Logo

To‘rt shaharda yozgi «siyesta» joriy etilishi mumkin

Кеча 20:512 дақиқа

O‘zbekistonning to‘rt turistik shahrida yozgi mavsumda «siyesta» tizimini joriy etish taklif qilindi. Turizm obyektlari ertalab va kechqurun ishlab, kunning eng issiq qismida tanaffus joriy etiladi.

To‘rt shaharda yozgi «siyesta» joriy etilishi mumkin © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

2026 yildan boshlab Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarida yozgi mavsumda turizm sohasida tajriba tariqasida «siyesta» tizimi joriy etilishi mumkin. Bu Prezident qarori loyihasida nazarda tutilgan bo‘lib, hozirda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.

Loyihaga muvofiq, turizm obyektlari ish vaqti 07:00–13:00 hamda 17:00–23:00 oralig‘iga moslashtiriladi. Kunning eng issiq qismida esa tanaffus joriy etiladi. Tashabbus yuqori harorat sharoitida turistlar va xodimlar salomatligini muhofaza qilish, shuningdek, xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan.

Hujjat mualliflari ta’kidlashicha, yangi tartib yozgi mavsumda turistlar uchun yanada qulay muhit yaratish va mamlakatning turizm salohiyatidan samaraliroq foydalanishga xizmat qiladi.

Kechki turizm rivojlanadi

Loyihada restoranlar va ko‘ngilochar maskanlar faoliyatini kechki soatlarda faollashtirish, muzey va tarixiy obidalarda esa «Tungi muzey» hamda «Kechki ekskursiya» xizmatlarini tashkil etish taklif etilgan.

Mualliflar fikricha, bu turistik oqimni kun davomida bir maromda taqsimlash, madaniy meros obyektlaridagi ortiqcha yuklamani kamaytirish va shahar infratuzilmasidan samaraliroq foydalanish imkonini beradi.

Shu bilan birga, kechki sayyohlik dasturlari shaharlarning turizm jozibadorligini oshirishi va mehmonlarning mamlakatda ko‘proq vaqt o‘tkazishiga turtki berishi mumkin.

Resurslar tejalishi kutilmoqda

Loyihada «siyesta» tizimi suv va elektr energiyasidan tejamkor foydalanishga ham xizmat qilishi qayd etilgan. Xususan, kunduzgi yuqori harorat tufayli yuzaga keladigan energiya sarfini qisqartirish va atrof-muhitga tushadigan yuklamani kamaytirish maqsad qilingan.

Mutaxassislar ushbu yondashuvni iqlim o‘zgarishi sharoitiga moslashishning amaliy mexanizmlaridan biri sifatida baholamoqda. Ularga ko‘ra, bunday tajriba turizm sohasining raqobatbardoshligini oshirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda aholi va sayyohlar salomatligini muhofaza qilishga xizmat qilishi mumkin.

Prezident qarori loyihasining jamoatchilik muhokamasi 25-iyulga qadar davom etadi.

Теглар

Мавзуга оид