko‘ra, Kengash BMT tizimidan tashqarida tashkil etilgan, ixtiyoriy asosda birlashgan davlatlarning tanlangan koalitsiyasidir. Uning tashkil etilishi BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan ma’qullangan bo‘lsa-da, bu tasdiq faqat G‘azoda qayta tiklash ishlarini muvofiqlashtirish maqsadidagi «o‘tish davri ma’muriyati» sifatida berilgan. Bu ma’qullash Kengashning amaliy faoliyati yoki boshqaruv mexanizmlariga taalluqli emas.

BMTdan farqli o‘laroq, Tinchlik kengashi universal tashkilot emas va qaror qabul qilishda keng ko‘lamli ko‘p tomonlama konsensusga tayanmaydi. U cheklangan miqdordagi o‘zaro mos ishtirokchilar bilan tez harakat qilishga mo‘ljallangan mustaqil tuzilma sifatida shakllantirilgan.

Kengashning boshqaruv modeli ochiqdan-ochiq markazlashtirilgan. Ustavga muvofiq, raislikka asoslangan tizim joriy etilgan bo‘lib, unda Tramp rais sifatida a’zolarni taklif qilish yoki chetlatish, ovozlar teng bo‘lgan hollarda hal qiluvchi qaror chiqarish, shuningdek, barcha qarorlarni tasdiqlash yoki veto qo‘yish vakolatiga ega.

A’zolik faqat taklif asosida amalga oshiriladi. A’zolar uch yillik muddatga tayinlanadi va bu muddat jamoaviy qaror bilan emas, balki rais ixtiyoriga ko‘ra uzaytirilishi mumkin.

«Bu tuzilma BMT Ustavida belgilangan asosiy tamoyil – insonning fundamental huquqlariga teng hurmat ko‘rsatish majburiyati – atrofida ham kengroq savollarni o‘rtaga tashlaydi. Tinchlik o‘rnatish jarayonini donorlar yetakchiligidagi tanlangan koalitsiyalar atrofida shakllantirish, innovatsion bo‘lsa-da, kam resursga ega davlatlarni chetga surishi mumkin», – deydi Abu-Dabidagi Anvar Gargash Diplomatik Akademiyasi dekani, xalqaro huquq va diplomatiya professori Erik Alter.

Uning aytishicha, bu yondashuv hudud, yordam va boshqaruv ustidan nazoratni markazlashtirish orqali mustaqil tekshiruvlarga to‘siq qo‘yishi va tinchlik jarayonida adolat mandatlarini cheklashi mumkin. Masalan, Xalqaro jinoyat sudi kabi neytral institutlarning roli pasayishi xavfi mavjud. Agar asosiy e’tibor iqtisodiy tiklanish va barqarorlashtirishga qaratilib, ehtimoliy jinoyatlar yoki huquqbuzarliklar masalasi chetda qoldirilsa, bu xalqaro adolat mexanizmlariga ishonchni susaytirishi mumkin.

Moliyaviy jihatdan Kengash to‘liq ixtiyoriy badallarga tayanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, uzoq muddatli ishtirok uchun kamida 1 milliard dollar miqdorida moliyaviy majburiyat talab etiladi. Bu esa uni keng qamrovli institut emas, balki yuqori kirish talabiga ega, ixtiyoriy forum sifatida shakllantirmoqda.

«Bunday dinamika tinchlik faqat moliyaviy imkoniyati yetarli aktorlar uchungina ochiq, degan tasavvurni kuchaytirishi mumkin. Bu esa o‘z taqdirini o‘zi belgilash tamoyilini zaiflashtirish, bir tomonlama tashabbuslarni rag‘batlantirish va bahsli yer siyosatlari yoki tashqi loyihalarni ilgari surish xavfini tug‘diradi. Uzoq muddatda esa bunday modellar shakllanib qolgan ko‘p tomonlama me’yorlarni yemirishi va universal adolat tamoyillariga bo‘lgan sadoqatni susaytirishi mumkin», – deydi Erik Alter.

Hozirda Kengashning asosiy e’tibori G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga qaratilgan. Shu bilan birga, ustav unga barqarorlik yoki qonuniy boshqaruv xavf ostida, deb topilgan boshqa mojarolarga ham aralashish vakolatini beradi. Qizig‘i shundaki, Kengashning amaldagi ustavida G‘azo nomi to‘g‘ridan-to‘g‘ri tilga olinmagan.

Tinchlik kengashi BMT Xavfsizlik Kengashining o‘rnini bosyaptimi?

Tinchlik kengashi ko‘pincha BMT Xavfsizlik Kengashi bilan birga tilga olinsa-da, bu ikki tuzilma mutlaqo turlicha huquqiy asoslarga ega.

Xavfsizlik Kengashi o‘z vakolatini BMT Ustavidan oladi. Ushbu ustav — BMTga a’zo davlatlar tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnoma bo‘lib, unda Xavfsizlik Kengashiga xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash bo‘yicha asosiy mas’uliyat aniq belgilab berilgan. Bu vakolat xalqaro hamjamiyat tomonidan jamoaviy ravishda berilgan va o‘ziga o‘xshash vazifani da’vo qilayotgan alohida tuzilma tomonidan takrorlanishi mumkin emas.

Shu bilan birga, majburiy kuch masalasi ham juda muhim. BMT Ustavining 25-moddasiga muvofiq, BMTga a’zo davlatlar Xavfsizlik Kengashi qarorlarini bajarishga majbur. Tinchlik kengashida esa bunday mexanizm mavjud emas. Uning qarorlari faqat unda ishtirok etishni tanlagan davlatlarga taalluqli bo‘ladi va a’zo bo‘lmaganlar uchun hech qanday huquqiy kuchga ega emas.

Bu farq ayniqsa ijro etish masalasida yaqqol namoyon bo‘ladi. Faqat Xavfsizlik Kengashigina BMT Ustavining VII bobi doirasidagi noyob vakolatlarga ega, jumladan, sanksiyalar joriy etish va kuch ishlatishga ruxsat berish huquqi. Bu vakolatlar turli huquqiy yurisdiksiyalarda tan olinadi.

«Tinchlik va xavfsizlikda markaziy o‘rinni BMT va BMT ichida Xavfsizlik Kengashi egallaydi. Aynan shuning uchun Xavfsizlik Kengashini isloh qilish muhim. Shunisi qiziqki, BMTni samarasiz deb tanqid qilayotgan ayrim tanqidchilarning o‘zlari Xavfsizlik Kengashi islohotiga qarshi chiqayotganlardir. Aynan shu narsa ba’zan BMTning biz istagan darajada samarali emasligi sababi bo‘lyapti», – deydi BMT bosh kotibi Antoniu Gutterish.

Tinchlik kengashi esa, aksincha, siyosiy pozitsiyalarni muvofiqlashtirishi va moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni tashkil etishi mumkin, biroq butun xalqaro tizimni majburiy tarzda bog‘lab turadigan ijro mexanizmlarini yarata olmaydi.

O‘z mohiyatiga ko‘ra qaralganda, Tinchlik kengashini eng to‘g‘risi muvofiqlashtiruvchi platforma sifatida tushunish mumkin. Ya’ni, u bir xil qarashdagi davlatlarga muayyan siyosiy maqsad – dastlab G‘azo masalasi – atrofida umumiy ko‘p tomonlama jarayonlarning murakkab tartib-taomillarisiz tezkor harakat qilish imkonini beradi. Shu ma’noda, u BMT tizimi ataylab ehtiyotkorlikka asoslangan hollarda tezlik va moslashuvchanlik taklif qilishi mumkin.

«Ko‘p tomonlama hamkorlik tobora parchalanib borayotgan bir paytda, donorlarga tayangan «ixtiyoriy koalitsiya» modeli an’anaviy, konsensusga asoslangan BMT mexanizmlariga nisbatan tezkor harakat qilish imkonini beradi. Natijaga yo‘naltirilgan boshqaruv orqali ishtirokchi davlatlar G‘azoda takrorlanib kelayotgan vayronagarchilik davriyligini buzishga, falastinliklar uchun mustahkamroq o‘zini o‘zi boshqarish poydevorini yaratishga va shu bilan birga Isroil xavfsizlik tashvishlarini hisobga olishga harakat qilishi mumkin», deydi professor.

Biroq u global miqyosda huquqiy legitimlikni ta’minlay olmaydi. Tinchlikparvar missiyalarni rasman vakolatlash, hukumatlar almashishiga qaramay amal qiladigan sanksiyalar joriy etish va sulh kelishuvlarini xalqaro huquq doirasida mustahkamlash vakolati faqat Xavfsizlik Kengashiga xos. Bu nazariy farqlar emas, aynan shu sababli BMT qo‘llab-quvvatlagan qarorlar muayyan koalitsiya doirasidan tashqarida ham uzoq muddatli ahamiyat kasb etadi.

Agar Tinchlik kengashi o‘z vazifasida muvaffaqiyat qozonsa, u tezkor javob forumi sifatida ko‘p tomonlama tizimni to‘ldirishi mumkin. Ammo hozirgi holatida u shartnoma huquqi va universal a’zolikka tayangan xalqaro tizim asoslarining o‘rnini bosa olmaydi.

O‘zbekiston Tinchlik kengashida ishtirokdan qanday foyda ko‘radi?

 

22-yanvar kuni Shveysariyaning Davos shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon iqtisodiy forumi doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Tinchlik kengashi nizomini imzoladi. Mazkur hujjatning imzolanishi bilan O‘zbekiston nafaqat tashkilot a’zosiga, balki uning asoschilaridan biriga aylandi.

Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonovning Vaqt.uz'ga ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Tinchlik kengashiga hech qanday moliyaviy badal to‘lamasdan qo‘shilgan. Tinchlik kengashining qoidalariga ko‘ra, tashkilotga a’zolik dastlab uch yillik muddatni o‘z ichiga oladi. Biroq, agar biror davlat o‘z ixtiyori bilan birinchi yil davomida 1 milliard dollar miqdoridagi badalni to‘lasa, unga kengashda belgilangan muddatdan ko‘proq vaqt davomida qolish imkoniyati taqdim etiladi.

O‘zbekiston Prezidenti maslahatchisi, sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning «O‘zbekiston 24» kanaliga bergan intervyusida aytishicha, O‘zbekistonning ishtiroki davlatga bildirilgan ishonch, hurmat, izzat va mamlakatning xalqaro maydonda jiddiy ishtirokchiligini tan olish hisoblanadi.

 

«Afg‘oniston qo‘shnimizni olsak. Afg‘oniston qo‘shnimizga hujum boshlanishidan oldin, u yerda hech qanday ekstremist, terrorist tashkilotlar bo‘lmagan. Lekin urush boshlangandan keyin ko‘pincha mana shunaqa tashkilotlar, guruhlar qayerdan keldi? Yaqin Sharqdan keldi. Albatta, Yaqin Sharq muammosini hal qilish oson masala emas. XX asrda Yaqin Sharqning boshi urushdan chiqmagan. Shuning uchun bu masalani hal qilish uchun butun xalqaro hamjamiyat birlashib, nafaqat AQSH, arab davlatlari, musulmon davlatlari, balki mana shu Markaziy Osiyo davlatlari birgalikda harakat qilishi kerak. Har bitta qadamni o‘ylab qo‘yib, tinchlik o‘rnatilsa, barqarorlik o‘rnatilsa, bu juda muhim qadam bo‘ladi», – dedi prezident maslahatchisi.

 

Sobiq diplomat Alisher Taksanovning BBC’ga aytishicha, dunyodagi beqarorlik bilan bog‘liq global jarayonlar kechayotganidan foydalanib, O‘zbekiston AQSH bilan yaqinlashib olishni xohlayapti. Shu o‘rinda, ikki davlat rahbarlari orasidagi muloqot va uchrashuvlar ko‘payganini keltirib o‘tish joiz. Donald Tramp ikkinchi muddatga prezidentlikka saylanganidan beri O‘zbekiston yetakchisi bilan ikki marta telefonda gaplashdi, Nyu Yorkda, Vashingtonda va Davosda uchrashdi.

O‘zbekistonning G‘azoga ko‘magi

G‘azo sektorida urush boshlanganidan so‘ng, O‘zbekiston BMTning Yaqin Sharq agentligi (UNRWA) orqali G‘azo sektori aholisi uchun gumanitar yordam sifatida 1,5 mln dollar ajratgan.

100 dan ortiq kishi (falastinlik ayollar va bolalar) G‘azodan evakuatsiya qilinib, O‘zbekistonga keltirilgan. Ular uchun ijtimoiy yordam, uy‑maskin, tibbiyot, ta’lim va boshqa xizmatlar tizimi yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekistonga keltirilgan falastinlik oilalarga bir vaqtning o‘zida moddiy ko‘maklar berilgan, bolalari uchun davlat maktablari va bog‘chalarda o‘qish uchun to‘lovlar bekor qilingan, tibbiy ro‘yxatga olinib, oila shifokorxona xizmatlaridan foydalanish huquqi berilgan.

22

Yana bir qiziq tomoni shundaki, ayrim ommaviy axborot vositalarining yozishicha, O‘zbekiston endilikda G‘azo sektorida alohida kvartal ham barvo etmoqchi. Fevral oyi boshida Vashingtonga borgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri AQSH davlat kotibiga tegishli rejani ko‘rsatgani aytiladi.

Теглар

Алибек Бейжанов

Алибек БейжановМақолалар сони: 587

Барчаси

Мавзуга оид